Ustozni xotirlab...

Tarixchilar sulolasining munosib vakili va davomchisi, tarix fanining darg‘alaridan biri bo‘lgan serqirra ijodkor, tarix fanlari doktori, professor Dono Hamidovna Ziyoyeva tirik bo‘lganida bugun oltmish yoshni qarshilagan bo‘lar edi...

Ustoz 1961-yilning 12-avgustida Toshkent shahrida mashhur va yirik tarixchi olim Hamid Ziyoyev oilasida dunyoga kelgan. 1978-yili maktabni oltin medal bilan birtirgach, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti) Tarix fakultetiga o‘qishga kirib, 1983-yili ushbu ta’lim dargohini "Tarix, jamiyatshunoslik va huquq asoslari" yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tugallagan.

Dono Ziyoyeva o‘z mehnat faoliyatini 1983-yili Fanlar akademiyasi Tarix institutining "Shaharlar tarixi" bo‘limida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan. O‘sha yillarda respublikamizda hukmron “desantchilar” tazyiqi – ota va qizning bir tashkilotda ishlashi mumkin emasligi talabi o‘laroq u institutni tark etishga majbur bo‘lgan va shu tariqa, 1986–1991-yillardagi faoliyati Toshkent davlat pedagogika institutida kechadi.

U aspiranturani muvaffaqiyatli tamomlab, 1990-yili "Turkistonda XIX-XX asr boshidagi milliy ozodlik harakatlari mustamlaka va sovet davri adabiyotlarida" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Shuningdek, ushbu institutda o‘qituvchi sifatida talabalarga bir muddat dars ham berdi. Dono Ziyoyeva 1991–1994-yillarda Toshkent davlat agrar universitetida assistent lavozimida ishlagan.

Olimaning 1994-yildan to umrining oxiriga qadar davom etgan mehnat faoliyati va ilmiy ijodi o‘zi uchun qadrdon sanalmish Tarix institutida kechadi. "Tarixshunoslik, manbashunoslik va arxeografiya" ilmiy tadqiqot jamoasiga katta ilmiy xodim lavozimiga qabul qilingan Dono Ziyoyeva 1995–1998-yillarda doktoranturada o‘qigan va 1999-yili "1916–1924-yillarda Turistondagi milliy-ozodlik harakatlari XX asr tarixshunosligida" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.

1998–2000-yillarda "Mustamlaka davri tarixi" bo‘limi mudiri bo‘lgan ustoz 2000–2005-yillarda direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritgan. Keyingi yillar davomida uzoq vaqt bo‘lim rahbari sifatida samarali mehnat qildi va 2012-yili professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. 2020-yilning 1 iyulida esa, "Yangi davr tarixi" bo‘limi bosh ilmiy xodimi lavozimiga tayinlandi.

Ustozning ilmiy izlanishlari O‘zbekistonning mustamlaka davri (1865–1991) tarixi hamda tarixshunosligi masalalariga bag‘ishlangan. U so‘nggi yillarda amalga oshirgan ilmiy izlanishlari jarayonida asosiy e’tiborni mustamlaka davri tarixining manbaviy, nazariy va uslubiy asoslari, diniy siyosat va munosabatlar, shaharlar tarixi, Markaziy Osiyo intellektual merosi, madaniy hayot masalalari, Turkiston va xonliklar davri tarixi, shuningdek, sovet davridagi qatag‘on siyosati tarixshunosligi, sovet hokimiyatining xususiy mulkka qarshi kurash siyosati va uning oqibatlari kabi dolzarb muammolar tahliliga qaratgan edi.

Dono Ziyoyevaning ilmiy, ma’rifiy faoliyati natijasi sifatida jami 200 ga yaqin ishi e’lon qilingan. Ulardan 25 tasi yirik tadqiqot bo‘lib, 30 dan ortiq xorijiy jurnallar va 140 dan ortiq respublika nashrlari hamda mahalliy jurnallarda ilmiy maqolalari chop etilgan.

So‘nggi 20 yil davomida uning bevosita ishtirokida 10 ta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, Dono Ziyoyeva "Turkiston o‘lkasida ma’muriy boshqaruv tizimi (1865–1924)" (2000–2002-yillar), "O‘zbekiston tarixi. 1865–1917 yillar" (2003–2006-yillar), "XIX asrning so‘nggi choragi – XX asr boshlarida Buxoro va Xiva xonliklari tarixi" (2008–2011-yillar), "XIX asrning oxiri – XX asrda O‘zbekistonda diniy siyosat va diniy konfessiyalar" (2009–2011-yillar), "O‘zbekiston Rossiya mustamlakachiligi davrida (1860–1917-yillar) 1-jild" (2012–2013-yillar), "O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi. 1865–1917-yillar" (2012–2013-yillar), "O‘zbekiston shaharlari tarixi: an’analar, urbanizatsiya va transformatsiya jarayonlari (eng qadimdan hozirgacha)" (2012–2016-yillar), "XIX-XX asr boshlarida o‘zbek xalqining intellektual-madaniy merosi: an’analar va transformatsiya jarayonlari" (2017–2020-yillar) mavzusidagi fundamental va innovatsion tadqiqotlarga rahbarlik qildi. Masalan, amaliy tadqiqotlar loyihalari doirasida O‘zbekistonda eng qadimdan to hozirga qadar bo‘lgan tarixiy chegarada harbiy ish tarixi hamda tadbirkorlikning shakllanish va rivojlanish tarixi kabi mintaqa tarixining muhim masalalari ham tadqiq etilgan. Bu izlanishlar samarasi sifatida "O‘zbekistonda harbiy ish tarixi (eng qadimdan hozirgacha)" hamda "O‘zbekistonda tadbirkorlikning shakllanish va rivojlanish tarixi (eng qadimdan hozirgacha)" kabi yirik asarlar chop etilgan. Mazkur tadqiqotlar natijalaridan "O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi", "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tarixi muzeyi" va "Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi" uchun ko‘rgazma, videorolik va multimediyalar yaratishda foydalanilgan.

