Bugun, 2023-yilning 4-oktabr sanasida Turon kutubxonasi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Abdulla Qodiriy ijod maktabi bilan hamkorlikda Qaramlik, qatagʻon va millat” umummilliy ilmiy yigʻini oʻtkazdi. Ilmiy yigʻinni institut direktori professor Azamat Ziyo kirish soʻzi bilan ochib berdi.
“Qaramlik, qatagʻon va millat” umummilliy ilmiy yigʻinning ma’ruzalar qismida dastlab soʻzga chiqqan Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Muhayyo Isakova qatagʻon siyosatining iqtisodiy va siyosiy qatagʻonlar jihatlari, ijtimoiy cheklovlar va maʼnaviy tazyiqlar, sunʼiy tarzda ocharchiliklarni amalga oshirish (chunki, “och inson isyon koʻtara olmaydi, och qolmaslik uchun ham tunu-kun ishlashga majbur boʻladi” degan gʻoya asosida) hududlar kesimida amalga oshirilishi bayon etildi.
Shundan soʻng, soʻzga chiqqan maʼruzachi Dilnoza Jamolova “Jadidchilik va qatagʻon” mavzusida fikr bildirdi. Ushbu maʼruzada dastlab maʼnaviy harakat sifatida shakllangan jadidchilikning siyosiy harakatga aylanishi sabablari, rivojlanishi va oʻz mevasini bera boshlanishi natijasida (Uchinchi uyg‘onish shakllanayotganligini tushunchani uchun ham sovet hokimiyati jadidlarning barchasini jismonan va maʼnan yoʻq qilishni bosh maqsadga aylantirdi) jadidchilik harakati yetakchilarining qatagʻon qilinishi yoritildi. Jadidlarning qatagʻon qilinishi uchinchi bosqichda amalga oshirilgan boʻlib, bular:
1. 1919-yili Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻldirilishi;
2. 1929 – 1931-yillarda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi “Milliy Ittihod” larning yo‘q qilinishi (Toshkent, Jizzax, Namangan, Andijon Samarqand taraqqiyparvarlari);
3. 1937 – 1938-yillardagi ommaviy qatag‘onlar davrida barcha jadidchilik harakati a’zolari va ularning izdoshlarining qirg‘in qilinishi.
Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Qahramon Rajabov “Sovet hokimiyati tomonidan din va ishbilarmon arboblarning qatagʻon qilinishi” mavzusida fikr bildirib, unda sovet hokimiyatining soxta ayblovlar tomonidan din vakillarining, ishbilarmon va tadbirkorlarning qatagʻon qilinishi va bu yoʻlda inson zoti chiday olmaydigan qiynoqlardan foydalanishi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Qatagʻon siyosatining bunday koʻrinishlari 50 – 60-yillarda va 80-yillarda ham takrorlanganligi ham koʻrsatib oʻtildi.
“Qoʻrboshilar qatagʻoni” mavzusida shaxs chiqqan Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi Feruz Boboyev Milliy ozodlik yoʻlida kurashgan, hattoki yakuni oʻlim bilan tugashini bilsa ham jang maydonini tark etmagan qoʻrboshilarning qatagʻon qilinishi haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.
Abay nomidagi qozoq milliy pedagogika universiteti professori, tarix fanlari doktori Mambet Koygeldiev “Qozoq millatparvarlarining 2370-jinoiy ishi” (Alash oʻrdachilarning tergov hujjatlari asosida. 1930-1932) mavzusida soʻzga chiqib, Qozog‘iston hududidagi qatagʻon siyosati, uning hozirgi kunda yoritilishi batafsil bayon etildi. Soʻngi soʻz sifatida “qatagʻon siyosati tarixini xolisona yoritish va xalqqa yetkazish maqsadida tarixchilarning birlashishi va birgalikda loyihalarni amalga oshirish shartligi va bu masalani kechiktirib boʻlmasligini” alohida taʼkidlab oʻtdi.
“Turkiya manba va adabiyotlari qatagʻon siyosati haqida” mavzusida soʻzga chiqqan, ushbu mavzuda 2 oy davomida Turkiyaning turli shaharlaridagi arxivlarda ilmiy tadqiqot olib borgan Tarix instituti “Eng yangi davr tarixi” boʻlimi boshligʻi Mashhura Darmonova qatagʻon siyosatining Turkiyada yoritilishi haqida maʼlumotlar berdi. Maʼruzada Qatagʻon siyosati davrida Turkiyaga ilm olish uchun joʻnatilgan va qatagʻon siyosati davrida Turkiyaga ketishga majbur boʻlgan milliy ziyolilarimiz haqida, ular tomonidan yozib qoldirilgan estaliklar haqida batafsil yoritildi.