BITTA MILLAT, BITTA DAVLAT

Shu yilning 8-sentabr "Yangi Ozbekiston" gazetasining 179-sonida Tarix instituti direktori professor Azamat Ziyoning milliy uyg'onish zaruriyatiga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi. Maqolaning to'liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Davlat mustaqilligimizni tiklaganimizning o‘ttiz yilligi chin ma’noda to‘y bo‘ldi, bayram bo‘ldi. Ochig‘ini aytganda, o‘n, yigirma, yigirma besh yilliklarning xumori chiqdi... Uch ming yillik davlatchiligimiz tarixining har bir yili aziz, biroq kishi o‘zi yashab, ishlab turib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘z qulog‘i bilan eshitganlarining qimmati butunlay o‘zgacha sifat topishi tabiiy.

Ijodiy umrini asosan, milliy davlatchiligimiz tarixini o‘rganishga bag‘ishlab kelgan olim o‘laroq, uning ming, yuz, o‘n yilliklari manzaralarining hujjatli isbotlarini keltira olamiz. Barcha ikir-chikirlarini bilmasak-da, o‘zagi, ustuni, tizimi, asosiy bosqichlari, shaxslari, qonuniyat va xulosalari ko‘z oldimizda gavdalanib turaveradi. Biroq, yaqin-yaqingacha odatiy bo‘lib kelgan so‘nggi o‘ttiz yillik bosqich endilikda tamomila boshqacha mazmun va tarovat baxsh etmoqda.

Tarixni saboq olish uchun ham o‘rganamiz. Saboq olish uchun esa, o‘rganilayotgan tarixiy muddatning qisqaligi katta ahamiyat kasb etmaydi. Bitta sharti bilan albatta: agar u jo‘shqin kechsa...

Istiqlolning ilk chorak asri mustaqil davlatchiligimiz va iqtisodiyotimiz poydevorini yaratishdek o‘ta og‘ir yumushlar bajarilgani bilan ajralib turadi. Ilmiy nuqtai nazardan baholaganda, mazkur bosqichda mustamlaka-sovet davri asoratlari hali ham kuchini yo‘qotmagan, tegishli choralari ko‘rilmasa, endigi sharoitda ham o‘z mag‘zini saqlab qolgan holda, yangicha shakl-shamoyil kasb etish xatari yuqori edi. Shunday bo‘ldi ham. Aftidan, xuddi shu omil tufayli ushbu palla bilan bog‘liq qarashlar, yondashuvlar, holatlar, natijalarda ichki qarama-qarshiliklar yaqqol sezilib turadi.

To‘g‘ri, o‘zlik, milliylikdan oziqlanadigan tarix, adabiyot, til, san’at singari juda kerakli yo‘nalishlarda bir qator jiddiy urinish larga qo‘l urildi. Biroq ajablanarlisi (?), ularning birortasi bo‘yicha ko‘rsatib, maqtansa arzigulik yarq etgan natijaga erishilmadi.

Amir Temur shaxsining butun boyligi va qimmatini oldiniga o‘z elimizga, qolaversa, butun olamga yetkazib beruvchi bironta pishiq-puxta ilmiy, adabiy, kino, teatr, rassomlik asari yaratildimi? Ha, deya olmaymiz. Qani, o‘zga xalqlar va davlatlarda ana shunday, hech bo‘lmaganda, Shohrux darajasidagi ulug‘ zot bo‘lganida edi, boshqalarga gap bermasdilar ham, birovlarning ko‘zini ochirmasdilar ham.

“Temur tuzuklari” tilimizdan tushmagani rost. Ammo harb ishini bolalarimizga “Suvorov” maktabida o‘rgatib keldik. Qani mantiq? Mustaqilligimizning yigirma to‘qqizinchi yiliga (!) kelibgina, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan “Temurbeklar maktablari” tuzildi, o‘ttizinchi yilida (!) esa, nihoyat, “Temur tuzuklari” o‘quv qo‘llanmasi yaratildi. Keling, tan olaylik, birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davrlarini o‘zbek millati bilan bog‘lash u yoqda tursin, o‘tmishimizda shunday tarixiy bosqichlar bo‘lgani haqida ichimizdan kimdir yaqin-yaqingacha tuzukroq so‘z qotdimi o‘zi? Yostiqdek-yostiqdek ilmiy ishlar, darsliklarda ushbu mavzu bormidi? Shoirlarimizning bu boradagi bironta to‘rtligi-yu, zabardast yozuvchilarimizning kichikroq hikoyasi bo‘lganmi? Ha, deya olmaymiz!

