Shu yilning 8-iyul kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida Polsha Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi taklifiga binoan, Gdansk shahridagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi direktori Karol Navrotskiy boshchiligidagi delegatsiya, "O‘zarxiv" agaentligi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti vakillari bilan muzokaralar o'tkazdi. So‘nggi yillarda milliy ilm-fan tizimimizda boshlangan tarixiy o‘zgarishlar ilmiy tashkilotlarning xalqaro miqyosda ham to‘laqonli faoliyat yuritishlari, chet ellik ilg‘or ilm-fan, ta’lim va madaniyat muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun keng yo‘l ochib berdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan tadbirda ilmiy tadqiqot muassasalari, arxivlar, muzeylararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni olib borish, ikki mamlakatdagi arxivlarda o‘zbek va polyak xalqlarining XX asrga oid, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi tarixi bilan bog‘liq hujjatlarni aniqlab tadqiq etish, ilmiy muomalaga kiritish kabi masalalarga alohida urg‘u berildi.
Tarix instituti direktori Azamat Ziyo so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ilm-fan, ta’lim, madaniyat yo‘nalishlarida yuz bergan katta o‘zgarishlar haqida mehmonlarga so‘zlab berib, O‘zbekistonda tarix faniga oid o‘zgarishlar, institutda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar, o‘zbek va polyak xalqlarini bog‘lovchi mavzular, Ikkinchi jahon urushida Polshani fashizmdan ozod etish uchun mardonavor kurashgan o‘zbekistonliklar, urush yillarida O‘zbekistonga ko‘chirilgan polshaliklar, Polsha arxivlarida o‘zbek jangchilariga oid hujjatlarni aniqlab, ularni tahlil etish, ilmiy muomalaga kiritish, institut yoshlarini bu davlatga ilmiy tadqiqot muassasalariga yuborish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Polshaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Radoslav Gruk O‘zbekiston va Polsha madaniy, tarixiy aloqalarining muhim jihatlari, so‘nggi yillarda mamlakatlararo aloqalar yanada kuchayayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, o‘zbek xalqining urush yillarida polshaliklarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu bilan birga, bir oy oldin boshlangan elchilik missiyasi davomida vatanimiz haqida juda iliq taassurot shakllangani, bu hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirdi. Bundan tashqari, ushbu uchrashuvda so‘z olgan Karol Navroskiy Tarix instituti va "O‘zarxiv" agentligi bilan tuziladigan kelishuv ular uchun muhim ekani, o‘z tarixi uchun yangi sahifa ochishga xizmat qilishi, O‘zbekistonda polshaliklar qabrlarining juda yaxshi holatda saqlangani, Polsha zaminini fashizm bosqinidan ozod qilishda o‘zbekistonliklarning o‘rniga to‘xtalib o‘tdi. "O‘zarxiv" agentligi direktori muovini Sherzod Sodiqov mehmonlarni mamlakatimiz arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar turi, tasnifi, davri, arxiv ishi, tizimda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.