Dono Ziyoyeva xotirasiga bag'ishlangan kitob taqdimoti o'tkazildi.

Shu yilning 27-oktabr sanasida O'zbekiston tarixi davlat muzeyida marhuma atoqli tarixchi ustoz, tarix fanlari doktori, professor Dono Ziyoyevaning xotirasiga bag'ishlangan "Ziyo nurin taratib" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirda ustozning oila a'zolari, yaqinlari, hamkasblari, shogirdlari va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar ishtirok etishdi.

Dono Ziyoyeva xotirasiga bag'ishlangan kitob taqdimotida ustozning ibratli ilm yo'li, tarix fani rivoji uchun qo'shgan benazir hissasi, erishgan yutuqlari alohida e'tirof etildi. Shu bilan birgalikda mehnat faoliyatidagi jonkuyarligi, yosh izlanuvchilarni qo'llab-quvvatlash tarafdori bo'lganliklari, nafaqat olima ayol, balki, qadrli turmush o'rtoq, mehribon ona suyukli buvi bo'lganliklari xotirlandi.

Tadbirda so'z olganlar ustozning takrorlanmas insoniy hislatlariga alohida to'xtalib o'tdilar va ularning so'nggi yillardagi amalga oshirgan ishlari ahamiyati yuzasidan o'z fikrlarini o'rtoqlashdilar.