2022-yil 24-fevral kuni "Yangi O‘zbekiston" gazetasining navbatdagi №40 soni nashdan chiqdi. Unda institut kichik ilmiy xodimi Alisher Egamberdiyevning "Inson qadrini ulug‘lash Yangi O‘zbekistonni yuksak marralarga olib chiqadi" maqolasi e'lon qilindi. quyida maqolaning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
Inson qadri, erkinligi, baxt-saodati, teng huquqliligi haqidagi g‘oya va qarashlar ulug‘ ajdodlarimiz tafakkurida asrlar osha barq urib kelgan. Bugun Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu g‘oyalar chinakam voqelikka aylanmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida inson taqdiri, qadri, xalq manfaatlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yurtimizda 2022-yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e'lon qilingani ham mazkur xalqchil siyosatning jadal davom ettirilishini anglatadi.
Uch ming yillik tarixga ega o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti davomida tarix g‘ildiragi goh zafarli, goh alamli yo‘llarni bosib o‘tdi. Turonda davrlar osha bir necha yuz millionlab insonlar hayot kechirdi. Yigirmadan ortiq hukmron sulolalar o‘zbek davlatchiligi tug‘ini bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga uzatib bordi. Davlatchiligimiz bir necha bor saltanatchilik bosqichiga ko‘tarildi. Tariximizning inson qadri, xalq manfaatlari ustun bo‘lgan davrlarida taraqqiyot, aksincha bo‘lgan asrlarida esa qoloqlik hukm surdi. Buni yaxshi anglagan ajdodlarimiz inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, xalqparvar jamiyatda yashashni orzu qilib, uni barpo etishga intildi.
Davlatchiligimiz tarixida inson qadrini ulug‘lash ildizlarining boshlang‘ich bo‘g‘ini buyuk insoniy qadriyat sifatida dunyoga kelgan “Avesto”da aks etdi. U kishilik tarixida cheksiz tafakkur va taraqqiyot g‘oyasi sifatida moziy maydoniga chiqdi. Milliy tariximizning eng qadimgi yozma manbasi bo‘lgan mazkur asar insonlarni komillikka erishishga, o‘zi va o‘zgalar qadrini ulug‘lash uchun teran tafakkur qilishga da'vat etdi. Unda “Haqiqat — oliy sharofatdir", degan g‘oya ilgari surildi. Inson kadr-qimmatining mislsiz o‘lchovi bo‘lgan haqiqat adolatga, sharofatga olib boradigan buyuk qudrat ekanligi uqtirildi. “Avesto" shu yo‘l bilan qariyb ming yil davomida kishilarni inson qadrini ulug‘lashga undab keldi. Inson qadri har narsadan ustun bo‘lgan adolatli davlat va jamiyat qurish orzusi urug‘ini kishilar qalbiga qadadi.
Muqaddas islom dinida ham inson qadri g‘oyasi asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Zero, Qur'oni karim va hadisi shariflarda inson qadri, haq-huquqlari masalalariga keng o‘rin berilgan. Muhtoj kishilarga yordam berishga, sahovatli va insofli bo‘lishga da'vat qilingan. Tasavvuf (so‘fiylik) ham musulmonlarni inson qadr-qimmatini yerga urmaslikka undagan. Yassaviya, kubroviya va naqshbandiya tariqatlari namoyandalari inson qadrini ulug‘lashni targ‘ib qilib kelgan.
Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil shahar odamlari qarashlari" asarida kishilarni o‘zaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqirgan. Mutafakkir inson qadrini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqqan. Abu Rayxon Beruniy har bir insonning qadri o‘z ishini qoyil qilib bajarishida deb bilgan. Mahmud Zamaxshariy inson qadrini uning dinu diyonati va ilmu ma'rifati oshiradi deb qayd etgan.
Birinchi uyg‘onish davri allomalari o‘z ma'naviy meroslarida inson qadri tushunchasining turli qirralarini turfa qarashlarda aks ettirgan. Ular o‘zlari yashagan jamiyatni ma'rifiy yo‘l bilan o‘zgartirishga, ezgu g‘oyalar vositasida kishilar tafakkurini yangilashga intilgan. Ham ma'nan, ham ruhan “uyg‘oq” bo‘lgan bu allomalar o‘z qarashlari, yangi bilimlar yaratishga bo‘lgan intilishlari, ma'rifatga bo‘lgan muhabbatlari tufayli atrofidagilarni ham “uyg‘ota” olgan. Ma'rifatli jamiyat orzusi kishilar tafakkurini “uyg‘onish"ga undagan.