Kishilik borlig‘ida hech bir millat va davlatga nasib qilmagan bunday noyob hodisa — qo‘shaloq tarixiy palla Prezidentimizning 2020-yil 31-avgustdagi chiqishida: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, deya yangragandan keyingina ongimizga yetib borgani ham haqiqatdir.

Milliy siyosiy tafakkurimiz cho‘qqisida bu kabi yorqin va kuchli iroda chaqnashini kutmaganlar uni hazm qilolmay, hozir ham o‘zlariga kelolmay yurganlari bor gap! Davlat mustaqilligimizni tiklaganimizdan keyin ham “o‘zbekniki o‘rtada” bo‘lib kelgani, milliy boyliklarimizning moddiylarigina emas, ma’naviylari ham, avvalo, buyuk o‘tmishimiz, ulug‘ bobolarimiz merosi talon-taroj qilinib, tarqoqlikda tentiratib qo‘yilganini bugun aytmasak, yana qachon aytish mumkin?

Holbuki, kishilik tarixidagi bironta yangilik va ixtiro Muhammad Xorazmiy xizmatiga teng kela olmasa kerak. Aynan bizning buyuk bobomiz — o‘zbek olimi insoniyatning ilk raqamlashtirish chog‘ini boshlab bergan, deyishga barcha asoslarimiz bor. Bu yerda hech bir mubolag‘a yo‘q. Tilga olingan tarixiy haqiqatni tasavvur qilish uchun esa, yurtdoshimiz yashagan vaqtda o‘zi dunyoda nima gap edi, degan savolni ko‘ndalang qo‘yib, so‘ng unga javob berishimiz darkor, xolos. Garchi keng va tor ma’nolarda XXI asr Sharq yana uyg‘onayotgan yuz yillik chog‘i bo‘lsa-da, xolis aytganda, Yevropa va Shimoliy Amerikaning so‘nggi ikki yuz yildagi chindan ham siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnologik ilg‘orligining ohori hali to‘kilganicha yo‘q. Mustamlaka-sovet davrida “milliy borliq va taraqqiyotimiz” masalasini yoritish va ommaga yetkazish, chetdan qaraganda, “sotsialistik dunyo”, aslida esa, Rossiya imperiyasi va kommunistik mafkura nuqtai nazaridan yo‘lga qo‘yilgani sabab bisotimizdagi borimizni, avvalo, mazkur “dunyo”, undan ortsa, Yevropa sivilizatsiyasi orqali baholashimiz zarur edi. Siyosiy-mafkuraviy ahamiyat kasb etgan va yetmish besh yil uzluksiz no‘xtalgan ushbu zarurat qon-qonimizga shu qadar singib ketdiki, shonli o‘tmishimizning biror bosqichi yoki sahifasini baholar ekanmiz, haligacha qarashimiz Alp tog‘lari tomon og‘ib, tilimiz uchiga “Yevropa” atamasi kelaveradi. Jahon tarixchilarining xolislari “mustamlakachilik bosqichi” o‘laroq baholanadigan XVI-XX asrlardan burungi ming yilliklarda kishilik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi asosan, Sharqda kechgani, Yevropa esa o‘tmish tarixchilarimiz tomonidan “olamning obod bo‘lagi” sifatida ta’riflangan, O‘rta yer dengizidan Xitoy va Hindistongacha yastangan kenglikning chekkasi sanalganini inkor etmaydi. Uzoqqa borib nima qilamiz, Muhammad Xorazmiy (783-850) va Ahmad Farg‘oniy (797-865) matematika, astronomiya, fizika bo‘yicha chuqur izlanishlar olib borayotgan bir paytda Yevropada rosmana ilm-fanning o‘zi bo‘lmaganini o‘sha yerlik zamonaviy tadqiqotchilar tan oladi. O‘qimishlilar kamdan-kam topilgan VIII-IX asrlarning taniqli vakili irlandiyalik avliyo Beda (672-735) barmoqda sanash nazariyasi bilan shug‘ullangani esa, ko‘p narsaga ishoradir. Bugun qanchalik hayrat tug‘dirmasin, so‘z ketayotgan zamonda yevropaliklar, masalan, savdogarlar uchun barmoqlarning tikka, egilgan, bukilgan, qo‘sh va boshqa ko‘rinishlari orqali sanash, hisob-kitob qilish kundalik turmushning ajralmas va tabiiy ehtiyoji edi. Hammasidan ham oshib tushgani esa, ushbu sanash yo‘sini Yevropa darsliklarida XVI-XVII asrlarda ham o‘rgatilganidir, albatta.

