2022-yilning 15 - 25-iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Turkiy dunyo yosh olimlarining yozgi oʻqishlari”ining 17-iyun kungi dasturiga ko‘ra Najmiddin Erbaqon davlat universitetida Tarix instituti yosh olimlari ilmiy chiqishlar qildilar. Institut yosh olimlari olib borilayotgan tadqiqotlar va qo‘lga kiritilgan so‘nggi yangiliklar bo‘yicha Najmiddin Erbaqon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalariga ma’lumot berib o‘tishdi.
Dastlabki chiqish tayanch doktorant Jumaniyoz Sangirov tomonidan “Ashtarxoniylar va Usmonlilar elchilik aloqalari tarixidan” mavzusida amalga oshirildi. Unda o‘zbek davlatchiligi tarixida bir yarim asrlik tarixga ega Ashtarxoniylar sulolasi davrida Usmonlilar bilan elchilik aloqalari har qachongidanda yaxshi darajada bo‘lganligi Mustafo Chovush elchiligiga misolida ochib berildi.
Keyingi chiqishni tayanch doktorant Ubaydulla Ismoilov “X-XII yuzyillik O'rta Ohangaron vodiysi shaharlari tarixining yozma va moddiy manbalarda aks etishi” mavzusidagi ma'ruzasi va taqdimoti bilan davom ettirdi. Ma'ruzada O‘rta Ohangaron vodiysidagi shaharlarning joylashuv o‘rni va bu masala yuzasidan bugungi kun olimlari o‘rtasidagi qarama qarshiliklar haqida so‘zlandi. Shuningdek, O‘rta Ohangaron hududida so‘nggi vaqtlarda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar davomida muallif tomonidan topilgan buyumlar tahlili va yozma manbalar asosida bir qancha shaharlarning tarixiy o‘rni masalasiga aniqliklar kiritildi.
Uchinchi ma’ruza Xalqaro Islom akademiyasi magistri Islomjon Bo‘riyev tomonidan amalga oshirildi. Ma'ruzada Abu Rayhon Beruniyning asarlarida turkiy xalqlar: o‘g‘uzlar, Kubo, qay va qun (xun), qirg‘iz, kumak, to‘qqiz-o‘g‘uzlar, Sharqiy turklar, bajanoqlar, ularning yashagan joylari, urf-odatlari, marosimlari, e'tiqodlari, ular qo‘llagan taqvimlar haqidagi ma‘lumotlar tahlil qilindi. Shuningdek, Turonning afsonaviy podshohlari, turkiy sulolalar: Somoniy, G‘aznaviy, Qoraxoniy hukmdorlar, ularning amalga oshirgan ishlari, shuningdek, ularga Arab xalifalari tomonidan berilgan unvonlar haqida ham muhim ma‘lumotlar keltirildi.
Keyingi ma‘ruza Tarix instituti katta ilmiy xodimi Jamshid Adilov tomonidan “Turoning qadimgi tarixiga oid yunon-rim manbalarini tadqiq etilishi” mavzusida bo‘ldi. Unda ma’ruzachi Turon tarixiga oid mavjud yunon-rim manbalari va ularning o‘rganilishiga oid muammolarga to‘xtaldi. Ma’ruza davomida ularning o’ziga xos xususiyatlari va Turon qadim tarixni o‘rganishdagi ahamiyati ochib berildi.
Tayanch doktorant Odil Zaripovning “Buxoroda "Masnaviyxonlik"ka oid bir vaqf hujjati tarixi” ma'ruzasida XX asr boshlarida buxorolik ayolning Mavlono Jaloliddin Rumiyning "Masnaviyi ma'naviy" asari o‘qishlarini tashkil qilish uchun o‘z mulkini vaqfga ajratganligi to‘g‘risidagi hujjat tahlil etildi.
Assadulla Xasanovning "Sadoyi Farg‘ona" gazetasi - Turkiya tarixini yorituvchi manba sifatida” ma’ruzasida farg‘onalik jadidlar faoliyatini mahsuli bo'lmish "Sadoyi Farg‘ona" (1914-1915) gazetasidan olingan Turkiya tarixi bilan bog‘liq ma'lumotlarga asosiy e'tibor qaratildi. Ma'ruzada avval gazetaning vujudga kelishi, muharriri, obuna narxi, tuzilish shakli, ruknlari haqida qisqacha tushuntirishlar berildi. Shundan keyin bevosita Turkiya tarixiga oid ma'lumotlar taqdim etildi. Xususan, gazetada Turkiya tarixi bilan bog'liq ilk xabar uning 24-sonida uchraganligi ko‘rsatib o‘tildi. Unda "Tarjimon" va "Quyosh" gazetalaridan olingan Turkiya tarixiga oid 2 ta xabar izohlandi. Gazetaning 48, 49, 50, 51 va 52-sonlari misolida Turkiyaning Birinchi jahon urushi tarixi bilan bog‘liq ma'lumotlar sharhlandi. Xulosa qismida bu gazetada keltirilgan ma'lumotlar ishonchli ekanligi nazariy dalillar bilan asoslandi.
Tayanch doktorant Sarvar Qo‘ldoshevning “Devonu lug‘atit turk” turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim manba” mavzusidagi “Devonu lug‘atit turk” asarining topilishi va tarjima qilinishi, asarning turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim manba ekanligini haqida ayrim mulohazalar qilindi.
Tayanch doktorant A'zamjon Mamadjanovning “Muhammad Vafo Karmanagiyning “Xon tuhfasi” asari tarixiy manba sifatida mavzusidagi chiqishida Muhammad Vafo Karmanagiy hayoti va ijodi “Xon tuhfasi” asarining nusxalari, o‘rganilishi va tarjima qilinishi Asardagi davlat boshqaruviga oid masalalar asardagi etnik masalalar: asarda kеltirilgan urug‘larning nomi hamda ularning joylashgan o’rni haqida ma’lumot berildi.
Ushbu chiqishlarni Najmiddin Erbaqon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari katta qiziqish bilan tinglashdi. Ma’ruzalarfa oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ishtirok etdilar.