Iste’dod egasi va istibdod qurboni

   2022-yil 15-fevral kuni "Xalq so'zi" gazetasining №34-sonida Tarix instituti doktoranti tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Dilnoza Jamolovaning maqolasi e'lon qilindi. quyida ushbu maqola bilan tanishishingiz mumkin.

   Jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan bo‘lmish Saidrizo Alizoda 1887-yil 15-fevralda Samarqand shahrining Bog‘ishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tug‘ilgan. Maktab yoshiga yetgach, otasi Saidrizoni guzarida muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga olib boradi. Qisqa vaqt ichida maktabni a’lo baholarda tamomlagan Saidrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi.

   Muallimlik davrida u maktab kutubxonasidagi Ozarbayjon, Eron va Hindistonda chop etilgan gazeta va kitoblarni muntazam o‘qib borgan.

   Maktabda bir muddat ishlagach, oliy ta’lim olish uchun madrasaga o‘qishga kirgan va olti yil tahsil olgan. Uni tamomlagach, Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, so‘ngra rus va o‘zbek tilida chiqadigan «Samarqand» jurnalida musahhih bo‘lib ishlagan. Shu tariqa rus tilini yaxshi o‘rgangan, rus adabiyoti bilan ham yaqindan tanishgan.

   Saidrizo Alizoda 1914-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda «Samarqand» gazetasi, keyinchalik «Oyina» jurnalini tashkil etadi. Ularning sahifalarida Samarqanddagi maktab hamda madrasalardagi eskicha o‘qitish tizimini keskin tanqid qilib, ta’lim tizimini isloh etish bo‘yicha maqolalar e’lon qilib boradi. Jumladan, gazeta va jurnal sahifalarida Afg‘onistonda chiqadigan «Siroj-ul axbor» gazetasida mashhur siyosiy arbob, taniqli adib Mahmud Tarziy tomonidan yozilgan afg‘on yangi usul maktablaridagi muammolarga bag‘ishlangan maqolalarni ko‘rsatish orqali Samarqand jadid maktablarida darsliklarning yetishmasligi, imtihon olish jarayonidagi chopon kiydirish kabi kamchiliklarni tanqid qiladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar beradi. «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalining «Telegraf xabarlar» sahifasini o‘z hisobidan chiqartiradi. 1917-yildan «Hurriyat» gazetasida tarjimon va muxbir bo‘lib ishlaydi.

   1919-yili Turkiston hukumati huzurida respublikadagi tojiklar, eronliklar va afg‘onlarni birlashtirgan fors bo‘limi tashkil etilgach, Saidrizo Alizoda bu bo‘limga boshliq qilib tayinlangan. Bo‘lim haftalik «Sharq mash’ali» jurnaliga asos solgan va 1919-yil 7-martda Saidrizo Alizoda ushbu jurnalga muharrir etib tayinlangan. 4 ming nusxada chiqqan jurnal Turkiston, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va qator arab mamlakatlarida tarqalgan edi. Jurnal sahifalarida Saidrizo Alizodaning o‘lka ahlining erkin hayotga tashna orzu-umidlari o‘z ifodasini topgan maqola va she’rlari e’lon qilib borilgan.

   U 1922-yildan boshlab «Zarafshon» gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Muharrirlik qilish bilan bir paytda, «Turkiston xabarlari», «Kambag‘allar o‘qi», «Hurriyat», «Mehnatkashlar tovushi», «Buxoroi sharif», «Turon», «Samarqand ovozi» gazetalari, «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» jurnallarida maqolalar chiqarib turgan. Tanqidiy maqolalari va feletonlarini Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslari bilan berib borgan.

   Samarqandda tojik tiliga ixtisoslashtirilgan maktab ochib, kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’lim bergan Saidrizo Alizoda o‘quvchilar uchun «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Handasa», «Tabiat», «Din vojiblari», «Nizomnoma», «Badan tarbiyasi», «Ilmi fazo» singari o‘n bitta darslik yozgani ma’lum. Bu darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan bo‘lib, o‘quvchilar ular orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha yetarlicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan. Saidrizo Alizoda o‘zbek maktablari uchun «Birinchi yil» alifbosini yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatganini alohida ta’kidlash joiz. Maktabchilik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga o‘zbek va tojik tillarini o‘rgatgan.