Kishilik sivilizatsiyasi deyilganda Sharq tushunilgan, uning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy, ma’naviy yuragi esa, Turon degan kenglikda IX-XII asrlarda kechgan turmush va ish unumdorligi darajasi jahondagi eng yuqorisi bo‘lgani ham yaxshi ma’lum. Birinchi Uyg‘onish davrining boshqa omillarini e’tiborga olmagan taqdirda ham so‘z ketayotgan asrlarda o‘nlik sanoq tizimi (0 1 2 3 4 5 6 7 8 9) tufayli ajdodlarimiz hayoti raqamlashib bo‘lgan edi. Buning amaliy qimmatini baholash uchun handasaviy tezlikda raqamlashib borayotgan hozirgi zamonni ko‘z o‘ngimizga keltirishning o‘zi yetarli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Bu paytda Yevropa nima bilan band edi, degan savolga javobni Rim imperiyasi qulagandan keyingi davrning birdan-bir yirik matematigi sanalmish vizantiyalik Maksim Planud (1260-1305) faoliyati orqali bergan ma’qul. Hech bir kesatiqsiz, chindan ham zamonasi va qit’asining ulug‘ olimi bo‘lgan mazkur zot o‘nlik sanoq tizimi haqida risola yozgani hamda vizantiyaliklar uchun kvadrat ildiz chiqarishni kashf etgani bilan mashhurdir. Bunda u o‘zbekning buyugi Muhammad Xorazmiyning to‘rt yuz ellik yillar burun bitilgan “Hind hisobi” va “Al-jabr”idagi o‘nlik sanoq tizimi va kvadrat tenglamalari bo‘yicha yangiliklarga tayangani mutaxassislarga yaxshi ma’lum.

Muhammad Xorazmiyning boshqa asarlari, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Chag‘miniy, Ulug‘bek, Jamshid Koshiy, Ali Qushchining matematika, fizika, astronomiya, geodeziya, geologiya, mineralogiya, kimyo, tibbiyot, dorishunoslik, botanika singari aniq va tabiiy fanlarni qamrab olgan ilmiy merosining nazariy va amaliy ahamiyatini o‘z davrigina emas, keyingi asrlarda ham solishtirish uchun “olamning obod bo‘lagi”dan tashqarida biror bahona topish juda qiyin.

Faqat bir tarixiy haqiqatni aytmasak bo‘lmas: nomining o‘ziyoq endilikda ko‘pchilikning og‘iz suvini qochiradigan Oksford, Kembrij, Parij (Sorbonna) universitetlari ulug‘ ajdodlarimiz Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sinoning matematika, astronomiya, fizika, tibbiyotga oid ishlari lotinchaga o‘girila boshlangan XII-XIII asrlarda tashkil topgani va ularda o‘zbek olimlarining tilga olingan fanlar bo‘yicha asarlaridan darslik o‘rnida foydalanilgani shunchaki tasodif emas!

Sezgir o‘quvchi “Bundan chiqdi, yurtimiz kishilik sivilizatsiyasining o‘chog‘i bo‘lgan ekan-da. Nega biz mazkurlardan xabarsiz bo‘lib kelganmiz-u, bu haqida nega endi-endi aytilmoqda, yozilmoqda”, deb savol tashlashi tabiiy va bunga haqlidir. Ochig‘ini aytganda, ushbu — adolatli savol bizni ham qiynaydi. Unga javob istash esa, barchamizning ishimizdir. Negaki, o‘zlikni anglash mana shunday og‘ir va achchiq savollarga haqqoniy va oqilona javoblar topish orqali ham toblanadi. Yo‘lni esa, hayotning o‘zi ko‘rsatadi. Bundan 31-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirlar ma’no-mohiyati ham mustasno emas. Ushbu sanada Qatag‘on qurbonlari yod etilib, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida ular haqiga duolar o‘qilib kelinayotganiga ham yigirma yil to‘libdi. Ularning deyarli barchasida shaxsan qatnashgan bo‘lsak-da, bu galgisi butunlay boshqacha bo‘lganini barchamiz ko‘rdik. Gap shundaki, qatag‘on qurbonlari deyilganda, juda ko‘pchilik o‘tgan asr mustamlaka-sovet davri o‘ttizinchi yillarida yuz bergan qirg‘inlar va elliginchi yillar qama-qamalarini tushunib keladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi haqida anchayin odam eshitgani bilan u yerga qadam bosgan-bosmaganini xudo biladi. Umuman olganda, o‘tgan yillar davomida majmuaning o‘zi millatimiz erki va davlatimiz ozodligi yo‘lida shahid ketgan ajdodlarimizning umummilliy ziyoratgohiga aylandi, deyolmaymiz.

Vaholanki, birgina Rossiya imperiyasiga 126 yillik qaramlik davrida qo‘lidagi quroli va qalami, vujudidagi bilimi, iste’dodi, ma’rifati, ishbilarmonligi, yurt va elsevarligi, e’tiqodi, ixtiyoridagi mol-mulki va boyligi bilan bosqinchi-mustamlakachilarga qarshi turishi, xavf tug‘dirishi muqarrar va mumkin sanalgan yuz minglab ajdodlarimiz — yoshu qari, erkagu ayol o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Mo‘g‘ullar, arablar, yunonlar, forslarga qarshi kurashlar, qaramlik davrlarida berilgan qurbonliklar-chi?!

Prezidentimizning 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilinishi so‘z ketayotgan masalaga oqilona va adolatli yondashishga yo‘l ochib berdi, deb qattiq ishonamiz. Negaki, mazkur tarixiy hujjatda qatag‘on qurbonlarining har birining (!) nomini aniqlash, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish, ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish va, e’tibor bering, ular tug‘ilib voyaga yetgan va yashagan mahallalar hamda umumta’lim maktablarida xotira burchaklarini tashkil etishdek o‘ta zarur vazifalar belgilab berildi. O‘tgan deyarli bir yil ichida butun hududda olib borilgan obodonlik ishlari, ayvonlar qurilishi, muzey binosining qayta tiklanishi, ma’muriyat uchun yangi imorat ko‘tarilayotgani, gumbazli ayvonning sayqallanishi majmua nihoyat odamlarimiz yuragi va ongida qattiq o‘rnashib qolishi uchun xizmat qilishiga hech bir shubha qoldirmaydi.

Kunning boshlanishi faqat mazkur jihatlar bilan esda saqlanib qoldi, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Muzeyning yangi mazmun va qiyofasi bilan tanishish asnosida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan bir qator fikrlar yangi O‘zbekiston bosqichi milliy-siyosiy tafakkuri tabiatini yana bir namoyish etgani barobarida ijtimoiy ong, ayniqsa, uning tarix, falsafa, adabiyot, san’at singari muhim yo‘nalishlarida yuz berishi kerak bo‘lgan tub o‘zgarishlarni ham belgilab berdi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Davlatimiz rahbarining “Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi — buyuk bo‘lgani”, degan xulosasi mustamlaka zamon mohiyatini ilmiy jihatdan o‘rganish hamda jamiyatimiz turli qatlamlari, ayniqsa, yosh avlodga yetkazishdek zarur ishda o‘ziga xos dasturulamal bo‘lishiga ishonamiz. Negaki, yo‘qsillar hukmronligiga tayangan sovet hokimiyati uchun salohiyatli, iste’dodli shaxslar g‘irt begona edi. Aksincha, uning uchun qo‘li ko‘ksida, har qanday buyruqni so‘zsiz bajaradigan ijrochi-qullar aziz bo‘lgan. Shu o‘rinda Prezidentimiz oddiygina bir savol-javob bilan masala mohiyatini ochib berganini alohida urg‘ulagan bo‘lardik: “Boryo‘g‘i yigirma besh yoshga kirgan Usmon Nosirning aybi nimada bo‘lgan? Aqlli va buyuk bo‘lganida”. Boshqalarni bilmadik-ku, mazkur adolatli ta’kid shaxsan bizga o‘ta qattiq ta’sir qildi. Negaki, maqola boshida ishora berganimizdek, mustaqillikka erishilgach ham mustamlaka-sovet davri asoratlari saqlanib qolganini tan olish nihoyatda og‘riqli ekanidan tashqari, qo‘shib sanaganda millatimizning bir asrlik umri ko‘kka sovurilgani alam qiladi, albatta.

