2021-yil 29-30-noyabr kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Turkiyaning Egey universiteti Turk dunyosi tadqiqotlari instituti hamkorligida “Amir Temur va Izmir” mavzusida xalqaro ilmiy yig‘inni tashkil etildi. Tadbir avvalida Turkiya va O‘zbekiston davlat madhiyalari yangradi.
Ushbu yig‘inda dunyoning 6 ta mamlakatdan 40 dan ortiq olim hamda tadqiqotchilar Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid ilmiy yangiliklarni ulashish uchun bir makonda birlashishdi.
Yig‘inning ochilish marosimida dastlab Egey universiteti rektori, professor Nejdet Budoq so‘zga chiqdi. U Amir Temur tomonidan Izmirning egallanishini buyuk bir tarixiy voqea sifatida baholar ekan, quyidagi ifodalarini bildirdi: “Bugun turk tarixidagi eng buyuk nomlardan biri bo‘lgan Amir Temurni yodga olish va biz izmirlik bo‘lib uni unutmaganligimizni bildirish uchun birgamiz. Izmir 1402-yili Amir Temur tomonidan qo‘lga kiritilib, Oydino‘g‘ullari qo‘liga topshirilgan. Shunday ekan, izmirliklar Amir Temurga ma’naviy qarzdordir. Buning eng ma’noli yo‘li – Amir Temurni yodga olish va uning nomini barhayot qilishdir. Ushbu xalqaro yig‘inni tashkil etishda qo‘shgan hissalari uchun Turk dunyosi tadqiqotlari instituti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yig‘in barcha ishtirokchilar uchun samarali bo‘lishini tilayman”, deb so‘zini tugatdi.
Egey universiteti Turk dunyosi tadqiqotlari instituti direktori professor Nadim Majid so‘zga chiqib, Amir Temurning buyuk davlat arbobi, kuchli siyosatchi, ilm va fanning homiysi Temuriylar renessansining asosiy qahramoni ekanligini aytib o‘tdi.
Xalqaro yig‘inni tashkil etish tashabbuskori, Turk dunyosi tadqiqotlari instituti Turk tarixi bo‘limi mudiri professor Ali Usmon Koratoy Amir Temur shaxsiga baho berib, “Temur kim? Otaturk kabi dushmanni yengib dengizga uloqtirgan buyuk shaxsdir, boshqa gapga hojat yo‘q. Biz Temurni jahonga hukmronlik qilishga intiladigan qo‘mondon, madaniyat odami sifatida bilamiz. Shu bilan birga, u o‘z ustozi poyiga dafn etilishini hohlagan dunyodagi yagona hukmdordir. Ushbu ilmiy yig‘in uchun dunyoda birinchi marta simfonik asar yaratildi. Biroq, ba’zi sabablarga ko‘ra simfoniyani siz bilan ulasha olmaymiz, lekin yaqin kunlarda boshqa tadbirda eshittiriladi va mumtoz musiqaga aylanadi”, dedi.
Ushbu yig‘inda Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzodxon Mahmudov so‘zga chiqib, yig‘inni Amir Temurga ko‘rsatilgan xurmat va ehtirom uchun minnatdorchilik bildirib, “Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu ilmiy yig‘in o‘zbekning ulug‘iga ko‘rsatilgan yuksak e'tirof ekanligini bildirdi. Amir Temur Turk dunyosi uchun juda muhim shaxs ekanligi, u daho qo‘mondon, aqlli siyosatchi, turkiy xalqlarni birlashtirish yo‘lida markazlashgan davlat tuzishga erishgan yetakchi bo‘lganligi ta'kidlandi. Direktor o‘rinbosari oldimizda turkiy xalqlar tarixini, shu jumladan, Amir Temur faoliyatini ham birgalikda birlamchi manbalar asosida tadqiq etish vazifasi turganligini qayd etdi.
Ilmiy yig‘inda taqdim etilgan ma’ruzalarda temuriylar davrida dunyo ilm-fanining taraqqiyotiga qo‘shilgan ulush, arxiv hujjatlari va qo‘lyozmalarda temuriylar davrining turli masalalari, jumladan tabobat, harbiy salohiyat, mulkchilik masalalari, xorij manbalarida temuriylar davrining yoritilishi, xalq og‘zaqi ijodi va badiiy adabiyotda Amir Temur faoliyatining bayon etilishi tahlil qilindi. Ushbu ilmiy yig‘in turkiy dunyo olimlari va yosh tadqiqotchilari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kuchayishiga xizmat qiladi.