Yahyo G‘ulomov nomidagi “O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminariga Termiz shahri mezbonlik qildi

   O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Termiz davlat universiteti hamkorligida akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi “O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminari 2022-yil 20-aprel kuni Termiz  shahrida bo‘lib o‘tdi. 78-umummilliy yig‘in mavzusi "O‘zbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasi" sifatida tanlab olingan bo‘lib, ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Yig‘inda nafaqat Tarix institutining ilmiy xodimlari, balki, Termiz davlat universitetining professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar.

   Yig‘inni anjuman raisi - Tarix instituti bosh ilmiy xodimi tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova olib bordi. Dastlab so‘z navbati Termiz davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha rektor o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzodi Rasuljon To‘rayevga berildi. Universitet vakili 78-anjuman mezboni sifatida avvalo barcha tashrif buyurganlarga o‘z minnatdorligini bildirib, tarix fani rivojida muassasaning o‘rni va yetishib chiqayotgan yosh tarixchilardan kutilayotgan natijalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

   Keyingi chiqish Surxon vohasining dunyo tamadduni beshigi sifatidagi o‘rni va O‘zbekiston tarixidagi ahamiyati to‘g‘risidagi akademik Ahmadali Asqarovning nutqi bilan davom etdi. Akademik o‘z ma'ruzasida Janubiy O‘zbekiston ilk shaharchilik yutuqlari va ularning o‘ziga xosligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

 

   Yig‘indagi chiqishlar va dolzarb ma'ruzalar ishtirokchilarda katta taasurot uyg‘otdi va o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar oldilar. Anjumanda ilgari surilgan mulohazalarga qatnashchilar o‘z munosabatlarini bildirdilar.

   Yig‘inning e'tiborli yana bir jihati Tarix institutida amalga oshirilgan nashrlar va olib borilayotgan tadqiqotlar va "O‘zbekiston tarixi" ilmiy jurnali bilan bog‘liq so‘nggi ma'lumotlar o‘rtoqlashildi. Undagi ilmiy yo‘nalishlar va masalalarga doir maqolalar qabul qilinishi tartibi, obuna bo‘lish usullari va jurnalni kuzatib borishga doir fikrlar bildirildi. 

   Shu kuni anjuman o‘z ishini yakunladi va Institut ma'muriyati tomonidan taqdim etilgan kitoblar jamlanmasi Termiz davlat universiteti kutubxonasiga taqdim etildi. Universitet va Institut rahbariyati o‘zaro ilmiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, yosh mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.