2022-yilning 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya vazirligida "Ilmiy loyihalar taqdimoti" bo‘lib o‘tdi. Ko‘zgazmada O‘z FA Tarix instituti "Qadimgi davr tarixi" bo‘limi va "Tarixshunoslik va manbashunoslik" markazi ilmiy xodimlari tugallangan loyihalar yuzasidan chiqishlar qilishdi.
"Qadimgi davr tarixi" bo‘limi loyihasining nomi “Qadimgi Shosh va Xorazmning arxeologiya yodgorliklari va muqaddas qadamjolarini kartalashtirish va tadqiqotini o‘tkazish (xalqaro turizm yo‘nalishlari tarmog‘ini rivojlantirish)” bo’lib, mavzu bo‘yicha barcha turdagi yozma va arxiv manbalari hamda arxeologik materiallar o‘rganildi. O‘tkazilgan tadqiqotda har xil ko‘rinishdagi yodgorliklarning o‘rganilish darajasi, uning obyektiv manzarasi yangicha konseptual asosda aniqlandi. Ularning vujudga kelish tarixi davriylik bilan bog‘liq ravishda taqqoslandi. Qadimgi Shosh va Xorazmning arxeologik yodgorliklari va muqaddas qadamjolarining talqini va sanalaridagi xilma-xillik bartaraf etildi. Mavzuga oid to‘plangan manba va materiallar tahlil qilinib, belgilangan hajmda yozma va elektron shakldagi hisobot tayyorlandi.
"Tarixshunoslik va manbashunoslik" markazi esa "Xorazm shaharlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va san'at asarlarining tadqiqotlari asosida SMART texnologiyalarini yaratish" loyihasi bo‘yicha hisobotlarini taqdim qildilar.
Ilmiy tadqiqotning materiallari va natijalari “Qadimgi davr tarixi” bo‘limida bajarilgan “Qadimgi Shosh va Xorazmning arxeologiya yodgorliklari va muqaddas qadamjolarini kartalashtirish va tadqiqotini o‘tkazish (xalqaro turizm yo‘nalishlari tarmog‘ini rivojlantirish)” loyihasi bo‘yicha qilingan hisobotda o‘z aksini topgan bo‘lib, o‘rta-maxsus va oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv dasturlarni ishlab chiqishda, eng muhimi O‘zbekistondagi ichki hamda xalqaro turzm uchun turistik dasturlar yo‘nalishlarni yaratishda, ilmiy va ilmiy-ommabop monografiyalar yozishda, shuningdek, ma’rifiy maqsadalarda qo‘llanilishi mumkin.
Tadqiqotning natijalari yangi va o‘rganilayotgan obyektlarning joyini belgilashda amalga oshirilgan grafik hisobot orqali ilmiy muomalaga kiritadi. Bunda aniqlangan yodgorliklarni uch o‘lchamli tiklash imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa ularni turizm tizimidagi jozibadorligini va ma’lumotlarga boyligini oshiradi.
Ishga jalb qilingan barcha manbalar va materiallar yangi metodlar orqali davrlashtirildi va talqini o‘rganilayotgan yodgorlikni xolisona manzarasini yangi konseptual darajada aniqlashning imkonini beradi. Ularning rivojlanish bosqichlarini tarixiy bosqichlarda vujudga kelishi davrini aniqlashtiradi. Ularni talqini va sanasini turlicha bayon qilishga chek qo‘yadi, shuningdek, muayyan shaxslarga daxldor bo‘lgan bir qator ziyoratgoh ob’ektlar ustida tahlil o‘tkazish imkonini beradi.
Ubaydulla Ismoilov
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi