Olimlar hamkorligi xalqlar birdamligini mustahkamlaydi
11.07.2021

2021-yil 27-may kuni soat 14:00 da Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Xitoy Xalq Respublikasi Gansu viloyati Ijtimoiy fanlar akademiyasi oʼrtasida oʼzbek-xitoy xalqlari doʼstona aloqalari tarixini yozish boʼyicha hamkorlik oʼrnatildi.

Bugungi oʼzbek va xitoy olimlarini ilmiy hamkorligini yangi bosqichida Tarix instituti direktori Аzamat Ziyo va Ijtimoiy fanlar akademiyasi direktori Van Fushen “Oʼzbekiston va Xitoy oʼrtasida doʼstona aloqalarning rivojlanishi tarixi” kitobini yozish loyihasi boʼyicha hamkorlik kelishuvini imzoladi. Mazkur loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, unda ikki xalqning doʼstlik tarixi oʼrganilib, birgalikda bunday katta koʼlamdagi ilmiy ish birinchi marta bajarilmoqda.

Oʼzbekiston va Xitoy siyosiy, elchilik, iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalari tarixi uzoq oʼtmishga borib taqaladi. Maʼlumotlarga koʼra, qadimgi Xitoydan miloddan oldingi 989-988-yillarda Chjou sulolasining beshinchi hukmdori Mu Tayanzi Turonga kelgan. Demak, ikki mintaqa oʼrtasidagi munosabatlar bundan kamida 3 000 yil avval boshlangan. Elchi Chjang Chyanning (mil. av. 164-114) Fargʼona (Dayyuan / Davan) va Ulugʼ Ruzielar yurtiga (Day ruzie / da yuechji guo) qilgan safari elchilik, savdo va madaniy aloqalar faollashuviga olib kelgan.

Hozirda ikki mamlakatda Oʼzbekiston-Xitoy savdo uylari ochilgan. Аslida esa bundan ming yillar oldin turonlik savdogarlar Xitoyda koʼplab savdo uylarini ochganlari maʼlum. Ilk oʼrta asrlarda Buyuk Ipak yoʼlidagi savdo-sotiq ishlarida yetakchilikni qoʼlga kiritgan turonliklar-sugʼdliklar manzilgohlari Xitoyning Lobnor koʼli janubida, Turfon va Dunxuanda ham boʼlgani aniqlangan. Xitoy bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishda sugʼdiylar katta oʼrin tutganlar. Ular butun yoʼl boʼylab turli yozuv tizimlarining yoyilishiga katta hissa qoʼshganlar.

Ikki xalq oʼrtasidagi oʼzaro bogʼliqliklar va bir-birining turmushini boyitishlar yetarli darajada boʼlganidan dalolat beradi. Аgar oʼtmish aloqalari tizimli ravishda va haqqoniy manbalarga tayangan holda oʼrganilsa, bu borada yanada katta natijalarga erishiladi. “Oʼzbekiston va Xitoy oʼrtasida doʼstona aloqalarning rivojlanishi tarixi” kitobini yaratish boʼyicha qoʼshma loyiha esa, mazkur yoʼldagi birinchi va yirik qadam boʼlib xizmat qiladi.