Yangi O‘zbekiston gazetasining joriy yilning 13-iyuldagi 141-sonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyoning "Asl ildizlarga qaytib" maqolasi e'lon qilindi. Maqolaning to'liq matni bilan quyida tanishingiz mumkin.
O‘zbek davlati va jamiyatida 2016-yil kuzida boshlangan, uch ming yillik davlatchilik taraqqiyotimizda o‘z e’tirofiga erishib ulgurgan bosqich — Yangi O‘zbekiston ta’sir doirasi kengayib borayotganini ilg‘amaslik mumkin emas.
Tarixni bilganlar uchun ushbu holat ikkilanish tug‘dirmasligi aniq. Negaki, o‘zbek davlatining qarichi doimo katta, qarashlarining ko‘lami ulkan bo‘lib kelgan. Eng asosiysi, olamning endigi siyosiy turmushi va xaritasi yangidan-yangi tushuncha, qoida, tenglamalar bilan nechog‘li boyib bormasin, ularning ildizi baribir o‘tmishda qotib bo‘lgan tuzuklarga borib taqalaveradi. Ularni bilmasdan turib esa, mavjud munosabatlar tizimiga to‘laqonli baho berish ancha qiyin kechadi. Ushbu tenglama Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligidek dolzarb masalaga ham tegishlidir.
Markaziy (O‘rta), Janubiy Osiyo atamalari nisbatan kecha — XIX asrdan boshlab dunyoning g‘arbiy bo‘lagi vakillari tomonidan muomalaga kiritilgan. Ularning siyosiy-harbiy, iqtisodiy, ilmiy kuch-qudrati oshib borishi va unga tegishincha umuman Osiyo, xususan, uning so‘z ketayotgan tegralarining zaiflashishi oqibatida boshqa ko‘plab omillar qatori jug‘rofiy atamalar ham g‘arbchalashib, tez orada toshdek qotgan-qo‘ygan. Holbuki, hatto o‘sha geografiya masalasida ham Sharqning, jumladan, uning bosh bo‘lagi Osiyoning o‘z qarash va ilmi bo‘lganini bugun faqat mutaxassislar biladi, xolos.
Markaziy Osiyoning miloddan oldingi II ming yillik oxiri va I ming yillik boshlariga oid geografiyasi bo‘yicha ilk ma’lumotni biz vatani Xorazm bo‘lmish “Avesto”dan topamiz. Unda ta’rifi keltirilgan o‘n olti o‘lka Sirdaryodan Hind daryosigacha bo‘lgan hududni — asosan, bugungi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Shimoliy Hindistonni qamrab olgan.
Mazmunan miloddan oldingi I ming yillik ikkinchi yarmida shakllangan mashhur “Mahobhorat” o‘zbek va hind aloqalari juda qadim o‘tmishga ega ekanidan dalolat beradi.
Chunonchi, mintaqamizdan Hindistonga uzun va kalta qilichlar, oybolta, nayza, shuningdek, ipakli, paxtali, junli to‘qima mahsulotlar, qo‘y terisidan tikilgan kiyimlar, turli ichimliklar, attorlik mahsulotlari, otlar, qimmatli toshlar olib borilgan. Xitoy mollari hindlar o‘lkasiga Turon orqali tashilganiga oid guvohliklarni ham e’tibordan qochirib bo‘lmaydi.
Aleksandrni Turon va Hindiston tomon chorlagan omilni uning butun dunyoga egalik qilish tuyg‘usi bilan bog‘lash kamlik qiladi, albatta. Yunon-makedonlar Sharqning bitmastuganmas boyliklarini ham qo‘lga kiritish istagida yongan.
Mag‘lub etilgan ahamoniylar saltanatining bosh xazinasini tashib ketish uchun 10 ming xachir qo‘shilgan arava va 5 ming tuya kerak bo‘lgani, ikki asr ichida to‘plangan mazkur boylik bugungi kun bahosida 2,35 milliard dollarga tengligini eslatishning o‘zi kifoya.
