2022-yil 28-iyul kuni Tarix institutida turkiyalik tarixchi olim, Saljuq universiteti professori Mustafa Demirjining "Sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishi va yangi Renessans orqali yuzaga keladigan imkoniyatlar" mavzusidagi maʼruzasi bo‘lib o‘tdi. Maʼruzada institut xodimlari, yosh olimlari va respublikaning turli ilmiy hamda taʼlim muassasalari xodimlari ishtirok etdilar.
Maʼruza davomida sivilizatsiya va madaniyatlarning paydo bo‘lish shartlari va omillariga doir Sharq allomalari Abu Nasr Farobiy, Ibn Haldun, Qozi Said Andalusiy hamda yevropalik olimlar Osvald Shpengler, Nikolay Danilevskiy, Arnold Toynbe, Fernan Brodellarning qarashlari va yondashuvlari to‘g‘risida tahliliy maʼlumotlar taqdim etildi. Mustafa Demirji sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishi bosqichi, yuksalishi va qo‘lashi bilan bog‘liq o‘z fikrlarini taqdim etar ekan, tarixning turli davrlarida yaratilgan madaniyatlarga xos bo‘lgan belgilar tiplar va madaniyatlarning paydo bo‘lishini belgilaydigan - jamiyat, din, geografiya va iqtisod kabi omillarning alohida ahamiyatga ega ekanligi taʼkidladi.
Oflayn va oflayn shaklda bo‘lib o‘tgan maʼruzada Tarix instituti va boshqa ilmiy muassasalardan 100 ga yaqin olimlar ishtirok etdi. Maʼruza davomida tarix fanlari doktori, professor Rustam Sulaymonov, tarix fanlari nomzodi Xusniddin Mamadalayev, tarix fanlari doktori Baxtiyor Karimov, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining Toshkent vakolatxonasi rahbari Jamoliddin Tuneylar o‘z fikr-mulohalari bilan o‘rtoqlashdilar.