2022-yilning 18-noyabr kuni "Oʻzbek davlati ramzlari" umummilliy ilmiy yigʻini Renessans telekanalida telemafon tarzida oʻtkazildi. Ilmiy yigʻin milliy davlatchilik ramzlari turli davrlardagi koʻrinishlari, ularning falsafiy mazmuni, etimologik jihatlari, tariximizdagi ahamiyati toʻgʻrisidagi qiziqarli ma'lumotlar keng jamoatchilikka yetkazildi. Milliy davlatchilikning eng qadimgi ramzlari shakllari hususida boshlangan bahs zamonaviy davrgacha shakllangan gerb, bayroq va madhiya toʻgʻrisidagi ilmiy yangiliklarni oʻrtaga tashladi. Ayniqsa, turli sulolalar davrida shakllangan davlat bayroqlari ranglari, shakllari, ularda aks etgan suratlar tarixiy manbalardan dalillarga asoslanib birinchi marta tomoshabinlarga havola etildi.
Shuningdek, yigʻinda milliy davlatchilikda muhim ahamiyat kasb etgan muhrlar, ularga qoʻyilgan talablar, muhr shakllari, foydalanish tartiblari ochiqlandi. Muhrlarning turli tarixiy davrlardagi oʻzgarishlari hamda ularning mohiyati togʻrisida mulohazalar bildirildi. Shu bilan birgalikda mustaqillik qoʻlga kiritilgach, qabul qilingan milliy ramzlarning oʻziga xosligi, shakl va ranglarning mohiyati, mazmuni hususida fikrlar oʻrtoqlashildi.
Ushbu telemarafondan soʻng ham kun davomida davlat ramzlariga bagʻishlangan intervyular efirga uzatildi. Natijada, milliy tugʻimiz, bayrogʻimiz, madhiyamiz va boshqa davlat ramzlari haqida dolzarb ma'lumotlar efir yuzini koʻrdi. E'tiborlisi, Renessans telekanali orqali tashkillashtirilayotgan bunday tadbirlar yil davomida rejalashtirib borilmoqda va telekanalni kuzatish asnosida milliy davlatchiligimizga bagʻishlangan keyingi telemarafonlar toʻgʻrisida ma'lumotga ega boʻlishingiz mumkin.