Milod boshiga kelib, asli turkiy o‘g‘izlardan bo‘lgani ilmiy jihatdan asoslangan kushoniylar kelgindilar hukmronligiga uzil-kesil chek qo‘yib, o‘zbek davlatida boshqaruvni qo‘lga oladi. Aynan ular hozirgi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston va Shimoliy Hindistonni birlashtirishga erishgan va shu tariqa davlatchiligimiz tarixidagi ilk saltanatchilikka asos solgan. Buddaviylikning hozirgi Afg‘oniston, O‘rta Osiyo, Xitoy, Tibet, Yaponiya, Koreya yarim oroligacha tarqalishi ham kushoniylar davriga (I-IV asrlar) to‘g‘ri keladi. Buddaviylarning Kashmirda o‘tkazilgan to‘rtinchi qurultoyiga Kanishka I (78-144) bosh-qosh bo‘lgani, beshinchisi esa, XIX asrdagina tashkil etilgani ko‘p narsaga ishora bo‘la oladi
Bizni Hindiston bilan bog‘laydigan omillar ko‘p. Ularning eng yorqinlaridan biri qadim va o‘rta asrlarda bu borada yaratilgan tengi yo‘q asar sifatida tan olingan “Hindiston” kitobidir. 1030 yili tugallangan ushbu asarda buyuk o‘zbek mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy mazkur o‘lka xalqlari tarixi, geografiyasi, dinlari, urf-odatlari, ilm-fani, falsafasi, qonun-qoidalari, yozuvlari, adabiyotiga doir bugun ham o‘z qimmatini saqlab qolayotgan izlanishlari natijasini bayon etgan. Uni o‘zbek hindshunosligining asoschisi, desak har tomonlama maqbul bo‘ladi.
Qadimgi sanskrit tilini mukammal egallagan Abu Rayhon Beruniy hind olimlarining matematika va astronomiyaga oid bir qator kitob larini arab tiliga tarjima qilgan, Evklid, Ptolemey asarlari hamda usturlobni yasashga bag‘ishlangan o‘z risolasini sanskrit tiliga o‘girgan.
O‘zbek davlatini Hindiston bilan bog‘lovchi yana bir tarixiy jihat Muhammad Xorazmiyning “Hind hisobi bo‘yicha qo‘shish va ayirish kitobi” bo‘lib, unda buyuk ajdodimiz arifmetik amallarni hind usuliga ko‘ra, bayon etib bergan va shu tariqa o‘nlik sanoq tizimi oldiniga O‘rta va Yaqin Sharqqa, so‘ng Yevropaga — butun olamga tarqalgan.
Biz o‘nlik sanoq tizimi, algoritm va algebra asoschisi deb biladigan yurtdoshimizning yana bir katta xizmati bor: u ilk bor geografiyani iqlimlar nazariyasiga asoslantirib bergan. Kishilik tarixining o‘rta asrlar bosqichida geografiya fani bo‘yicha yaratilgan birinchi ilmiy asar — “Yer xaritasi” (“Surat al-arz”) ham uning qalamiga tegishli. Yerning ma’mur qismini iqlim mintaqalari bo‘yicha o‘rganishni boshlab bergan ulug‘ bobomiz Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindistonni yonma-yon iqlimlarga joylashtirgan. Keyingi asrlar geograf olimlari ham aynan u asos solgan etti iqlim tizimida izlanishlar olib borgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo munosabatlari haqida so‘z ketganda, XIII asrdan Shimoliy Hindistonda faoliyat yurita boshlagan, turkiy sulolalar asos solgan Dehli sultonligini eslashga to‘g‘ri keladi. Mo‘g‘ullar bosqinini birinchi bo‘lib qarshi olgan Turkistonning ko‘plab arboblari, olimu fozillari, san’at va hunar ahli Hind o‘lkasiga ketishga majbur bo‘lgan. Bu paytda sultonlikni boshqarib kelayotgan va asli buxorolik bo‘lmish mashhur Shamsiddin Eltutmish (1211-1236) ularga boshpana bergan. Endilikda butun dunyoga tanilgan, Jahon madaniy merosi ob’ekti sifatida YUNESKO himoyasiga olingan, bo‘yi 72,6 metrli Qutb minorning Dehlida qad ko‘tarishida uning xizmatlari juda katta bo‘lgan.
Keyingi yillarda ham turkistonlik, xurosonliklar mo‘g‘ullar dastidan qochib, Hindistonga kelgan. Ular mazkur yurtga xizmat qilgan, siyosiy, ilmiy-madaniy turmushida g‘ayrat ko‘rsatgan. Ular orasida 1172-yili Buxoroda tug‘ilgan Muhammad Avfiyni eslamaslik mumkin emas. Eng qadimdan o‘z zamonasigacha yashab o‘tgan fors tilli shoirlarga bag‘ishlangan ilk tazkirani aynan u tuzgan.
Shamsiddin Eltutmish asli lochin urug‘idan bo‘lmish keshlik amir Sayfiddin Mahmudni ham iliq qabul qilib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Hind va fors adabiyotining yirik vakili, adabiyot, tarix, cholg‘uga oid yuzga yaqin asar yaratgan Xisrav Dehlaviy (1253-1325) uning o‘g‘li bo‘ladi. “Hind ovozi” e’tirofiga sazovor bo‘lgan shoir o‘zini “hind turki” deb bilgan.
