2022-yil 16-iyun kuni Tarix institutining vakillari Turkiyaning Ko‘nya shahriga Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKА), Najmiddin Erbaqon universiteti, Turk tarixi qurumi va IRCIKА tashkiloti bilan hamkorlikda tashkillashtirilayotgan yozgi yig‘inga yetib bordi. Ushbu yig‘inda Tarix instituti ilk bora ishtirok etmoqda va tashkilotchilar tomonidan shu kuniyoq iliq kutib olindi.
Institut jamoasini Najmiddin Erbaqon universiteti ma'muriyati katta mamnuniyat bilan kutib oldilar. Vakillarning o‘zaro hamkorlikdagi ilk uchrashuvlari qisqacha tanishuvdan boshlandi va universitet ma'muriyati ushbu yig‘inda O‘zbekiston tarixchilarining ishtirokidan naqadar mamnun ekanliklarini yashirib o'tirmadilar. Hususan, so‘nggi yillardagi o‘zbek tarix fanidagi erishilayotgan yutuqlar e'tirof etilib, o‘zaro hamkorlikdagi olib borilishi muhim bo‘lganilmiy muammolar yuzasidan fikr almashinildi. Shuningdek, Tarix instituti direktori hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarilish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi to‘g‘risida so‘zlar ekan, o‘zbek va turk xalqini ming yillik umumiy tarix bog‘lab turishi hamda tamaddunning ushbu davrlarida yelkadosh bo‘lganliklari haqida alohida qayd etib o‘tdi.
Shu kuni tashkilotchilar tomonidan Ko‘nya shahrining tarixiy qismlariga kichik sayohat uyushtirildi va Institut jamoasi ertangi yozgi o‘qishlar ilmiy yig‘ini oldidan shaharning diqqatga sazovar joylarini ko‘zdan kechirishdi. Umid qilamizki, ertangi boshlanadigan ilmiy yig‘in tarix fani taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilishi va qardosh xalqlar olimlarining hamkorligi bardavom bo‘lishini ta'minlashga xizmat qiladi.