2022-yil 21-aprel sanasida Termiz davlat universiteti majlislar zalida Tarix instituti xodimlari ishtirokida "Ilmiy tadqiqot olib borish uslubiyoti, ilmiy maqolalarni yozish tartibi, dissertatsiya va uning avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari" mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Termiz davlat universiteti mezbonlik qilgan Akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi “O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminari doirasida tashkil etildi. Darsni Tarix instituti "Tarixshunoslik va manbashunoslik" markazi boshlig‘i, tarix fanlari doktori Nigora Allayeva va katta ilmiy xodim, tarix fanlari nomzodi Feruza Shomukaramovalar olib bordilar.
Mahorat darsidan ko‘zlangan maqsad, tadqiqotchilarga ilmiy ishni olib borishda uslubiy ko‘maklashish va rasmiylashtirish talablaridagi so‘nggi o‘zgarishlarni yetkazishdan iborat bo‘lib, barcha qiziquvchilar uchun mo'ljallangan tarzda tashkillandi. Shuningdek, ishtirokchilar Tarix institutining ilmiy izlanishlari yo‘nalishlari, o‘z oldiga qo'ygan maqsadlari xususida ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Tadbirda yosh izlanuvchilarga jahon ilm fanidagi oxirgi o‘zgarishlarni kuzatib borish zaruriyati, tarix fani tadqiqot uslubiyotdagi zamonaviy qarashlarni to‘g‘ri tahlil etish hamda ulardan maqsadli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mahorat darsi qiziqarli savollarga boy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.