Ravotdan yana bir topilma

   2022-yil 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Temuriylar tarixi” davlat muzeyiga o‘rganish uchun Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Ravot qishlog‘ida yashovchi fuqaro Doston Eshmurodov o‘zi yashaydigan qishloqda dehqonchilik qilayotganda topib olgan yigirma bitta mis tanga, bitta mitti mis qoshiqcha va bitta misdan yasalgan noma'lum buyumning sinig‘ini keltirib topshirdi. 
   Topilmalarni o‘rganish jarayonida ushbu ashyolar kimyoviy moddalar yordamida zangdan tozalanilganligi, mazkur jarayon noto‘g‘ri amalga oshirilganligi tufayli ularga katta zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Keltirilgan ashyolar zang va ularga yopishib qolgan kimyoviy moddalardan tozalangandan so‘ng tangalardan oltitasiga aniqlik kiritishning imkoni bo‘lmadi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, tangalar X va XIV–XVI asrlarda Buxoro va Samarqandda zarb qilinganligi aniqlandi.

Dilmurod Normurodov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti bo‘lim boshlig‘i,

“Temuriylar tarixi” davlat muzeyi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).