   Saidrizo Alizodaning ozarbayjonlik mutafakkir Abdulla Shoyiq bilan birgalikda yaratgan «Yangi ozarbayjon alifbosi» Ozarbayjon maktablari uchun qimmatli darslik sifatida foydalanilganiga ham urg‘u berish lozim.

   Ma’rifatchi jadid lug‘at tuzish ishlari bilan shug‘ullangan hamda 1933 — 1934-yillarda 61 ming so‘zdan iborat ikki jildlik ruscha-tojikcha lug‘atini nashr ettirgan bo‘lib, unda ko‘plab kasbiy va ijodiy atamalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari nomlari, ilmiy va adabiy nomlar o‘rin olgan.

   Saidrizo Alizodaning yangicha qarash va intilishlari, eng muhimi, bu boradagi aniq-tiniq ishlari yurtdan tashqarida ham dovruq topgani yaxshi ma’lum. Uning nabirasi Farhod Alizodaning aytishicha, mutafakkir Afg‘oniston hukmdori Omonullaxon farmoni bilan fors tilida tarix va islom diniga oid «Asri saodat», «Murosilot-maktubot», «Odobi ikrom», «Tarixi islom», «Tarixi Turkiston», «Qonuniyathoyi diniy», «Madaniyati islom», «Zarurati islom», «Fan dar borayi koinot» kitoblarini yozgan va ular 1923 — 1933-yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr etilgan.

   Saidrizo Alizoda tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilgan ziyolilardan sanaladi. U rus adiblari Aleksandr Pushkinning «Dubrovskiy», «Kapitan qizi», «Evgeniy Onegin» asarlarini, Fyodor Gladkovning «Sement», Nikolay Ostrovskiyning «Po‘lat qanday toblandi», amerikalik yozuvchi Sinkler Eptunning «Yuz foiz», Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Afg‘onistonning mashhur siyosiy arbobi va taniqli adib Mahmud Tarziy bilan birgalikda Jyul Vernning «Yer yuzi bo‘ylab 80 kunlik sayohat» asarini fors tiliga o‘girgan. Shuningdek, Abu Ali ibn Sino, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Alisher Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilgani tahsinga sazovordir. Saidrizo Alizoda Eron va Afg‘onistondan Turkistonga kelgan ziyolilar bilan samarali hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur pedagogi Malikushshuaro Bahor bilan yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yozishmalar olib borgani ma’lum.

   1933 — 1937-yillarda Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan, butun umrini millat hamda yurt ro‘shnoligi, yangicha qarash va bilimlarga ega avlod tarbiyasi uchun bag‘ishlagan o‘zbekning ulug‘ini mustamlakachilar ko‘zdan qochirishlari mumkin emasdi. Ular Saidrizo Alizodani 1937-yili Samarqand davlat universitetida yoshlarga dars berib turgan xonaning o‘zidayoq qo‘lga olganlar. O‘z odatlariga ko‘ra, uni josuslikda ayblab, qamoq jazosiga hukm qilishadi. Oldiniga Samarqand, so‘ngra Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil qiynoqlar ostida tutqunlik azobini tortgan Saidrizo Alizoda 1945-yil 24-dekabrda Vladimir qamoqxonasida sil kasalidan vafot etadi. 1987-yili nabirasi Farhod Alizodaning sa’y-harakati bilan marhumning xoki Vladimirdan o‘z yurtiga olib kelingan hamda Samarqanddagi «Panjob» qabristoniga dafn etilgan.

   Butun umrini ziyo tarqatish, ma’rifatchilik ishiga bag‘ishlagan Saidrizo Alizodaga mustaqillik yillarida barcha jadid ziyolilari qatori munosib hurmat ko‘rsatildi. U yashagan uy muzeyga aylantirildi va hayot yo‘lini ochib beruvchi ko‘rgazmalar hamda ilmiy merosi bilan boyitildi. Samarqand shahri ko‘chalaridan biriga va shahardagi 14-maktabga Saidrizo Alizoda nomi berildi. Galdagi burchimiz esa el-yurt kuyinchagi, jadidchi bobomizning maqola, risola, darsliklari — ilmiy merosini «Tanlangan asarlar» tarzida chop etish, uning fidoyilikka yo‘g‘rilgan umri va ishlarini yosh avlodga namuna qilib ko‘rsatishdir, albatta.

Dilnoza JAMOLOVA,

O‘zRFA Tarix instituti doktoranti,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.