⚠️|
“Turon harbiy arxeologiyasi muammolari”  birinchi ellararo ilmiy yig‘ini

“Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” birinchi ellararo ilmiy yig‘ini

O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida alohida ahamiyat kasb etgan harbiy san’at tarixini chuqur o‘rganish maqsadida 2024-yil may oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tegishli qarorlari bilan Tarix institutida “Harbiy tarixni o‘rganish” markazi tashkil etilgan edi. Har qanday tarix, jumladan, harbiy tarixning ham eng ildizlarini bilish, birinchi galda, arxeologiya izlanishlaridan boshlanadi. Biroq milliy tarixchiligimizda harbiy arxeologiya rosmana yo‘lga qo‘yilmasdan kelinayotgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolgandi. “Harbiy tarixni o‘rganish” markazining tashkil etilishi  esa ushbu o‘ta kerak tarmoqni rivojlantirish imkonini tug‘diradi. Bugun FA Tarix institutida uyushtirilgan “Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” birinchi ellararo ilmiy yig‘ini bu borada qo‘yilayotgan ilk qadamdir. Ushbu tadbirda o‘zbek olimlari bilan bir qatorda Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, AQSh, Rossiyadan ham yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo yig‘inni ochib berar ekan, bugungi kunda harbiy tarixni O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, Turkiy dunyo miqyosida o‘rganishning ahamiyati nechog‘lik dolzarbligi va ilmiy muammolari, ayniqsa, bu borada mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, ellararo ilmiy yig‘in qatnashchilari so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan ilmiy natijalarini taqdim etdilar.
Yig‘ining birinchi bosqichida FA Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Abdulhamid Anorboev Axsikatning mudofaa inshootlari va Farg‘onaning harbiy san’ati tarixi bo‘yicha o‘z ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Samarqand Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Jamol Mirzaahmedov Poykentdan topilgan, miloddan oldingi 2 – milodiy 1-yuzilliklarga oid yangi xanjarlar tarixi va tavsifi xususida ma’ruza qildi.
Qozog‘iston Sariarqa Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Emma Usmonova va  AQShning Arizo‘na universiteti dosenti Irina Panyushkina Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi 1391-yilgi “Qipchoq yurishi”ni arxeologiya nuqtai nazaridan yoritib berdilar.
Rossiya Ermitaj muzeyi yetakchi ilmiy xodimi Andrey O‘melchenko‘ Poykent ashyolari asosida harbiy zirhlar to‘plami haqida o‘z ilmiy mulohaza va xulosalarini bildirdi.
Samarqand Arxeologiya instituti doktoranti Shahzod Ochilov Ilono‘tdi darasidan topilgan nayzaning jez uchi misolida milliy harb ishi tarixida yangicha qarashlarni taklif qildi.
AQShning Xo‘fstr universiteti professori Aleksandr Neymark va Samarqand Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Anvar Otaxo‘jaev Sariqultepa yodgorligidan topilgan, qadimgi davrga oid yoy uchlari va tanglar haqida o‘z tahliliy natijalarini taqdim etdilar.
Ozarbayjon Arxeologiya va antropologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Dmitriy Kirichenko‘ Shabrandadan topilgan jez xanjar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Qozog‘iston Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Qaliolla Ahmetjon qozoq tug‘larining uchlari haqida ilmiy tavsifiy ma’ruzasi bilan o‘rtoqlashdi.
Yig‘inning ikkinchi bosqichini Tojikiston Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Galina Karimova va Tojikiston Tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish agentligi katta ilmiy xodimi Sharof Qurbonov ilk o‘rta chog‘larda Yuqori Zarafshon mudofaa inshootlari tasniflab berdilar.
Turkmaniston Tarix va arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Qaqajon Bayramov turkmanlar orasida to‘ro qoidasiga ko‘ra “Alp yo‘li” tushunchasi haqida yangicha yondashuvlarini asoslab berdi.
Rossiya Samara milliy tadqiqot universiteti yetakchi ilmiy xodimlari Sergey Zubov va Olesa Zubova ham Amir Temurning 1391-yilgi Dashti qipchoq harbiy yurishiga to‘xtalib, bosh e’tiborni harbiy istehkomlarning tashkil etilishi va ahamiyati bilan bog‘liq ilmiy mulohazalarga qaratdilar.
Qirg‘iziston O‘sh davlat universiteti dosenti Chinnixon Sotiboldieva Buyuk Qirg‘iz xoqonligi davri qilichlari tavsifi va talqini bo‘yicha qimmatli fikrlarini taqdim qildi. 
Shuningdek, Buxoro davlat me’moriy-badiiy muzeyi qo‘riqxonasi tadqiqotchisi Dilmurod Xolov, Samarqand Davlat arxitektura va qurilish universiteti professori Dilshoda Sultonova, FA Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Eldor Asanov, Farg‘ona davlat universiteti magistranti Alisherbek Mamajonov, Nukus davlat pedagogika instituti dosenti Baxt Turganov ham mazmunli chiqishlar qildilar.
“Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” birinchi ellararo ilmiy yig‘inida muhokama qilingan masalalar, o‘rtaga tashlangan yangi g‘oyalar milliy va ellararo darajada harb ishi tarixini o‘rganish, o‘zbek harbiy arxeologiyasini rivojlantirishda muhim ilmiy voqea bo‘ldi, deyish mumkin. Qatnashchilar ushbu yig‘inni har yili o‘tkazish kerakligini bir ovozdan urug‘ladilar.

Boshqa yig'inlar