Uning “Xamsa”si kishilik so‘z san’atining durdonalaridan bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra, endilikda butun dunyoga mashhur “Sitor” cholg‘usini aynan u ixtiro qilgan.
Dehli sultonligi saroyida faoliyat ko‘rsatgan yana bir taniqli turkistonlik — Badriddin Chochiy. Nisbasidan ko‘rinadiki, u chochlik, ya’ni toshkentlik edi. “Malik ush-shuaro” unvoniga erishgan yurtdoshimiz ijodi o‘ta yuqori baholangan va zamona faxri, deya ulug‘langan.
O‘zbek-hind aloqalari temuriylar davrida yanada rivoj topganini aytish lozim. So‘z ketayotgan yillarning taniqli tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiy elchilik mahoratiga ham ega edi. Bo‘lmasa, Shohruh uni Bengaliya hukmdori huzuriga jo‘natmasdi. 1442-1445-yillarda davom etgan mazkur safar chog‘ida Janubiy Hindistonga oid ko‘plab va turli-tuman ma’lumotlar to‘plangan, eng muhimi, mahalliy siyosiy doiralar bilan yaqin va ishonchli aloqalar o‘rnatilgan.
Alisher Navoiy ham Hind o‘lkasiga befarq bo‘lmagan. Uning hind hukmdorlari bilan samimiy va do‘stona yozishmalari bor. Ulug‘ o‘zbek shoiri Xisrav Dehlaviyni g‘oyat hurmat qilgan. Uning g‘azallariga o‘xshatmalar bitgan, xamsachilikda undan quvvat olganini alohida ta’kidlagan.
O‘zbek-hind xalqlari o‘rtasidagi bordi-keldilar davlatimizga shayboniylar, ashtarxoniylar hukmronlik qilgan asrlarda ham izchil davom etgan. Taqdir taqozosi bilan xuddi shu davrda Hindiston davlati boshqaruvi boshqa bir o‘zbek sulolasi — boburiylar qo‘lida edi.
O‘zbekistonni, umuman, Markaziy Osiyoni Pokiston va Hindiston bilan qattiq bog‘lab turadigan omil — bu boburiylarning 330 yillik faoliyati, albatta. Aynan mazkur bosqichda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, adabiyot, san’at, qurilish sohalarida yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar, erishilgan yutuqlar hindistonlik va pokistonliklarning bugungi avlodlari tomonidan faxr bilan tilga olinadi.
Dehli, Jaypurda qurilgan rasadxonalar, turkiy, forsiy, urdu tillarida yaratilgan yuksak she’riyat, adabiyotshunoslikka oid qimmatli asarlar, “Boburnoma”, “Humoyunnoma”, “Akbarnoma”, “Tuzuki Jahongiriy”. “Shohjahonnoma” singari mashhur tarixlar Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo xalqlarininggina emas, butun olamning boy merosiga aylandi.
Hindistonda rassomlik rivojida boburiylar miniatura maktabining o‘z o‘rni bo‘lgan. Kamoliddin Behzodning shogirdlari termizlik Mirsayyid Ali va Xoja Abdusamad boshchiligidagi guruhlar turli mavzu va yo‘nalishlarda ijod qilgan. Keyinchalik ularning ishini turkistonlik Farruxbek, Muhammad Murod Samarqandiy, Muhammad Nodir Samarqandiy, Oqo Rizo Buxoriy davom ettirib, “Boburnoma”, “Zafarnoma”, “Akbarnoma”, “Jome at-tavorix” kabi o‘nlab asarlarga nafis miniaturalar chizganlar.
Boburiylarning qurilish sohasidagi ishlari Hindiston va Pokiston xalqlari uchun o‘chmas iz qoldirgan. Mahalliy me’morlardan tashqari Turkiston, Eron, Turkiyadan chaqirilgan muhandis va ustalar sa’y-harakati bilan bunyod etilgan Tojmahal, Baland darvoza, Oltin ibodatxona, Govindadeva ibodatxonasi, Humoyun, Akbar maqbaralari, Fotihpur Sikri, Ajmir, Ollohobod qal’alari, Agradagi La’l qal’asi endilikda jahon madaniyati namunalari sifatida e’tirof etiladi.
