2021-yil 27-dekabr kuni Fanlar akademiyasi Tarix institutida Direktor kengashining navbatdagi 44-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yillik hisobot – ilmiy kengash yig‘ilishini 2021-yilning 29-dekabr kuni o‘tkazish belgilanib, uni tayyorlashda erishilgan yutuqlar qatori kamchiliklar, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, 2022-yil ish rejasini ishlab chiqishning holati to‘g‘risida bo‘lim va markaz boshliqlarining ma’lumoti eshitildi.
2022-yil rejasi bo‘lim va markazlarda xodimlar bilan yana bir bor muhokama etib, ma’muriyatga taqdim etish vazifasi belgilandi. Kelgusi yildan rejalarning bajarilishi har chorak yakuni bo‘yicha nazoratga olinishi ta’kidlandi. Yig‘ilishda ilmiy loyihalarning bajarilishi, 2021-yil nashr ishlari, jumladan, “O‘zbekiston tarixi” jurnali bo‘yicha hisobot va 2022-yili chop etiladigan ilmiy ishlar masalasi ham ko‘rib chiqildi, tegishli topshiriqlar berildi. Malakaviy imtihon dasturi va savollarni yangilash bo‘yicha bo‘lim va markazlar tomonidan tayyorlangan namuna ko‘rib chiqildi. Dastur sovet davridan qolgan qoliplar asosida ekani, uni o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi nuqtai nazaridan qayta ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Tadbirda yil yakunlari bo‘yicha yosh olimlarni moddiy rag‘batlantirish, Yosh olimlar kengashining 2022-yil uchun ish rejasining loyihasi kabi masalalar ham muhokama qilindi. Institut rasmiy saytini yaxshilashda bo‘lim va markazlar sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganlari tanqid qilindi va tegishli topshiriqlar berildi.
Saodat Nazarova