Аkademik Yahyo G‘ulomov nomidagi O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi ilmiy seminari

   Seminar 1998-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon bilan tashkil etilgan.

   Seminarning maqsadi butun ilmiy jamoatchilikni qadimshunoslik, tangashunoslik, elshunoslik, manbashunoslik, sharqshunoslik, tarixshunoslik sohalarining so‘nggi yutuqlari bilan tanishtirish, tarix sohasida keng targ‘ibot ishlarini olib borish, mamlakatning barcha mintaqalaridagi tarixchilarni ilmiy jihatdan birlashtirishga xizmat qilishdan iboratdir.
   O‘tgan yillar ichida Fanlar akademiyasi Tarix instituti tashabbusi bilan 77 ta yigʼin o‘tkazildi. Respublikamizning deyarli barcha viloyat markazlarida o‘tkazilgan ushbu ilmiy seminarda “O‘zbek davlatchiligi tarixi”ning turli bosqichlariga oid, eng yangi maʼlumotlar keng ommaga eʼlon qilindi. Masalan, oxirgi besh yillikda ilmiy seminarda Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, Urganch davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Аrxeologiya milliy markazi, Qo‘qon davlat pedagogika institutlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ilmiy seminarlarda maxsus ilmiy seminarning natijasi sifatida ilmiy kitoblar nashr qilindi. 
   Seminar yig‘ilishida o‘zbek xalqi etnogenezi, uning madaniyati, sanʼati va diplomatiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, hamda din masalalari muhokama qilinadi. Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining g‘oyaviy asoslari, millatlararo totuvlik va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishlar ham bo‘lib o‘tdi. O‘tgan davr davomida muayyan uchrashuvlar viloyatlar tarixi, xususan, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, Samarqand va Zarafshon vohasining o‘rni, Xorazm tarixi, Fargʼona vodiysiga bag‘ishlandi.
   Barcha uchrashuvlar Oliy va oʼrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari, Xorazm Maʼmun Аkademiyasi va mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi (1-ilovada o‘tkazilgan tadbirlar ro‘yxati keltirilgan).
Yahyo G‘ulomov nomidagi seminar bugungi kunda ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning tashkilotchilari eng yaxshi ishlar va maʼruzalar natijalari asosida maqolalar to‘plamlarini chop etishmoqda. Seminar shu qadar ommalashdiki, uning “Samarqand o‘qishlari”, “Xorazm o‘qishlari”, “Qo‘qon o‘qishlari” kabi mintaqaviy sho‘balari tashkil etildi.
   1998-yildan seminar faoliyatiga tarix fanlari doktori, professor Dilorom Аlimova boshchilik qilib kelmoqda.