Tarix instituti doktoranti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnoza Jamolovaning "Oʻzbekning ulugʻlari" turkumidagi navbatdagi maqolasi "Xalq soʻzi" gazetasining 8-apreldagi 73-sonida eʻlon qilindi. Quyida maqolaning toʻliq matni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Jadidchilikning yetuk va yorqin namoyandalaridan biri Po‘lat Soliev Turkiston xalqlari tarixini ilmiy o‘rganishning zamonaviy maktabini yaratishga bel bog‘lagan fidokor shaxsdir. U Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Hodi Fayziy kabi ma'rifatchilar bilan hamfikr va hammaslak edi.
Po‘lat (Bekbulat) Soliyev 1882-yil 22-martda Rossiya imperiyasi Astraxan (Hojitarxon) viloyatining Zasuravskiy bo‘lisidagi Bashmakovka qishlog‘ida o‘ziga to‘q dehqon oilasida tug‘ilgan. Asli buxorolik, mang‘it urug‘iga mansub otasi Majid Soli farzandlarining ilm olishini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirib borgan. Qishloq maktabini tamomlagan Po‘lat Soliyev yirik islomshunos olim, tarixchi, «Idel» gazetasining muharriri Abdurahmon Umerov tashkil qilgan, o‘rta maxsus ta'lim beruvchi madrasaga o‘qishga kirgan.
O‘n besh yoshida madrasani tamomlab, Qozon shahridagi oliy madrasalar – Muhammadiya va G‘oliyada tahsil olgan. Ikki madrasani ham a'lo baholarga bitirgan Po‘lat Soliyev bu paytda arab, turk, fors, rus va boshqa turkiy xalqlar tillarini puxta bilgan va fransuz hamda nemis tillarini ham o‘zlashtirgan edi. G‘oliya madrasasi boshlig‘i, mashhur islomshunos Ziyo Kamoliy unga o‘z muassasasida mudarrislik qilib, dars berishini taklif etganida, qabul qilmay, qishlog‘iga qaytib, imomlik qilgan.
1909-yili ota yurtiga borishni ko‘ngliga tuggan Po‘lat Soliyev Turkistonga yo‘l olib, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on bo‘lisida Segizboy Otaboyev xonadonida yashay boshlaydi, qishloqda yangi usul maktabi ham ochadi. Keyinchalik Mirzacho‘lda, Jalolobodda ham jadid maktablari tashkil qilib, o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi. 1913-yili Toshkent shahrida birinchi rus-tatar maktabiga asos soladi, 1916-yildan Bekoboddagi yangi usul maktabida bir yil davomida o‘qituvchilik qiladi. 1917-yildan esa, Qo‘qondagi O‘qituvchilar seminariyasida ikki yil mobaynida direktor lavozimida ishlay boshlaydi.
Po‘lat Soliyev 1917-yil noyabrda Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish ishlarida faol ishtirok etgan shaxslardan biri sanaladi. Ayniqsa, Qo‘qon shahrida chop etiladigan «El bayrog‘i» gazetasining bosh muharriri sifatida uni Turkiston Muxtoriyati hukumati nashriga aylantirishga katta hissa qo‘shgan. Po‘lat Soliyev davlat hokimiyati tarkibiga yirik etnik guruhlar vakillarini kiritish haqidagi g‘oyalarni ilgari surgan demokratik ruhdagi ziyolilardan biri edi.
Turkiston Muxtoriyati tor-mor qilingach, Po‘lat Soliyev siyosiy faoliyatdan uzoqlashib, maorif sohasini rivojlantirishga kirishgan. 1918-yili Nazir To‘raqulov bilan hamkorlikda Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahrida qishloq maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlash kurslari tashkil etgan. 1919-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Toshkentda birinchi turk-tatar maorif kurslarini tashkil etib, uning direktori sifatida ish olib borgan.
1920-yil 8-oktyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, 1920-yil 11-noyabrda BXSR Maorif nozirligi Buxoroda inqilob tarixini nashr etish va uning mualliflarini tasdiqlash haqida qaror qabul qilgan bo‘lib, Po‘lat Soliyev ham ular qatoridan joy olgan edi.
1922-yili Po‘lat Soliyev BXSR Maorif nozirligining Ilmiy kengashi raisi etib tayinlangan vaqtda Buxoro o‘qituvchilar institutida arab adabiyoti tarixi, arab tili nazariyasi va amaliyotidan dars ham bergan. Shuningdek, «Maorif» va «Tong» jurnallariga muharrirlik hamda «Inqilob» jurnali muharririga o‘rinbosarlik qilgan.