Dono Ziyoyeva ilmiy tadqiqotlar natijalarini ta’lim tizimiga tatbiq etishga ham alohida e’tibor qaratgan olima edi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari tarix fakultetlarining magistratura bosqichi uchun O‘zbekiston tarixi va tarixshunosligi, xorijiy tarixshunoslik yo‘nalishlarining dolzarb muammolari bo‘yicha maxsus kurslar ishlab chiqqan bo‘lib, ulardan respublikadagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari, xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent shahridagi Inxa universitetida foydalanib kelinmoqda. Bundan tashqari, o‘z ilmiy faoliyatini pedagogik faoliyat bilan chambarchas bog‘liq holda olib borgan ustoz Vazirlar Mahkamasi qoshidagi tarix fani bo‘yicha darsliklar va adabiyotlarni tayyorlash bo‘yicha "ekspert kengashi"ning a’zosi sifatida darsliklarni davr talablari va zamonaviy asosda yangilab borishda ham faol ishtirok etgan edi. U 2004-yildan beri O‘zbekiston Respublikasi arxivlarining "jamoatchilik kengashi" raisi sifatida ish olib borib, arxiv manbashunosligi yo‘nalishini rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib keldi.

Dono Ziyoyeva asosan, O‘zbekistonning XIX-XXI asr boshlari tarixi, O‘zbekiston tarixiga oid xorijiy tarixshunoslik hamda arxiv manbashunosligi yo‘nalishlarida o‘z ilmiy maktabini shakllantira olgan murabbiylardandir. Bugunga qadar ushbu yo‘nalishlarda 29 ta dissertatsiya uning ilmiy rahbarligida himoya qilindi. Ulardan 25 tasi fan nomzodi (shu jumladan 7 tasi PhD) va 4 tasi fan doktori bo‘lib, hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan mashg‘uldirlar. Shunindek, olimaning shogirdlari orasida xorijiy, jumladan, janubiy koreyalik va qozog‘istonlik tadqiqotchilar ham bor. Bundan tashqari, yana 6 ta tadqiqotchi PhD va fan doktori ilmiy darajasi bo‘yicha o‘z ishini yakunlab, himoyaga chiqish arafasida edi.

Shu bilan birga, Dono Ziyoyeva tarix fanlari bo‘yicha nomzodlik (O'zbekiston milliy universiteti) va doktorlik (Tarix instituti) dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan kengashlar a’zosi (2000–2009-yillar), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining "Tarix, falsafa va huquq fanlari bo‘yicha ekspert kengash" a’zosi (2009–2012-yillar), Tarix instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengash a'zosi sifatida ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib keldi.

Dono Ziyoyeva nafaqat O‘zbekiston, balki uzoq va yaqin xorijda ham tanilgan mashhur olimalardan edi. U 2006-yilning yanvar-aprel oylarida AQSHning Sietl shahrida joylashgan Vashington universitetida "Yaqin Sharq tillari va madaniyati" fakultetida O‘zbekiston tarixidan ma’ruzalar olib borgan. Uning ilmiy ma’ruzalari tinglovchilarda katta taassurot qoldirib, yuqori baholangan va safar yakunida olimaga AQSHning ushbu universitetida keyingi faoliyatini davom ettirish taklifi ham bildirilgan.

Dono Ziyoyeva 2006-yilning noyabr oyida Janubiy Koreyaning Koreysshunoslik akademiyasida, 2018-yilning iyunida Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahridagi Shanxay pedagogika universitetida (Shanghai Normal University) ma’ruzalar o‘qib, shu universitetning faxriy professori unvoniga sazovor bo‘lgan. Olima UNESCO, SEFIS, Konrad Adenauer, IACD, ESCAS, CESS, International Turkic Academy kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar tashabbusi hamda homiyligi ostida o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan.

O‘zidan katta ilmiy maktab qoldirgan, tarix fanining rivojlantirishga zalvorli hissa qo‘shgan fidoiy olima va jonkuyar ustoz Dono Hamidovna Ziyoyeva shogirdlari, tarixchi-olimlar va keng jamoatchilik xotirasida abadiy qolajak.

 

Mashhura Darmonova

FA Tarix instituti “Yangi davr tarixi” bo‘limi boshlig‘i,

Qahramon Yoqubov

FA Tarix instituti doktoranti