Bugun 26-noyabr juma kuni Belgiyaning Luven katolik universiteti "Amaliy antropologiya laboratoriyasi"da bo'lib o'tgan navbatdagi ilmiy yig'inda Tarix instituti tayanch doktorantlari ma'ruza bilan ishtirok etdilar. Ushbu ilmiy yig'in laboratoriyada har hafta o'tkaziladi va unda tadqiqotchilar o'zlari erishgan ilmiy yangiliklar, olib borilayotgan izlanishlarning o'ziga xosligi va dolzarbligi xususida chiqish qiladilar.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ International Credit Mobility xalqaro dasturi bo`yicha mazkur laboratoriyada tajriba almashayotgan tayanch doktorant Zufar Qoryog'diyev "Buxoro lo'lilarining ijtimoiy hayoti va madaniyati (Social life and culture of Bukharian lyuli)" mavzusida ma'ruza qildi. Unda bugungi kunda Buxoro vohasida istiqomat qilib kelayotgan lo'lilarning o'ziga xosligi va boshqa hududlardagi lo'li jamoalaridan farqli jihatlarining ijtimoiy hayot hamda madaniyatdagi jihatlarini ochib berdi.
Shu kundagi ikkinchi ma'ruza Tarix institutining yana bir tayanch doktoranti Shavkat Bobobojonov tomonidan amalga oshirildi. U "Buxoro vohasi ziyorat turizmi obyektlarining tasnifi (Classification of pilgrimage destinations in Bukhara oasis)" deb atalgan ma'ruzasida so'nggi yillardagi ziyorat turizmidagi o'zgarishlar, madaniy yodgorliklarning bugungi holati to'g'risidagi qiziqarli ma'lumotlarni havola etdi.
Har bir ma'ruza so'nggida yig'in ishtirokchilari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. E'tiborlisi shundaki, ma'ruzachilarga berilgan savollar ichida Tarix instituti faoliyati yo'nalishlari, so'nggi yillarda olib borilayotgan tadqiqotlar haqida ko'plab savollar berildi. Shu bilan birgalikda ishtirokchilarga tadqiqotchilarimiz o'zlari tomonidan suratga olingan video materiallarni ham namoish etdilar.
Ushbu yig'inda Belgiyadan tashqari Moldova, Kuba, Xitoy va Afrika mamlakatlaridan kelgan tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Ular O'zbekiston tarixi va madaniyatiga qiziqishlarini va mehmondo'st xalqimiz bilan yaqindan tanish istagini bildirdilar.
Shavkat Bobojonov.
Tarix instituti tayanch doktoranti