Tarix fanini chuqur tadqiq etishda xorijda saqlanayotgan manbalarni jalb etish, amalga oshirilgan ishlarni tahlil etish, bevosita xorijiy tillardagi manbalarni o‘qiy oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun esa, avvalo xorijdagi tadqiqot muassalari hamda mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim sanaladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti ushbu talabdan kelib chiqqan holda, xorijdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda. Xususan, 2021-yil 20-avgustda Tarix institutida professor Azamat Ziyo rahbarligida Mo'gulistonning Dunyo tarixi, madaniyati va arxitekturasi xalqaro instituti direktori To‘racharxon Chig‘atoyxon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat va xalqlar tarixini o‘rganish, ijtimoiy fanlar sohasidagi institutlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, kutubxona va jamg‘armalarda saqlanayotgan manbalarni o‘rganish, mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi. Professor Azamat Ziyo ikki mamlakat va xalqlar tarixining ildizi chuqurligi, ammo bugunga qadar ko‘plab masalalarning to‘liq o‘rganilmaganligi, Mo‘g‘ulistonda ko‘plab tillar, xususan, arab, fors, xitoy, mo‘g‘ul va turkiy tillardagi yozma manbalar bizning tarixchilarga noma’lum ekanligi, mutaxassislar tayyorlashning dolzarbligini ta’kidladi. Shuningdek, institut hamda Mo‘g‘uliston muzeylari va Fanlar akademiyasi tarkibidagi institutlar bilan aloqalar o‘rnatish, mo‘g‘ulistonlik tarixchi olimlar tomonidan “O‘zbekiston tarixi” jurnali uchun maqolalar taqdim etish, institut xodimlarning Mo‘g‘ulistonga ilmiy safar uyushtirish muhimligiga to‘xtaldi.
O‘z navbatida To‘racharxon Chig‘atoyxon ham uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, qo‘yilgan masalarning dolzarb ekanligi, Dunyo tarixi, madaniyati va arxitekturasi xalqaro instituti ilmiy faoliyati doirasi, turkiy xalqlar tarixini chuqur o‘rganish, mo‘g‘ulistonlik tadqiqotchilarining O‘zbekistonda ilmiy safar uyushtirishlariga ko‘maklashish kabi masalalar ustida ishlash muhimligiga urg‘u berdi. Uchrashuv so‘nggida tomonlar hamkorlik dasturi va rejalarini ishlab chiqish hamda keying bosqichda kelishuv imzolashga kelishib oldilar.