Malakaviy imtihon o‘tkazish tartibi
Malakaviy imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-yanvardagi 220/2-son qarori bilan tasdiqlangan. Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga (Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017-yil 31-maydagi 239/6-son qarori bilan o‘zgartirishlar kiritilgan) muvofiq o‘tkaziladi.
1. Falsafa doktori (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan izlanuvchilar quyidagi malakaviy imtihonlarni topshiradi:
ixtisoslik (dissertatsiya mavzusiga muvofiq).
chet tili (ingliz, fransuz yoki nemis tili).Bunda IELTS (o‘rtacha 5,5 balldan kam bo‘lmagan), TOEFL (RVT) (567 balldan kam bo‘lmagan), TOEFL (iBT) (87 balldan kam bo‘lmagan) hamda kamida V2 darajasidagi CEFR, Test DaF (Test Deutsch als Fremdsprache fur auslandische Studienbewerber), GOETNE-ZERTIFIKAT, DALF (Diplome approfondi de langue francaise) va Davlat test markazining malakaviy sertifikatga ega bo‘lgan izlanuvchilar mazkur hujjatlarning amal qilish muddati davomida chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonni topshirishdan ozod etiladi.
2. Falsafa doktori (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan xorijiy fuqarolar faqat dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon topshiradi.
3. Ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihonlar huzurida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash tuzilgan muassasa tomonidan, chet tili (ingliz, fransuz yoki nemis tili) bo‘yicha malakaviy imtihonlar esa, yetakchi ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan har 3-4 yilda (zarurat bo‘lganda qisqaroq muddatda) ishlab chiqilgan, tasdiqlangan hamda OAK tomonidan ma’qullangan dasturlar asosida topshiriladi.
4. Ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon — dissertatsiya himoyasi o‘tkaziladigan Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasada o‘tkaziladi.
Chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonlar Oliy attestatsiya komissiyasi belgilagan muassasalarda o‘tkaziladi.
5. Tarix institutida “O‘zbekiston tarixi”, “Etnografiya, etnologiya va antropologiya”, “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” ixtisosliklari bo‘yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish sessiya shaklida fevral, may, noyabr oylarida belgilangan reja asosida o‘tkaziladi.
6. Imtihon topshirishga nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasini ilova qilgan holda malakaviy imtihonlarni qabul qilishning navbatdagi sessiyasi o‘tkaziladigan oyning 1-sanasigacha yozma ravishda ish bajarilgan tashkilotning yo‘llanma xati bilan murojaat qilishi kerak. Murojaatda nomzod bilan bog‘lanishning aloqa vositalari (telefon raqami, elektron pochta manzili va hokazo) aniq va to‘liq aks ettirilishi lozim. Mazkur murojaatga asosan nomzodlar Tarix instituti tomonidan imtihon topshiruvchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
7. Imtihon topshiruvchilar malakaviy imtihonlarga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
8. Izlanuvchining bilim darajasi 100 ballik tizimda quyidagicha baholanadi:
86 balldan 100 ballgacha — a’lo;
71 balldan 86 ballgacha — yaxshi;
55 balldan 71 ballgacha — qoniqarli;
0 balldan 55 ballgacha — qoniqarsiz.
9. Malakaviy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan izlanuvchilarga o‘n kun ichida guvohnoma beriladi va u besh yil muddatda amal qiladi.
10. Imtihon topshiruvchi uzrli sababga ko‘ra imtihon(lar)ga kelmagan va uzrli sababni tasdiqlovchi hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda, Oliy attestatsiya komissiyasini xabardor qilgan holda, institut rahbarining yozma ruxsati asosida joriy sessiya davomida malakaviy imtihonlarni topshirish huquqiga ega.