“Millat qatag‘oni va oqibatlari” umummilliy ilmiy yig‘ini
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan har yili oktyabrning birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgilangan. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan FA Tarix instituti Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda 2025 yil 3 oktyabrda “Millat qatag‘oni va oqibatlari” umummilliy ilmiy yig‘ini o‘tkazdi. Unda millat oydinlari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ustozlari va tinglovchilari, qiziquvchilar, gazetchi-jurnalchilar qatnashdilar.
Yig‘inning yuzochdisida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi Nig‘matulla To‘lqinovich Yo‘ldoshev o‘z nutqida qatag‘on yillarining tarixiy va ma’naviy oqibatlariga to‘xtalib, mazkur fojialar milliy xotira va kelajak avlod tarbiyasi uchun beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mustabid tuzum avvalo millatning ziyoli qatlamini, vatanparvar va erkin fikrli farzandlarini yo‘q qilishga qaratilgani, jumladan, prokuratura tizimi xodimlarining 150 tasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ulardan 30 kishi otib tashlangani qayd etildi.
Shuningdek, ma’ruzada Bosh prokuratura hamda Fanlar akademiyasi Tarix instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va orzu-armonlarini keng targ‘ib etish ishlarining milliy o‘zlikni asrab-avaylash hamda jamiyatimiz ma’naviy ustunlarini mustahkamlashdagi tengiz ahamiyatini yosh avlodga yetkazishda kutilgan samara berishi alohida ta’kidlandi.
Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo so‘nggi yillarda oktyabrning birinchi haftasida qatag‘onlarni yod etish maqsadida “Qaramlik, qatag‘on va millat” umummilliy ilmiy yig‘inini o‘tkazish an’anaga aylangani, institut olimlari tomonidan Rossiya imperiyasining bosqini va mustamlakachilik siyosati, jadidchilik milliy harakati tarixi, qatag‘on qurbonlarini aniqlash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, 1865 – 1990 yillari o‘zbek xalqiga nisbatan uyushtirilgan qirg‘inlar, millatimiz ziyolilari, diniy ulamolar, ishbilarmonlarlarning qatag‘on qilinishi hamda oqibatlari masalalariga diqqatni qaratdi.
Yig‘inda Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Muhayyo Isoqova “Rossiya imperiyasi qatag‘onchilik siyosatining ildizlari (1865 – 1917)”, institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova “Ishbilarmonlar qatag‘oni va oqibatlari”, institut direktori o‘rinbosari, Harbiy tarixni o‘rganish markaz boshlig‘i, tarix fanlari doktori Feruz Boboev “Er egalari, chorvadorlar qatag‘oni va oqibatlari”, institut bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov “Sovet hokimiyatining diniy siyosati, dindorlar qatag‘oni va oqibatlari, institut kichik ilmiy xodimlari Asadulla Hasanov “Milliy siyosiy uyushmalar qatag‘oni va oqibatlari”, Daler Mirzaev “Milliy matbuot qatag‘oni va oqibatlari” bo‘yicha butunlay yangi ilmiy natijalarni taqdim etdilar.
Tadbirda qatag‘on qurbonlarining avlodlari ham qatnashib, bobo-momolari haqida qimmatli ma’lumotlar va xotiralarni taqdim qildilar. So‘ng olimlarning chiqishlar bo‘yicha yig‘ilganlarning fikrlari tinglandi va bu kabi umummilliy yig‘inlarning muntazam o‘tkazilishi zaruratga aylanishiga alohida urg‘u berildli.