2004-yildan boshlab Tarix instituti O‘zbekistonda etnologiya va antropologiya yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning sarhisobi sifatida “Akademik Karim Shoniyozov o‘qishlari” turkumida ilmiy yig‘in o‘tkazib kelmoqda. Ushbu turkumdagi yig‘inlar har ikki yilda o‘tkaziladi va o‘tgan yillar davomida yig‘inlar O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Namangan davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti va qator boshqa ilmiy tadqiqot markazlari bilan sakkiz marta tashkillashtirildi. Etnologlar anjumalari Markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasi, o‘zbek xalqi madaniyati, etnologiyasi va fanning nazariy-uslubiy asoslariga bag‘ishlangan rang-barang yo‘nalishlarda, jumladan, etnologiya fanining nazariy-metodologik muammolari, etnogenez va etnik tarix masalasi, o‘zbek xalqining an’anaviy moddiy va ma’naviy madaniyatiga oid muammolarga sifat jihatidan yangicha yondashuvlar asosida bajarilgan tadqiqotlar natijalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, anjumanlarda nafaqat o‘zbek xalqi etnologiyasiga mavzular bilangina chegaralanib qolmasdan, balki yildan yilga mintaqada yashovchi turli etnoslarga bag‘ishlangan ma’ruzalar ham eshitildi. Xullas, o‘tgan yig‘inlarda jami 200 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar eshitildi. Shuningdek, anjuman materialllari tarzida 6 ta kitob nashr etildi.
“Akademik Karim Shoniyozov o‘qishlari” turkumida etnologlar anjumanining eng so‘nggi sakkizinchi yig‘ini 2019-yil 19-dekabrda O‘zR FA Tarix instituti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorlikda tashkillashtirildi.
Ushbu anjumanda “Arxeogenetika va Markaziy Osiyo qadimgi aholisining shakllanishi (t.f.n. F.A. Maqsudov, O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi) Arxeogenetika va Markaziy Osiyo qadimgi aholisining shakllanishi “Markaziy Osiyo antropogenez jarayoni: tarixiy, ijtimoiy-madaniy va multigenetik aloqalar” (tib.f.d. T.R. Xegay, O‘zR FA Immunologiya va inson genomikasi instituti), “IV – V asrlarda Markaziy Osiyodagi etnosiyosiy jarayonlar” (t.f.d. G‘.B. Boboyorov, Tosh DO‘TAU), ”Etnologiya va lingvistika: ikki yo‘nalish hamkorligi istiqbollari” (E. Asanov Tosh DO‘TAU), “Turkiston jadidlarining tafakkurida diniy va milliy bag‘rikenglik” (prof. D.A. Alimova, O‘zR FA Tarix instituti) va “XXI asr O‘zbekiston etnologiyasi: yutuqlar, muammolar va yechimlar” (prof. A.A. Ashirov, O‘zR FA Tarix instituti) mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Shuningdek, yig‘inda qilingan ma’ruzalarda Respublikamizda taniqli olimlarning O‘zbekiston etnologiyasining yangi nazariy-uslubiy yo‘nalishlari, turli tarixiy davrlargi etnomadaniy, etnolingvistik va antropologik jarayonlar tahlili hamda fanlararo yondashuv uslublari haqida qiziqarli mulohazalar bildirildi. Chunonchi, Markaziy Osiyoning qadimgi aholisi turmush tarzi, madaniyati va an’analarini tadqiq qilishda arxeogenetika yo‘nalishida qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar hamda mintaqa aholisining genetik tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.
“Akademik Karim Shoniyozov o‘qishlari”da etnologlar bilan birga tarix, arxeologiya, genetika, falsafa, sharqshunoslik, numizmatika yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borayotgan mutaxasislarni doimiy ishtiroki yaxshi an’anaga aylangan. Bu holat esa mamlakatimizda fanlararo tadqiqotlarning integratsiyasi yo‘nalishda qilingan dastlabki jiddiy urinish bo‘lib, unda fanlararo yondashuv asosida o‘zbek xalqi madaniyati va etnologiyasi bilan bog‘liq yangi ilmiy xulosalar keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Shuningdek, yig‘inlarda malakali mutaxassislar bilan birga yosh tadqiqotchilarning ham o‘zbek xalqining etnik tarixi, etnik va milliy o‘zligini anglash, Respublikamizda yashovchi turli diasporalar madaniyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlarning natijalari taqdim etib kelmoqda.
“Akademik Karim Shoniyozov o‘qishlari” turkumida o‘tkazilgan anjumanlarda etnologiya va antropologiya yo‘nalishidagi tadqiqotlarning natijalari taqdim etilishi bilan birga sohada olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olinmoqda.