1924-yilda turmush o‘rtog‘i Fotima Fayzirahmonova (Hodi Fayziyning singlisi) bilan Moskva shahriga ko‘chib borib, Sverdlov nomidagi universitetning tarix kafedrasida ish boshlaydi. 1926-yili Leningrad shahriga ko‘chib o‘tib, Sharqshunoslik institutida mehnat faoliyatini boshlagan. 1927-yili ushbu institut rahbariyati tomonidan unga dotsent unvoni berilgan.
Shu yili Po‘lat Soliyev O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti huzuridagi Ilmiy markaz bilan tuzilgan shartnoma asosida 1927-yil 7-sentyabriga qadar o‘zbeklarning iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti aks ettirilgan «O‘zbeklar tarixi» kitobini yozish majburiyatini oladi.
Ammo Po‘lat Soliyevning O‘rta Osiyo yozma yodgorliklari to‘plamini tashkil etish va qadimiy qo‘lyozmalarni jamlash uchun Moskvadan Samarqandga chaqirib olinishi natijasida kitob yozilmay qolgan.
Shu bahona yurtiga qaytgan Po‘lat Soliyev 1927-yil yanvarda tashkil etilgan Samarqand oliy pedagogika instituti Sharq tarixi kafedrasi mudiri lavozimida ish boshlagan. Bu yerda sharqshunos olim, adib va davlat arbobi Abdurauf Fitrat, professor V.I. Vyatkin, adabiyotshunos olim O. Sharafiddinov, tilshunos olim, professor G‘ozi Olim Yunusov bilan hamkorlikda mehnat qila boshlaydi. Po‘lat Soliyev hamkasblari orasida o‘ta bosiqligi, kamgapligi, madaniyati, kamtar, ilmiy bahslarda boshqalarning nuqtai nazari va fikrini diqqat bilan o‘rganib, munozarali jihatlarini asosli dalillar bilan isbotlab bera olishi bilan ajralib turgan.
1930-yili Samarqand oliy pedagogika instituti O‘zbekiston pedagogika akademiyasiga aylantirilgan va shu yilning 28-sentyabrda Turkiston xalqlari tarixining bilimdoni bo‘lgan Po‘lat Soliyevga akademiya professori unvoni berilgan.
TAQIQLAR...
XX asrning 30-yillaridan milliy ziyolilar va ularning asarlarini ta'qib qilish bo‘yicha boshlangan tadbirlar Po‘lat Soliyevni ham chetlab o‘tmadi. Endigina professor unvonini olgan olimning 1926-yilda yozilgan «O‘rta Osiyo tarixi (XI-XV asrlar)” kitobi 1933-yil avgust oyida O‘zbekiston Kommunistik partiyasining Samarqand shahar bo‘limi va shahar nazorat komissiyasining qo‘shma yig‘ilishida muhokama qilinib, tarixni qo‘msash hamda ideallashtirishda ayblangan. Kitobdan oliy ta'lim muassasalarida darslik sifatida foydalanish taqiqlab qo‘yilgan. Po‘lat Soliyev va uning maslakdoshlariga mavjud tuzum manfaatlariga xizmat qilishlari lozimligi uqtirilgan.
Ijtimoiy fanlar, ayniqsa, tarix fanining jamiyat ongini tarbiyalashdagi tengsiz o‘rnini yaxshi anglagan bolshevkilar O‘zbekiston SSRning qadimgi davridan to 1930-yilgacha bo‘lgan tarixini kommunistik mafkura nuqtai nazardan yozish ishiga kirishadilar. Bu borada respublika hukumatining maxsus qarorini ham chiqartirib, uni bajarishga boshchilikni Toshkentdagi Revolyusiya tarixi ilmiy-tadqiqot instituti nazoratida Po‘lat Soliyevga yuklaydilar.
1933-yili O‘zbekiston pedagogika akademiyasi O‘zbekiston SSR davlat universitetiga aylantirilgan va 1935-yil sentyabrida uning qoshida O‘zDUda O‘rta Osiyo respublikalari ichida birinchi bo‘lib «O‘rta Osiyo tarixi» kafedrasi tashkil etilgan. Po‘lat Soliyev ushbu kafedraning mudiri etib tayinlangan. Ushbu kafedrada o‘z davrining yetuk olimlari Abdurauf Fitrat, O. Hoshimov, A.M. Krasgyusov, S.A. Leskovskiy, S.V. Yushkov, M.Ya. Fenomenov va A. Makiev kabi professorlar faoliyat ko‘rsatgan.