Shu kuni jamiyat va jamiyatshunoslar dunyoqarashini o‘zgartirishi muqarrar yana bir tarixiy voqea yuz berdi. Avvaliga muzeyda “Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi yoqmaydimi, g‘ururimizmi armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi — hammasini haqqoniy yozish kerak”, deya dangalini aytgan Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti ochilishida masala mohiyatini yanada keng va chuqur ochib berdi: “El-yurtimiz o‘zining qadimiy o‘tmishi davomida qancha-qancha unutilmas voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Lekin bir haqiqatni ta’kidlash kerakki, Vatanimiz hududida mavjud bo‘lgan har bir davlatchilik tuzumi, har qanday ijtimoiy jarayon — u g‘alaba yoki mag‘lubiyat bo‘ladimi, yuksalish yoki tanazzul bo‘ladimi — barchabarchasi xalqimiz bosib o‘tgan murakkab tarixiy yo‘lning uzviy va ajralmas qismidir. Shuning uchun ham biz tariximizning barcha bosqichlarini yaxlit holda qabul qilib, har tomonlama chuqur o‘rganishimiz zarur. O‘tmishdagi yutuq va g‘alabalaridan kuch-quvvat olib, xato va mag‘lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi”.

Nazariy va amaliy jihatlardan qimmati tengsiz mazkur so‘zlarning endi-endi (!) oyoqqa turib kelayotgan tarixchilik milliy maktabimiz uchun qanchalar ahamiyatli ekanini tushungan tushunadi, tushunmagan esa, yo‘q. Prezidentimizning “Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin aslida O‘zbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi”, degan ta’kidi ham bejiz emas. Negaki, ayrimlar hali ham xomta’ma bo‘layotganlaridek, davlatchilik biz o‘zbeklar uchun kimlardir tomonidan berilgan sovg‘a emas, balki minglab yillar ichra meros bo‘lib kelayotgan milliy va ma’naviy boyligimizdir. Kimki bunga shubha qilsa, Mustaqillik monumenti lavhalariga boqsin!

104 gektarli kenglikda yastangan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida salobat to‘kib turgan amfiteatrda bo‘lib o‘tgan tantanadan qosh qoraygan pallada ichimiz quvonch, g‘urur va shu kunlarga yetkazgani uchun shukronalikka to‘lib qaytayotganimizda ham, bugun ham bir ajib his huzur bag‘ish layotganini yashirib o‘tirmaymiz. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumenti g‘oyasini berib, ularning shu darajaga yetkazish ishiga bosh-qosh bo‘lgan Prezidentimiz ushbu yodgorlikdagi lavhalar mazmunini tushuntirib berganini ko‘pchilik ko‘rdi. Yakunida baxtiyorlik, g‘urur va mehr bilan mana bu aytganlarini eshitish esa o‘sha erda bo‘lganlar qatori bizga ham nasib qildi:

“Bitta millat, bitta davlat!”. Mustaqilligimizning yigirma to‘qqizinchi yiliga (!)  kelibgina, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan “Temurbeklar maktablari” tuzildi, o‘ttizinchi yilida (!) esa, nihoyat, “Temur tuzuklari” o‘quv qo‘llanmasi yaratildi. Keling, tan olaylik, birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davrlarini o‘zbek millati bilan bog‘lash u yoqda tursin, o‘tmishimizda shunday tarixiy bosqichlar bo‘lgani haqida ichimizdan kimdir yaqin-yaqingacha tuzukroq so‘z qotdimi o‘zi? Yostiqdek-yostiqdek ilmiy ishlar, darsliklarda ushbu mavzu bormidi? Shoirlarimizninng bu boradagi bironta to‘rtligi-yu, zabardast yozuvchilarimizning kichikroq hikoyasi bo‘lganmi? Ha, deya olmaymiz!

Faqat bir tarixiy haqiqatni aytmasak bo‘lmas: nomining o‘ziyoq endilikda ko‘pchilikning og‘iz suvini qochiradigan Oksford, Kembrij, Parij (Sorbonna) universitetlari ulug‘ ajdodlarimiz Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sinoning matematika, astronomiya, fizika, tibbiyotga oid ishlari lotinchaga o‘girila boshlangan XII-XIII asrlarda tashkil topgani va ularda o‘zbek olimlarining tilga olingan fanlar bo‘yicha asarlaridan darslik o‘rnida foydalanilgani shunchaki tasodif emas!

 

Azamat Ziyo,

O‘zrFA Tarix instituti

direktori, tarix fanlari

doktori, professor.