Mustaqil taraqqiyotimizning boshlaridayoq qilinishi shart bo‘lgan, biroq butunlay tashlab qo‘yilgan bosh muammolardan biri — millatimiz bosib o‘tgan ko‘pming yillik taraqqiyotning tarixiy qonuniyatlarini aniqlashtirib olish bilan bog‘liq. Masalan, kommunistik mafkura asosida ish tutgan mustamlaka – sovet tarixchiligi formatsiyaviy (ibtidoiy, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sotsializm) yondashuvga ruju qo‘ygani yaxshi ma’lum.
Kasbdoshlarimiz orasida hali ham mazkur qolipdan chiqolmayotganlar bor. Shu bilan birga, millatimiz va davlatimiz bosib o‘tgan uzoq yo‘lni sivilizatsiyaviy-sulolaviy nuqtai nazardan o‘rganish, baholash va yoritish maqsadga muvofiq ekani tarixchi olimlarning ko‘pchiligi tomonidan tan olinayotganini ham ta’kidlab o‘tgan bo‘lardik.
Bunday yondashuvning asoslanishi juda ham oddiy. Birinchidan, Xitoy, Hind, Eron, qadimgi Misr va Rum sivilizatsiyalari bo‘lgani, endilikda Yevropa (G‘arbiy Yevropa) sivilizatsiyasiga zo‘r berilayotgani kabi, Turon sivilizatsiyasini ham na tarixiy, na ilmiy jihatdan inkor etib bo‘ladi. Bugungi tushunchalardagi Markaziy Osiyo, G‘arbiy Xitoy va Afg‘oniston yerlariga to‘g‘ri keladigan, ming yillar ichra kechgan moddiy va ma’naviy turmush o‘laroq tug‘ilgan, takomillashib borgan ushbu yaxlit jarayonni boshqargan siyosiy kuchlar esa sulolalar bo‘lgan. Shu munosabat bilan mantiqli savol paydo bo‘ladi: sivilizatsiyaning o‘zi nima va uning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lganmi, u bugun ham bormi?
Sivilizatsiya muayyan xalq va makonning ijtimoiy yuksalishi, moddiy va ma’naviy madaniyatining sifat darajasini anglatadi. Uning tarixiy va zamonaviy voqeligimizdagi boshlang‘ich bo‘g‘ini esa mahalladir!
Til tafakkurimizning yo‘qligi o‘laroq tug‘ilgan chigalliklardan biri bisotimizdagi so‘zlar ma’nosini bilmasligimizdandir, desak adashmaymiz. Asli arablar orqali kirib kelib, tilimizga o‘rnashib qolgan “mahalla” so‘zining o‘zagi “egallamoq”, “o‘rnashmoq”, “to‘xtamoq” ma’nosini bildiradi. Biron manzilda to‘xtab, o‘rnashib, o‘sha joyning egasiga aylanganlar tegrasini bildiruvchi mazkur atama arablar hukmronligi davridagina singdirilgani shubhasiz. Biroq bir yerda tup qo‘yib, palak yozib yashash an’anasi o‘ta eski zamonlarga borib taqaladi.
Ijtimoiy-siyosiy omillar o‘laroq tabiiy yo‘sinda yaralgan eng kichik hududiy birlik — mahalla arablar bosqinidan ancha oldin bor bo‘lganini arxeologiya qazishmalari natijalari va yozma manbalardagi guvohliklar tasdiqlab bo‘lgan. Arablar shaharlarimizga bostirib kirgan ilk paytlarda ularga qarshi urush-talashlar aynan mahallalarda yuz berganining o‘ziyoq ko‘p narsaga ishora.
3500-4000 yil burun gullab-yashnagan Sopollitepa, Jarqo‘ton singari ilk shaharlarimizni o‘troq madaniyat namunalari sifatida yaxshi bilamiz. Biroq ular bir qancha mahallalarga bo‘lingani, kulolchilik, temirchilik, zargarlik, to‘qimachilik va terichilik o‘z davri uchun yuksak darajada rivojlangani ko‘pchilikka ma’lum emas. Qizig‘i, har bir mahallaning o‘z oqsoqoli bo‘lganidan tashqari, ular maslahatlashib ish ko‘radigan oqsoqollar kengashi ham faoliyat yuritgan. Ushbu kengashlarning milliy davlatchiligimiz yaralishi va rivojlanishida tutgan o‘ziga xos o‘rnini hech narsa bilan tenglashtirish mumkin emas, albatta. Negaki, mahalla davlatchiligimizdan oldin paydo bo‘lgan!
Hunarmandchilikdagi ixtisoslashuv jarayoni ham xuddi shu paytda boshlangani inobatga olinsa, “eski shahar”larimizdagi “Attorlik”, “Zargarlik”, “Temirchi”, “Taqachi”, “Egarchi”, “Parchabof”, “Chaqichmon”, “Ko‘nchilik”, “Degrez”, “Ipakbozor”, “Bazzozlik”, “Mahsido‘z”, “Qoshiqchilik”, “Misgarlik”, “Pichoqchilik”, “O‘qchi” singari ko‘plab tarixiy mahallalar ildizi qanchalar chuqur otganini xulosalash qiyin emas, deb o‘ylaymiz.
Mahalla bilan aloqador yana bir muhim omil bor. Xoh 4000, xoh 1000 yoki 150 yil ilgari bo‘lsin, ular el-yurt ozodligini qo‘riqlash, bosqinchilarga qarshi kurash maydoni bo‘lgan. “Eski shahar”larimizdagi ko‘chalar torligi bosh sababini ham aslida mahallalarning mudofaa tizimidagi tengsiz o‘rni bilan tushuntirish mumkin. Ya’ni, yov bostirib kelganida, yo uni ichkariga kiritmaslik yo ichkariga kiritib olib qamash maqsadida mahalla boshidagi ko‘chalar yog‘och, shox-shabba kabilar bilan to‘silgan. Erkagu ayol, yoshu qari tomlarda turib dushmanga qattiq qarshilik ko‘rsatgani, uni qirib tashlaganiga oid guvohliklar manbalarda yetarlidir.
Agar turli tarixiy bosqichlarda olov, budda, Allohga sig‘inuvchilarning sajdagohlari, o‘quv maskanlari, jumladan, maktab, madrasalar mahallada qurilib, kasalxona, ustaxona, karvonsaroy, bozorcha, tegirmon, hammomlar ham mahallada faoliyat yuritgani ko‘zda tutilsa, kamida 4000 yildirki, mahalla milliy davlatchiligimiz, iqtisodiyotimiz, mudofaachiligimiz va ma’naviy turmushimizning poydevori bo‘lib kelayotgani ayonlashadi-qoladi.
O‘tgan ming yilliklar ichida qishlog‘u shaharlar, tumanu viloyatlarning qanchasi yo‘q bo‘lib, qanchasining tegralari o‘zgacha tus oldi, yana qanchasi yangitdan paydo bo‘ldi. Ularni qo‘ya turaylik, necha-necha buyuk saltanatlarni tuzgan davlatimiz chegaralari o‘zgarib ketgani-chi?! Biroq, mahalla yo‘qolmadi! Qanchalik urinmasinlar, buni hatto so‘nggi mustamlakachilar — kommunistlar ham eplay olmadi.
Rahmatli buvimizning u yoki bu bahona bo‘lib aytilgan esdaliklarida “damko‘m chaqirdi”, “damko‘m undoq dedi, damko‘m bundoq dedi”, “damko‘m kirib keldi”, “damko‘m naluni (nalog) so‘rab kirdi”, “damko‘m yo‘q degan”, “damko‘mga chiqaman”, qabilidagi ta’kidlarni ko‘p eshitardik. Ulardan mana bunisi esa hali ham qulog‘imiz ostida jaranglab turgandek: bir kuni dodam ko‘chadan yig‘lamsirab kirdi va nima gap tinchlikmi, kim xafa qildi, savolimga, “damko‘m” bilan “vaenko‘m”ning uyi kuysin, etigini tortishga kuchi yo‘q o‘spirinlarni to‘p-to‘p qilib urushga olib ketmoqda, ertaga bari juvonmarg bo‘lishi tayin-ku, bolam, degan edi...
“Damko‘m” kimligini tushunmay, u kim o‘zi, so‘rog‘imizga joni jannatda bo‘lgur onamiz bergan “mahalla raisi” javobi ham bironta oydinlik kiritgan emas. Ulg‘ayib borganimiz sayin mahalla, uning raisi nima va kimligi ayonlashgan bo‘lsada, biroq 1988-yili yaratilgan “Ityurak” (“Sobache serdse”) kinoasarini ko‘rganimizdagina, gap nima haqidaligini bilib oldik. “Domkom” aslida “domovoy komitet”ning o‘zak qisqartmasi bo‘lib, mazkur jamoat tuzilmasi nima-yu uni kimlar boshqargani ayonlashdi. Ana shundagina, buvim “domkom”ni tilga olganida, ohanglarida hatto bola bo‘lmish kaminaga sezilgan qandaydir cho‘chish va katta buvamizning qarg‘ishi sababini bilib olganmiz. Tarixchilik kasbini egallagach, “mahalla aktivlari”dan qatag‘onchilik siyosati, jumladan, quloqlashtirishda qanday foydalanilganining guvohi ham bo‘ldik...
Milliy davlatchilik huquqimizni tortib olgan mustamlakachi — sovet hokimiyati tariximiz, til, adabiyot, san’atimiz, dinimiz, iqtisodiyotimizni yo‘q qilishda kattadan-katta “yutuqlar”ga erishdi, ulkan va ulug‘ saltanatlarga asos bo‘lgan yurtimiz chegaralari, uning tarixiy-ma’muriy bo‘laklarini o‘zi bilgancha kesdi, yamadi, tarqatdi. Biroq qancha urinmasin, mahallani, 4000 yillik tarixiy-milliy-hududiy birligimiz — o‘zagimizni butunlay yemira olmadi.
Davlat mustaqilligimizni tiklagach, boshqa yo‘nalishlar qatori mahallaning ham “ko‘kragiga shamol tegdi”, butunlay yangicha — demokratiya, bozor iqtisodiyoti, fuqarolik jamiyati sharoitida jonlantirish imkoni tug‘ildi, mazkur borada qator ishlar bajarildi ham. Shu bilan birga, turish-turmushimizning eng quyi va hal qiluvchi boshqaruv bo‘g‘ini sifatida, mahalla davlat va jamiyatimiz umumiy idora tizimining tabiati va yo‘rig‘idan chetga chiqolmadi. Chiqolmasdi ham.
Endilikda hokimning bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashni ham boshqarishi an’anasiga chek qo‘yish, hokimlarni saylash zarurati haqida so‘z qotmagan odam qolmadi. Vaholanki ushbu, chindan ham o‘ta muhim masala to‘g‘risida hali u hech kimning xayolida bo‘lmagan, bo‘lganlarida esa ochiq fikr bildirishga majol yo‘q 2016-yili birinchi bo‘lib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zi aytgan edi.
Milliy yetakchimizning mahalla oqsoqolini saylash madaniyatimizning ijro hokimiyati bo‘g‘inlari boshliqlarini saylash bilan uzviy bog‘liqligi bo‘yicha fikrlari mag‘zini hali ham chaqolganimiz yo‘q, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Holbuki, bu yerda juda chuqur va uzoqni ko‘zlagan ma’no bor.
Gap shundaki, xalqimiz 3000 yil ichida davlat boshqaruvining tikka qurilgan tizimida yashab keldi. Undan choragi kam bir asr (1917 — 1991) ma’muriy-buyruqbozlik hukmronligi uchiga chiqqan muhitda o‘tdi. Mazkur so‘nggi bosqich inson uchun o‘ta zarur barcha huquqlar — siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy haqlar poymol qilingani sharoitida kechgani ko‘zda tutilsa, mustaqil taraqqiyot davrimizga qanday meros bilan qadam qo‘yganimiz ayonlashadi-qoladi. Eng chatog‘i, o‘tgan yillarda ayrim urinishlar qilinganiga qaramay, mazkur merosdan to‘la qutulolmaganimiz ham haqiqat. Bu, eng avvalo, umummilliy boshqaruvning quyi bo‘g‘inida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Rasman demokratik, amalda esa mustamlaka zamonidan qolgan ma’muriy-buyruqbozlik asosida tashkil etilgan boshqaruv tizimida mahalla o‘zgacha ish tutolmasligi turgan gap edi. Jamoatchilik nazorati butunlay yo‘qqa chiqarilgani, vakillik idoralari “xo‘jako‘rsin”ga tuzilgani inobatga olinsa, masala mohiyati yanada oydinlashadi. Chorak asr ichida Toshkent — barcha jihatlardan ilg‘or va ibrat bo‘lishi lozim poytaxt tumanlarida xalq vakillarini uyushtirishi darkor kengashning o‘zi bo‘lmagani esa ko‘p narsaga ishoradir, albatta.
Eng eski zamonlardan mahalla oqsoqolligiga turmushning achchiq-chuchugini tortgan, bir ishning boshini tutib, qo‘lidan bir nima kelishini isbotlab qo‘ygan, odamlar boshini qovushtirib, yo‘lga sola oladigan, obro‘-e’tiborli shaxslar loyiq ko‘rilgan. Shunday fazilatlarga ega yetakchiga odamlar ishongan, ishondilarmi, ergashgan. Ammo ma’muriy-buyruqbozlik ustun, ijodkor, xalqchil, kirishimli, eng muhimi, zamonaviy bilimlarga ega, millatsevar va yurtsevar boshqaruvchilarning bozori kasod, aksincha, “gah” desa, qo‘lga qo‘nadigan, bir ishni qoyillatmasa ham, bosh ustiga, muomalasini o‘rniga qo‘yadigan, xushomadgo‘y, bilimsiz, do‘q-po‘pisaga ustalarning oldi-berdisi chaqqon muhitda mahalla va uning oqsoqoli umuman olganda boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi.
Buning oqibati ham yaxshi ma’lum: davlat va jamiyat boshqaruviga xos barcha illatlar o‘zini-o‘zi boshqarish tabiatini har holda saqlab qolgan birdan-bir tuzilma sanalmish mahallaga ham kirib bordi, o‘rnashdi, quloch yozdi... Shu tariqa, odamlarda necha ming yillik mazkur o‘ta muhim bo‘g‘in va uni boshqaruvchilarga ishonchsizlik tug‘ila boshladi. O‘z qadrini bilgan uncha-muncha odam oqsoqollikdan qochganini yashirishning endi hojati ham, uyati ham yo‘q, deb sanaymiz. Ushbu sharoitda, yuzaki qaraganda, ko‘rimsiz bo‘lib qolgan, biroq milliy boshqaruv tizimida tengsiz o‘ringa ega lavozimga tasodifiy odamlar kelib qolishi tabiiy edi va shunday holatlar ham etarli bo‘lgan.
Mahalla tuzilmasiga oid yana bir og‘riqli jihat mahalla idoralari bilan bog‘liq bo‘lgani bugun sekin-asta esdan chiqib bormoqda. O‘z binosiga ega bo‘lmagan, ijarada o‘tirgan qo‘mitalar azim Toshkentning o‘zida ancha-muncha bo‘lganiga shaxsan guvohmiz. Elektr, suv, gaz xarajatlarini qoplashga imkoni yo‘q oqsoqollarning mahalladagi ishbilarmonlar qo‘liga qarab, so‘ng ularga qaram bo‘lib qolgani-chi?
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: mustaqillik yillarida biz mahallaning necha asrlar davomida yetilib kelgan kuch-qudratidan oqilona foydalana bildikmi? Ha, deyolmaymiz. Agar gap 9300 taga yaqin mahalla — zamon qanday bo‘lmasin, mohiyatini yo‘qotmagan, birgalikda yashash omili o‘laroq tug‘iladigan o‘ziga xos tarixiy-milliy muhit haqida ketayotgani inobatga olinsa, boy berilgan fursatning ko‘lami yanada ayonlashadi.
Milliy yetakchimiz Yangi O‘zbekiston bosqichining ilk kunlaridan boshlab odamlar ishonchi masalasiga qattiq va tinimsiz urg‘u berib kelayotgani bejiz emas. Negaki, ishonch yo‘q yerda, hayot mazmuni yo‘qoladi. Endilikda og‘izdan-og‘izga o‘tib borayotgan “qilsa bo‘lar ekan-ku”, e’tirofi ishonchning tiklanib borayotgani, poytaxtdagina emas, uzoq-uzoq qishloqlarimizda ham turmush butunlay o‘zgacha sifatga ega bo‘lib borayotganidan dalolatdir, albatta. Mahalla ham bundan istisno emas.
O‘tgan besh yilda mahallalarimizda yuz bergan o‘zgarishlarni tarixiy, deya baholasak, oshirib yubormagan bo‘lamiz. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari doirasida yilma-yil bajarib kelinayotgan keng ko‘lamli va manzilli ishlar natijasida elektr, gaz, suv ta’minoti, ichki yo‘llar qurilishi va ta’miri, bolalar va sport maydonchalari qurilishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini barpo etish, ta’mirlash, mahalla idoralarining zamonaviy binolarini yaratish, ularni ma’rifat markazlariga aylantirish kabi o‘n yillar ichida barchamizga tashvish tug‘dirib kelayotgan va yechimi yo‘qdek muammolar bartaraf etildi va etilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tuzilishi esa, nihoyat, 4000 yil deganda, davlat va jamiyat boshqaruvining mahalladek noyob nodavlat tuzilmasiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining tasdig‘idir. Yangi vazirlik zarurati, umuman, tizim oldida turgan vazifalar haqida to‘xtalgan milliy yetakchimizning “Mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak” so‘zining tub ahamiyatini esa o‘shanda tushungan tushundi, tushunmaganlarda bugun tushunish imkoni bor.
Gap shundaki, zamonaviy boshqaruv tizimida saylovlar orqali shakllantiriladigan lavozimlar haqida so‘z ketganda, biz odatda, Prezident va turli darajadagi deputatlarni ko‘zda tutamiz. Hokimlarni ham saylash mavzusiga qo‘l urilganiga esa endi besh yil bo‘ldi. To‘g‘ri, saylab qo‘yiladigan boshqa lavozimlar ham bor, masalan, vakillik idoralarining ichki tuzilmalari, nodavlat tashkilotlarda. Biroq ular katta-kichikligidan qat’i nazar, tegishli hudud chegarasida bo‘lib o‘tadigan saylovlardan farq qiladi. Bizda esa boshqaruvi hududiylik asosida bajariladigan noyob tuzilma bor — mahalla. Bo‘lganda ham, yuqorida aytilganidek, 9300 taga yaqin. Va e’tibor bering, mahallalar tizimi butun O‘zbekistonni qamrab oladi.
Bundan chiqdi, mahalla o‘zgarsa, butun yurt o‘zgaradi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan 2022-yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilinishi va bu shunchaki shior bo‘lmay, chuqur hayotiy mazmunga egaligiga diqqatni qaratgan bo‘lardik.
O‘zbek — uyim-joyim degan xalq. Unga mehmonxona yoki musofirxonada yashash yot. Uning uchun o‘z uyi — o‘lan to‘shagi. Uyi esa mahallada! Kim bo‘lishidan qat’i nazar — boy, o‘rtahol, kambag‘al, amaldor, farrosh, dehqon, san’atkor... o‘z uyi bor. Umrining uchdan ikki bo‘lagini, odatda, u o‘z uyida o‘tkazadi. Nonni mahalla do‘konidan sotib oladi, bolalari mahalladagi bog‘cha, maktabga qatnaydi, zarur bo‘lganda, oilaviy poliklinikaga chiqadi. To‘yyu ma’rakasini to‘yxonada o‘tkazishi mumkin, biroq kelinni uyiga tushiradi, fotihagarchilikni ham o‘z hovlisi — mahallasida o‘tkazadi. Ya’ni, o‘zbekning otasiyu onasi ham, bolasiyu chaqasi ham mahalla, bozori ham, mozori ham mahalla! Turmush ming yillar ichra mahallada qaynagan va qaynaydi!
Shu bilan birga, bir haqiqatni ham tan olishimiz lozim: biz mahallaga ham, dinimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga bo‘lgani kabi, ongli ravishda emas, balki uzoq vaqtlar shakllangan va shakllantirilgan tushunchalar epkini ostida munosabatda bo‘lib kelmoqdamiz. Ya’ni, biz unga maishiy jarayon kechuvchi doira sifatida qaraymiz. Milliy yetakchimizning Yangi yil qutlovida bildirgan mana bu fikri esa bu boradagi “an’anaviy” tushunchalarimizni o‘zgartirish payti kelganidan dalolat beradi: “Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi”.
Bundan chiqdi, insonni qadrlash uning hurmatini o‘rniga qo‘yish, ijtimoiy muammolarini hal qilishgina emas, balki uning siyosiy manfaatlarini amalda ta’minlash bilan uyg‘unligi masalasi ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Va bu ish mahalladan, undagi faollikdan boshlanishi kerak! Agar 2022-yil 1 yanvardan e’tiboran butunlay yangi tizim — har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etilgani ham ko‘zda tutilsa, davlat va jamiyat boshqaruvining Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan butunlay yangicha, eng muhimi, milliy qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga mos tizimining mohiyati oydinlashadi-qoladi.
Bu haqida davlatimiz rahbari oddiygina qilib tushuntirib ham berdi: “Hozir ko‘pchilik bu tizim qanday ishlashini anglab yetmayapti. Lekin men bu yangilikni albatta tatbiq etaman. Chunki bizda shu paytgacha pastga tushish, bevosita xalq bilan ishlash tizimi yo‘q edi, buni tan olishimiz kerak. Yangi tayinlangan hokim yordamchilari uyma-uy yuradi, bemor bormi, ishsiz bormi, jinoyatga moyillar, uyushmagan yoshlar bormi, har biri bilan astoydil shug‘ullanadi”.
Konstitutsiya va qonunlarimizda mansabdor shaxslarga talablar mazkur hujjatlarga xos tilda quruqqina bayon etilgan. To‘g‘ri, bu ham kerak. Biroq turish-turmush talablari o‘zgacha. Donishmand xalqimiz ularni bir jumla bilan ifoda etgan-qo‘ygan: el-yurt tashvishi bilan yashash. Yillar o‘tib, kelgusi boshqaruvchilarning ish yo‘rig‘i boshqacha bo‘lishi mumkin va bu tabiiy. Biroq ayrimlari asrlar, ayrimlari o‘n yilliklarga tatigulik og‘irdan-og‘ir muammolar yechilishi zarur bo‘lib turgan endigi tarixiy pallada davlat xizmatchisi ishsizlik, sog‘liq, jinoyatchilik, yoshlar, ta’lim, ma’rifat va ma’naviyat masalalari bilan shug‘ullanishi shart. Uning uchun bundan boshqa vazifaning o‘zi yo‘q.
Demak, Yangi O‘zbekistonning yangi avlod boshqaruvchilari ilk va bosh bo‘g‘in — mahallada, o‘zbekning quvonchiyu tashvishlari, og‘iriyu yengili, yutug‘iyu kamchiliklari...butun borlig‘i mujassamlashgan muhit va makonda sinovdan o‘tadi, pishiydi, yetiladi. Agar mazkur tizimda yoshlar yetakchisining ham o‘z o‘rni bo‘lishi, eng muhimi, Prezidentimiz aytganidek, yordamchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat tug‘ilishi ham ko‘zda tutilsa, 9300 ga yaqin mahallada kelgusi yillarda kechadigan jarayonning unumini bugunoq chamalash qiyin emas: zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, ma’rifat markazining havosini olgan, o‘z ildizini anglagan o‘n minglab qorako‘zlarimiz yurtimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turmushining turli bo‘g‘in va yo‘nalishlariga kirib boradi, davlat va xususiy tashkilotlarda yetakchi kuchga aylanadi. Mahallalarimiz esa temirdek mustahkam bo‘lib borar ekan, millatimiz ham temirdek toblanaveradi.
Azamat ZIYO,
O‘zR Fanlar akademiyasi
Tarix instituti
direktori, tarix fanlari
doktori, professor