1936-yili Po‘lat Soliyev Toshkentga butunlay ko‘chib o‘tib, O‘zbekiston SSR markaziy ijroiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan Fan qo‘mitasida ish boshlaydi. Ushbu tuzilma keyinchalik O‘zbekiston SSR xalq komissarlari soveti qaramog‘iga berilgan va unda Po‘lat Soliyev O‘zbekiston tarixi bo‘limini boshqargan. Ayni paytda Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Buxoro oliy o‘quv yurtlarida talabalarga ma'ruzalar o‘qigan.
Po‘lat Soliyev sermahsul va serqirra olim sanaladi. 1920-yillarda uning Qur'oni karim matnini ilmiy sharhlar bilan ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilgani ma'lum. Shuningdek, «Buxoro tarixi» (1923) va «Mang‘itlar saltanati davrida Buxoro o‘lkasi» (1925) kabi asarlarini yaratgan.
Tarixchi olim O‘rta Osiyo tarixi masalalariga murojaat etar ekan, 1926-yili o‘zining yirik asarlaridan biri – «O‘zbekiston va Tojikiston» asarini yozgan. Unda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va turkmanlarning ijtimoiy, iqtisodiy hayoti, dehqonchiligi, ulardagi yer va suv masalalari, shuningdek, Rossiya imperiyasining Turkistonni tayyor xom ashyo bazasiga aylantirishga urinishlarini yoritib bergan.
Uning ilmiy faoliyatidagi yana bir muhim asar – «O‘zbekiston tarixi»ni yaratishi bo‘ldi. Bu o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixidagi birinchi urinish bo‘lib, qadimgi, o‘rta asr va zamonaviy tarixchilarning asarlaridan va boshqa manbalardan olingan ma'lumotlarni jamlash, umumlashtirishni taqozo qilgan. Po‘lat Soliyev uni taxminan 1935-yili yozib tugatgan va qo‘lyozmani O‘zbekiston SSR kompartiyasi markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Akmal Ikromov raisligidagi guruhga muhokama qilish uchun topshirgan.
Afsuski, ushbu qo‘lyozma nusxasi 1937-yili Po‘lat Soliyev qamoqqa tashlangach, yo‘qotilgan. Uning mustamlakachilar tomonidan qatag‘on qilinishi esa turgan gap edi. Negaki kuchli bilim, iste'dod va o‘z e'tiqodiga ega milliy oydinlar kommunistlar uchun eng katta xavf sanalganlar Toshkent qamoqxonasida bir yil davomida saqlangan jafokash olim 1938-yil 13-oktyabrda otuvga hukm qilingan.
Angliya mustamlakasidan qutulib, mustaqillikni qo‘lga kiritgan Hindiston bosh vaziri Javoharlal Neru 1954-yili SSSRga amalga oshirgan ilk tashrifi chog‘ida Toshkentda ham bo‘lib, Fanlar akademiyasiga kelganida, Po‘lat Soliyev bilan uchrashmoqchi ekanligini bildirgan.
Fanlar akademiyasi prezidenti Tesha Zohidov, “u kishi vafot etganiga ancha vaqt bo‘lgan”, deydi. Shunda Hindiston hukumati boshlig‘i olimning qabrini ziyorat qilmoqchi ekanini aytganida, «u kishi yo‘lda vafot etgan, shu sababli qabri noma'lum», deb javob beradilar.
Javoharlal Neru Po‘lat Soliyevning Hindiston ozodlikni qo‘lga kiritishidan 20-25 yil avval yozilgan «Angliya imperializmi Sharqda», «Sharqdagi hozirgi ahvol», «Hindiston Angliya zulmi ostida» kitoblari hind vatanparvarlariga juda kuchli ta'sir qilgani, ularga mustaqillik uchun kurashning asl mohiyatini chuqur anglash, idrok etishda qo‘llanma bo‘lganini ilmiy jamoatchilikka so‘zlab, marhum Po‘lat Soliyevga minnatdorlik izhor qilgan. Bu vaqtda O‘zbekiston SSRda Po‘lat Soliyevga ehtirom ko‘rsatish nari tursin, nomini eslash ham mumkin bo‘lmagan.
Mustamlakachilik va kommunistik mafkura hukmronligi sharoitida turli azob-uqubatlarga duchor etilgan va qurbon bo‘lgan milliy ziyolilarimiz, ayniqsa, 140 yilligi nishonlanayotgan Po‘lat Soliyevning xalqimiz oldidagi xizmatlarini e'tirof etish, ilmiy-ma'rifiy merosini o‘rganish, keng jamoatchilik hukmiga havola etish biz tarixchi olimlarning burchimizdir, albatta.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti doktoranti
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori