Fanlar akademiyasi Tarix institutida o‘zbekning ulug‘ davlat arbobi, kishilik tarixidagi Ikkinchi uyg‘onish davri asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur tug‘ilgan kunning 686 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy yig‘in bo‘lib o‘tdi.
Bu yil ikkinchi marta o‘tkazilgan tadbirda Turkiya, Eron va Ozarbayjondan taniqli temurshunos olimlar o‘z ma'ruzalari bilan qatnashishdi.
Xalqaro ilmiy yig‘inni institut direktori professor Azamat Ziyo ochib, bu kabi anjumanlar temurshunos olimlarni bir davraga yig‘ib, dunyo bo‘ylab olib borilayotgan tadqiqotlar, ko‘pchilik uchun noma'lum yangi manbalar va ma'lumotlar bilan tanishtirish imkonini yaratishni ta'kidladi.
Eronlik professor Amir Temur Rofe'iy o‘zining «Eron jamg‘armalarida temuriylar davriga oid manbalar» deb nomlangan chiqishida ilmiy jamoatchilik uchun noma'lum hamda kam o‘rganilgan to‘rtta tarixiy manbaning («Tarixi jadidayi Yazd», «Jome at-tavorixi Hasaniy», «Tarixi Tabariston, Ruyon va Mozandaron», «Tarixi vosit») ahamiyatiga to‘xtaldi. Jumladan, ularda temuriylar davrida ilm-fan ravnaqi, qurilish, obodonlashtirish ishlari kabi masalalarning yoritilganiga urg‘u berdi.
Shuningdek, turkiyalik professor Juneyd Qanotning «Bir yo‘lboshchi o‘laroq Amir Temur» ma'ruzasida Amir Temur shaxsiyatiga chizgilar aks etdi. Jumladan, o‘zbek hukmdorining qo‘mondonlik, boshqaruvchilik va yetakchilik xususiyatlari manbalarga suyangan holda taqdim etildi. Amir Temurga «dunyo fotihlari oilasining buyuklaridan biri» sifatida xulosa berildi.
Xalqaro yig‘inning yana bir chet ellik ma'ruzachisi professor To‘fiq Nejefli «Amir Temur va Ozarbayjon» mavzusida so‘z yuritib, Sohibqironning Ozarbayjon tarixidagi o‘rni, ayniqsa, olimlar, san'atkorlarga bo‘lgan munosabatiga to‘xtalib o‘tdi.
Temuriylar davri tarixini o‘rganishda nafaqat yozma tarixiy manbalarni jalb qilish, shu bilan birga, arxeologik tadqiqotlardan ham unumli foydalanish muhim ekanligi ushbu ilmiy yig‘inda alohida qayd etildi. Tarix instituti «Qadimgi davr tarixi» bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi Feruza Shomukarramovaning «Temuriylar tarixi arxeologik manbalarda» deb nomlangan chiqishi Amir Temur va temuriylar mavzusini o‘rganishda arxeologik izlanishlar natijalarini jalb etish masalasiga e'tiborni qaratdi. Xususan, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnining topilishi masalasini tahlil qilib berdi.
Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fanning gullab yashnashi, tarixnavislikka bo‘lgan e'tibor, xususan, Hofizi Abro‘ning temuriylar davri tarixiy jarayonlar aks etgan «Zubdat at-tavorix» asari tahliliga oid ma'ruza Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti Faromarzi Fayzullo tomonidan taqdim etildi.
Ilmiy yig‘inning eng so‘nggi ma'ruzasi – «1941 yili Amir Temur maqbarasining ochilishi: afsona va haqiqat» Tarix instituti katta ilmiy xodimi Jamshid Odilov tomonidan taqdim etildi. Unda asosiy e'tibor maqbaraning ochilishi bilan bog‘liq bo‘lgan afsonalar ilmiy haqiqat bilan solishtirildi, maqbaraning ochilishi natijasida qo‘lga kiritilgan, ko‘pchilikning nazaridan chetda qolib kelgan yangi ma'lumotlar tahlil qilindi.
Yakunda bu kabi xalqaro ilmiy yig‘inlarni kelgusida ham davom ettirish, Eron, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarda saqlanayotgan, Amir Temur va temuriylar, shuningdek, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixiga oid manbalar tadqiqi va tahliliga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.