“Pokiston – O‘zbekiston: Umumiy madaniy tarix” ellararo ilmiy yig‘ini
Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, ilmiy kotib Odil Zaripov, kichik ilmiy xodim Botir Yo‘ldoshev Pokiston Musulmonlar instituti va O‘zbekiston Respublikasining Islomoboddagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan “Pokiston – O‘zbekiston: Umumiy madaniy tarix” ellararo ilmiy yig‘inida qatnashdilar.
22 sentyabr kuni Islomobodda boshlangan yig‘inning yuzochdi marosimida MUSLIM instituti rektori Sohibzoda Sulton Ahmad Ali, O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtaev, Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar prezidenti, general Sayyid Xolid Amir Jafariy, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, MUSLIM instituti ta’sischisi Sohibzoda Sulton Muhammad Ali so‘zga chiqib O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarining tarixiy ildizlari, bugungi rivojlanish sur’atlari va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr bildirdilar.
Yig‘inning ilmiy ma’ruzalar qismida pokistonlik va o‘zbekistonlik olimlar, jumladan, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, institut ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev va institut ilmiy kotibi Odil Zaripov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga oid mavzularda fikr yuritdilar.
Shu kuni FA Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo MUSLIM institutida uning raisi Sohibzoda Sulton Ahmad Ali bilan uchrashib, yangi tarixiy manbalarni izlab topish va tadqiqotlar o‘tqazish, yosh tarixchi olimlarni yetishtirishda hamkorlik qilish, birgalikda ilmiy yig‘inlar uyushtirish, O‘zbekiston – Pokiston tarixchilari uyushmasini tuzish masalalarini ko‘tardi. Yakunda Tarix instituti va MUSLIM instituti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi hamda uni amalga oshirish yuzasidan ishchi guruhi tuzish va yo‘l xaritasini ishlab chiqishga qaror qilindi.
“Pokiston – O‘zbekiston: Umumiy madaniy tarix” ellararo ilmiy yig‘inining davomi 23 sentyabr kuni Lohurdagi Idorayi nazariya (Mafkura idorasi) jamiyati binosida bo‘lib o‘tdi. Unda akademik Azamat Ziyo “Pokiston jamg‘armalarida Turonga oid yozma manbalar”, Botir Yo‘ldoshev “Boburnomada Lohur” mavzularida ma’ruza qildilar.
Pokistondagi turli jamg‘armalarda boburiylar, umuman o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid yozma manbalar yetarli darajada bor. Islomoboddagi Fors tadqiqotlari Eron-Pokiston institutining Ganji Baxsh kutubxonasida 27 000 ga yaqin fors, arab, turkiy, urdu, pushtu va boshqa tillardagi qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Akademik Azamat Ziyoning ushbu muassasa rahbariyati bilan uchrashuvida kutubxona imkonlaridan foydalanish, o‘zbekistonlik tarixchilarning bu yerda ishlashlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishib olindi.
Janubiy Osiyodagi eng yirik arxiv sanalmish Panjob arxivi bilan aloqa o‘rnatildi. Unda 16 – 17-yuzyilliklar, ya’ni boburiylar davriga tegishli devon hujjatlari va 19-yuzyillik Turkiston xonliklari bilan savdo aloqalariga oid hujjatlar borligini alohida ta’kidlash lozim. Panjob arxivi direktori Saida Shami Asqar Ali Tarix instituti xodimlarining ushbu muassasadagi qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlaridan foydalanishlari uchun sharoit yaratib berishini bildirdi.
Ilmiy safar chog‘ida Pokistonlagi tarixiy yodgorliklar va diqqatga sazovar yerlar bilan ham tanishish imkoni tug‘ildi. Chunonchi institut vakillari “Pakistan Monument Museum” (Pokiston yodgolik muzeyi), Kashmir tog‘ tizmasiga qarashli Murri tog‘i, buyuk boburiylardan qolgan tengsi va ulkan meros namunalari - Kallar Kahar tumanida joylashgan, Zahiriddin Muhammad Bobur toshdan o‘ydirib yasatgan “Bobur taxti”, Lohur qal’asi, jumladan, devonlar binosi, Shisha Mahal, hammom, favvoralar, Avrangzeb darvozasi, Podshohiy jome masjidi, shuningdek Shohi hammomi, Vazirxon masjidi, Jahongir va Nurjahon maqbaralari, Shalimar bog‘i bilan tanishildi.
O‘zbekistonlik tarixchilarning Pokistonga bir haftalik ilmiy safari unumli bo‘ldi, deyish mumkin. Negaki shu tariqa yurtimiz tarixiga oid yozma va moddiy manbalarni aniqlash hamda buyuk boburiylar merosining tengsiz namunalarini shaxsan ko‘rish imkoni tug‘ildi. Safarda erishilgan muhim natijalardan biri esa, akademik Azamat Ziyoning taklifi bilan boburiylarga nisbatan shu paytgacha qo‘llab kelingan “mo‘g‘ul” atamasi o‘rniga buyuk temuriylar, buyuk boburiylar singari haqqoniy ifodalardan foydalanish zarurligi bo‘yicha umumiy to‘xtamga kelindi.