Yusuf Hos Hojib o‘zining “Qutadgu bilig" asarida bilimni inson qadrini belgilovchi asosiy omil darajasiga ko‘targan: “Qadr-qimmat va izzat-e'tibor bilim tufaylidir, zakovatdandir, bilimsiz, zakovatsiz kishining bir kaft tuproqcha ham qimmati yo‘qdir". O‘zining “Haqiqatlar tuhfasi” asari bilan mashhur bo‘lgan Axmad Yugnakiy esa inson qadrini boylik, pul, mansab bilan belgilashni qattiq qoralagan.
Kaykovusning XI asr 80-yillarida yozilgan “Qobusnoma” asarida ham inson qadriga oid o‘gitlar berilgan: “Bas, ey farzand, aslingning qadru qimmatin bil va asli kam odamlardin bo‘lmag‘il", “Agar qadrli bo‘lmoq tilasang, xalqning qadrin bilg‘il".
Hakim Ali Qa'niyning “Turklarning qadr-qimmatlari haqida kitob"i ham inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi bilan sug‘orilgan.
Amir Temur inson qadri tushunchasiga alohida e'tibor bilan qaragan. Uning butun hayoti va kurashi insonni qadrlash, uning yaxshi hayot kechirishi uchun sharoit yaratib berish bilan bog‘liq holda o‘tgan. Sohibqiron ishbilarmon, tadbirkor, mard, shijoatli va hushyor kishilarni alohida qadrlagan, odamlarni rozi qilishni o‘z insoniy burchi deb bilgan. Amir Temur o‘z tuzuklarida fuqarolarning haq-huquqlarini va ularni himoya qilish zarurligini qayta-qayta ta'kidlagan.
Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida inson va uning qadrini ulug‘lab chiqqan. So‘z mulkining sultoni dunyoda eng qimmatli narsa insondir, degan fikrni olg‘a surgan. U inson qadri uning mansabi, mol-mulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki ma'naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi, deb bilgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy ezgu ishlari, sahovati, xalqqa bo‘lgan ulkan mehr-muhabbati tufayli kishilar ko‘nglidan joy oldi.
Davlatchiligimiz tarixidagi shayboniylar sulolasi vakillaridan biri bo‘lgan Ubaydullaxon o‘z she'rlarida insonni g‘animat bilish, qadrlash kabi tuyg‘ularni qalamga olgan. Shu sulolaning taniqli vakillaridan yana biri Abdullaxon II ham inson qadriga yetadigan hukmdorlardan edi. Tarixchi olim Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma" asarida aytilishicha, Abdullaxon II “har bir kishi qadriga yetuvchi, to‘liq mehrli bir sulton" bo‘lgan. Hukmdorning bu fazilati uni ezgu ishlarga yetaklagan.
XVII asrda yashagan xorazmlik alloma, adib va shoir Muhammad Tumurtoshiy “Inson qadrini ulug‘lash haqidagi risola” nomli asar yozgan. Shoir Mirzo Abdulqodir Bedil kishining qadr-qimmati va afzalligi uning mehnatida, deb bilgan. Ogahiyning fikricha, inson qadri uning “simu zari" (oltin va kumushi) bilan emas, balki ilmu hunari, ojizu bechoralarga ko‘rsatadigan himmati bilan baholanadi. Ogahiy odamlarni shunday fazilat sohibi bo‘lishga da'vat etgan. Qo‘qon malikasi Nodirabegim ham insof va adolatni, inson qadrini ulug‘lovchi asarlari bilan o‘z davrining ilg‘or kishilari qatorida qadam tashlagan.
So‘nggi mustamlaka davrida Turkiston ahliga nisbatan inson qadri degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan. O‘z qonuniy huquqlarini talab kilganlar, hokimiyat zulmi va zo‘ravonligiga qarshi kurashganlar o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan. Sovet hokimiyati kishilarning o‘zi tug‘ilgan tuproqda o‘zini chinakamiga erkin his kilishi, o‘z qadrini anglashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qatliomlar uyushtirdi. O‘z tarixini, buyuk ajdodlarini yaxshi bilgan, ularni qadrlagan ilg‘or ziyolilarni qatag‘on qildi. Insonlar ishlab chiqarish vositasiga aylantirilib, davlatning qadrsiz murvati bo‘lib qoldi. Insonning qadrsizlanishi va huquqlarining poymol etilishi odatiy holga aylandi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, inson qadrini o‘rniga qo‘yish imkoni tug‘ildi. So‘nggi besh yilda odamlarni hayotdan rozi qilish, o‘n yillar davomida ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xalq manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yish birlamchi vazifaga aylandi. Bugun davlatimiz rahbarining oqilona va uzoqni ko‘zlagan xalqchil siyosati o‘laroq, Yangi O‘zbekistonda ajdodlarimiz ming yillar davomida orzu qilib kelgan ulug‘vor g‘oyalar hayotda o‘z aksini topmoqda. Chuqur tarixiy ildizlarga ega inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi — Yangi O‘zbekistonni yuksak marralarga olib chiqmoqda.
Alisher Egamberdiyev
O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi