2021-yil 29-dekabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida yillik hisobot bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda institutning barcha xodimlari, doktorant va tayanch doktorantlari masofadan ishtirok etdilar. Hisobotni institut bosh ilmiy xodimi Rustam Sulaymonov olib bordi. Hisobot ochiqlik hamda tanqidiy tamoilda olib borilishi belgilab olindi va dastlabki so‘z institut ilmiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sherzodxon Mahmudovga berildi.
Direktor o‘rinbosari hisobot yili davomida muassasa belgilab olingan reja asosida ish olib borilganini va qo‘lga kiritgan yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Institut qo‘lga kiritgan yutuqlar orasida chop etilgan monografiyalar, e’lon qilingan ilmiy nashrlar va ommaviy axborot vositalaridagi faol ishtirok e’tirof etildi. Shu bilan birgalikda yil davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ma’lumot berildi. Direktor o‘rinbosari o‘z fikrining so‘nggida institut rasmiy veb saytini yanada yaxshilash bo‘yicha xulosalarini va ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklarni keng ommaga havola etdi.
Shundan so‘ng hisobot topshirish uchun so‘z institut ilmiy kotibi Nigora Rahimjonovaga berildi. Ilmiy kotib o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Bajarilgan ishlar qatorida ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha nashr ishlari va doktorant hamda tayanch doktorantlar tomonidan e’lon qilingan ishlar sarhisobi qatnashchilarga havola etildi. Ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchilar faoliyatidagi kelasi yildan amalga oshiriladigan o‘zgarishlar ma’lum qilindi.
Keyingi hisobot navbati institut “Yosh olimlari” kengashi raisi Xurshidjon Jumanazarovga berildi. U yosh olimlar faoliyatini muvofiqlashtirib kelayotgan uyushma xususida batafsil ma’lumotlarni o‘rtoqlashdi. Yosh olimlarning yig‘indagi erishayotgan yutuqlari qatorida jamoatchilik ishlaridagi faolligini qayd etib o‘tdi. O‘z nutqining oxirida yig‘in raisi institut ilmiy va tashkiliy ishlarida faol ishtirok etgan yoshlarni sanab o‘tdi va ularga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
Keyingi hisobotchi institutning xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Vohid Xolov so‘z olib, joriy yilda bajarilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarini taqdim etdi. Yil davomida muassasa tomonidan bajarilgan xalqaro loyihalar, imzolangan shartnoma va kelishuvlar sarhisob qilindi. Xususan, Belgiya, Fransiya, Turkiya, Polsha, Mongoliya, Hindiston, Xitoy, Avstraliya kabi mamlakatlar bilan bog‘liq institute xalqaro aloqalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari hisobotda institutda faoliyat olib borgan xorijlik tadqiqotchilar va ularning izlanish yo‘nalishlariga oid ma’lumotlar ham keltirildi. Nutqining so‘nggida esa yangi yilda rejalashtirilgan xalqaro hamkorlik bo‘yicha axborot berdi.
Shundan so‘ng institut kasaba uyushmasi raisi Muxtorjon Shamsiyev, xotin-qizlar uyushmasi raisi Muhayyo Isoqova, direktorning umumiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Islomov, bosh hisobchi Fahriddin Umarovlar hisobot berdilar. Barcha mas’ullar tomonidan hisobot yili davomida erishilgan yutuq va kamchiliklar bayon etildi hamda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdilar. Institut faoliyatini yanada takomillashtirish va izchillashtirish maqsadida qator tavsiya hamda takliflar bildirildi. Yig‘ilish so‘nggida rahbariyat tomonidan institut xodimlariga kirib kelayotgan bayram munosabati bilan tabrik yo‘llandi va karantin qoidalariga amal qilish yana bir bor yodga solindi.