“Turon sultoni Temurbek” xalqaro tanlovi e’lon qilindi

   O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti o‘zbek xalqi va davlatchiligi, kishilik sivilizasiyasi tarixida buyuk xizmatlari bilan tanilgan, Temuriylar uyg‘onish davri asoschisi ulug‘ Amir Temur, shuningdek temuriylar zamonini yoritib bergan va chet elda chop etilgan ilmiy asarlar tanlovini e’lon qiladi. “Turon sultoni Temurbek” xalqaro tanloviga taqdim etiladigan asar:

   - birlamchi tarixiy manbalarga tayangan;

   - ilmiy tahlilga asoslangan;

   - xolislikka rioya etilgan;

   - asl mavzuga bag‘ishlangan;

   - ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘yilmagan yo‘sinda yaratilgan bo‘lishi lozim.

   Tanlovga nashr etilgan va ko‘p nusxada ommaga tarqatilgan asarlargina qabul qilinadi.

   Asarni tanlovga taqdim etish muallifning o‘zi tomonidan yoki uning nomzodini ko‘rsatgan holda boshqa shaxslar, jumladan, ilmiy, o‘quv muassasalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunda muallif hamda tegishli muassasa haqida to‘liq ma’lumot ilova qilinishi shart.

   Asar ikki nusxada (elektron nusxasini qo‘shgan holda) quyidagi manzilga yuborilishi lozim: O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uy. 100047. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. Shuningdek, hujjatlarni info@fati.uz elektron manziliga yuborish mumkin.

  Arizalar 2022-yil 21-martgacha qabul qilinadi.

  Tanlov natijalari Amir Temur tug‘ilgan kundan oldin Tarix institutining sayti (www.fati.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.

  Tanlov g‘olibining sovrini1000 (bir ming) AQSh dollari.