Ulug‘ ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning noyob asari — “Xorazmiy ziji” bilan bog‘liq bir masalaga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Unda alloma tomonidan markaziy meridian sifatida Uzayn meridiani (Uzayn qubbasi) tanlangan bo‘lib, u Hindistondagi hozirgi Ujayn — hinduiylikning yetti muqaddas shaharlaridan biriga to‘g‘ri keladi. Mazkur asar ingliz faylasufi Adelard Bat (1080-1160) va italiyalik matematik, astronom Gerardo Kremoneze (1114-1187) tomonidan yevropa tillariga o‘girilish paytida Uzayn ( (أزئنAringa (أرئن (o‘zgarib ketgan. Eng qizig‘i, Xristofor Kolumb Arin meridiani haqida farang rohibi Piter Dayining (1350-1425) 1410-yili bitilib, 1480-1487-yillarda chop etilgan “Yer yuzi” (“Imago Mundi”) asari orqali tanishgan. Shu tariqa, unda yerning noksimon ekani va g‘arbiy yarim sharda ham Arin meridianiga qarama-qarshi meridian bo‘lishi mumkinligi haqida tasavvur hosil bo‘lgan.
Umuman aytganda, Sharq uchun yer yuzi obod bo‘lagining chekkasi sanalib kelgan Yevropa Osiyoning qator kashfiyotchi olimlari, ayniqsa, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ulug‘bek, Ali Qushchi singari ulug‘ allomalarimizning matematika, astronomiya, geografiyaga oid ilmiy merosidan bahramand bo‘libgina qolmay, o‘zining siyosiy, iqtisodiy intilishlarida undan unumli foydalanishni ham eplagan.
Ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa, ilm-fan, ta’lim, madaniyatdek ongni tarbiyalovchi sohalarga singdirib yuborilgan “Buyuk jug‘rofiy kashfiyotlar”, “Yangi dengiz yo‘llarining ochilishi” aslida XV-XIX asrlarda yuz bergan, Afrika, Amerika, Osiyo, Avstraliyani egallash, u yerlardagi tabiiy boyliklarni ayovsiz talashdan iborat besh yuz yillik bo‘lganini birov tan oladi, birov esa yo‘q. Endilikda barchaga yaxshi tanish “geosiyosat” tushunchasi ham aynan XIX asr oxiri — XX asr boshlariga to‘g‘ri kelgani bejiz emas, deb o‘ylaymiz. Negaki, ushbu pallaga kelib, Yevropaning ayrim davlatlari o‘zidan tashqaridagi qit’alarni asosan bo‘lishib bo‘lgandilar, buyog‘i esa mazkur jug‘rofiy kengliklar ustidan nazoratni samarali tashkil etishga bog‘liq bo‘lib qolgandi.
XIX asrga kelib Turkiston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston Rossiya va Britaniya imperiyalari mustamlakalariga, “Katta o‘yin” (“Great (Grand) game”) qurbonlariga aylandi. Qirq ikki yil burun boshlangan afg‘on mojarosi esa, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, avvalo, Afg‘oniston uchun bitmas yara bo‘lib kelmoqda. Shunga qaramay, bir necha ming yillar ichra u yoki bu darajada birgalikda kechgan tarixiy-madaniy taraqqiyotimizda yaxshi zamonlar, natijalar yomonlaridan ko‘proq bo‘lgani ham haqiqatdir.
Eng qadimgi zamonlardan o‘z qarash va an’analariga ega ulkan mintaqa tarix g‘ildiragining barcha sinovlariga dosh berib, o‘z yo‘lidan qaytmay kelayotir. Ya’ni tashqi kuchlar qanchalik katta imkoniyatga ega bo‘lmasin, Markaziy va Janubiy Osiyoning taqdiri shu yerlik xalqlarning o‘z qo‘lida bo‘lib kelgan. Aynan mazkur omil sharofati bilan XX asr o‘rtalarida Hindiston va Pokiston istiqlolga erishdi, asr oxirlarida esa, Markaziy Osiyo mustaqil bo‘ldi. Jafokash afg‘on jamiyati ham o‘ta og‘ir va murakkab vaziyatda o‘zligini saqlab kelmoqda.
Ota-bobolarimiz “Qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan”, deb bejiz aytmagan. Negaki, ildizlar baribir o‘ziga tortadi. Ulkan mintaqaning uch ming yillik o‘tmishiga qisqacha nazar esa, tortish kuchi asrlar davomida oqillik va bilimdonlikdan ozuqlanganini isbotlamoqda. Ushbu ikki omilga tayanib yashashni boshlagan o‘zbek davlati va jamiyati g‘oyat qisqa vaqt — salkam besh yilda ko‘pchilik kutmagan tarixiy natijalarga erishayotgan ekan, demak, Markaziy va Janubiy Osiyoning ham bundan keyingi yutuqlari oqillik va bilimdonlikka bog‘liq bo‘lishi shubhasiz.
Azamat Ziyo,
tarix fanlari doktori, professor