⚠️|
“Turonda otchilik tarixi” umummilliy ilmiy yig‘ini

“Turonda otchilik tarixi” umummilliy ilmiy yig‘ini

Turonda otchilik tarixi mavzusida FA Tarix instituti tashabbusi bilan O‘zbekiston Polo Federatsiyasi hamkorligida uyushtirilgan umummilliy ilmiy yig‘in o‘ziga xos ahmiyatga ega. Chunki, o‘zbek milliy  tarixchiligida ot o‘ziga xos ahamiyatga ega. Milliy davlatchilik va harb ishi evrilishida otlarning ilk qo‘lga o‘rgatilishi, uning xo‘jalik, ulov va janglardagi ishtiroki, jihozash unsurlarini o‘rganishda yozma manbalar hamda  arxeologiya topilmalariga suyaniladi. Shu sababli, mazkur yo‘nalishda mavjud muammolarni aniqlash va yurtimizda otchilik sohasini rivojlanishi uchun kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olish  kunimizning dolzarb masalasdir. Aynan shu maqsadda, Tarix instituti tarkibida tashkil etilgan “Harbiy tarixni o‘rganish” markazi tashabbusi bilan joriy ilmiy yig‘in yangicha ko‘rinishda umummilliy yo‘sinda o‘tkazilmoqda.

Yig‘inning yuzochdi qismida Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Turon otchilik tarixini tiklash zarurati, masalani tadqiq etishning dolzarbligi, bu borada mutaxassislar tayyorlash muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘inning qutlov qismida O‘zbekiston Polo Federatsiyasi raisi ot bilan bog‘liq sport musobaqalaridagi so‘nggi yutuqlar va bu halqimizning tarixiy an’analari bilan bevosita bog‘liqligiga to‘xtalib, joriy yig‘inning o‘tkazilishi ayni muddao ekanini ta’kidladi.

Yig‘inning asosiy qismida FA Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Surat Kubaev, Turonda ilk bor otning honakilashtirilishi  bo‘yicha o‘z ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Guliston davlat pedagogika instituti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Bahodir To‘ychiboev Turonda yilqichilik tarixini qoyatosh suratlari misolida ilmiy-tahliliy jihatdan yoritib berdi.

      Termiz davlat universiteti tayanch doktoranti Ulug‘bek Shaydullaev “Turonda bronza davri otchiligiga oid dalillar: Oks sivilizasiyasi yodgorliklari asosida” nomli mavzuda qiziqarli ma’ruzasini taqdim qildi.

         FA Milliy arxeologiya markazi bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor G‘aybulla Boboyorov “Ot Choch chizma san’atida (eng qadimdan 7-yuzyillikkacha)” mavzusidagi yangi tarixiy ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

         FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Ahror Azizov Chavgon milliy o‘yini tarixi, uni yoritishdagi mavjud muammoli masalalar xususida yozma manbalar va elshunoslik dala tadqiqotlari natijalari doirasida ilmiy mulohazalarini bildirib o‘tdi.

         FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, dotsent Sherali Qo‘ldashev Qadimgi Farg‘ona otlarining Xitoy borib qolishiga oid tadqiqotlarini yangi ma’lumotlar doirasida taqdim qildi.

         FA Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi Otabek Po‘latov otchilik tarixiga oid maxsus yozma manbalar tahliliga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

O‘rta yuzyilliklar, ya’ni ashtarxoniylar boshqaruvi chog‘ida otchilik masalasini FA Tarix instituti markaz boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Jumaniyoz Sangirov mazkur davrda bitilgan birlamchi tarixiy manbalardagi ma’lumotlar tahlili asosida yoritib berdi.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mashhuraxon Darmonova Turon xalqlarida otchilik va nomoddiy madaniy meros mavzusida dolzarb va ochiq qolgan masalalarni olib chiqdi.

FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nizomiddin Gulboev harb san’atida otdan foydalanish tartiblari haqida yozma va moddiy madaniyat namunalari misolida tizimli ma’ruzasini taqdim etdi.

Eng qiziqarli va so‘nggi ma’ruza “Baytarnoma” asaridagi ot parvarishi va davolanishiga oid  muhim hamda yangi ma’lumotlar bilan FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Ulug‘bek Olimov tomonidan havola qilindi.

Yig‘inning asosiy qismi yakunida o‘zaro savol-javoblar, muhokama jarayoni qizg‘in tusda kechdi. Taniqli olim va mutaxassislarning tegishli tavsiyalari tinglandi.

“Turonda otchilik tarixi” umummilliy ilmiy yig‘inida olib chiqilgan yuqoridagi masalalar milliy otchilik tarixini o‘rganishdagi mavjud muammo va bo‘shliqlar hamda bu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ilmiy hamkorlik va tashkiliy ishlar zaruratini ko‘rsatib bergani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu yig‘inni davomli an’anaga aylantirish taklifi ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi

Boshqa yig'inlar