Kuni kecha Ispaniyadan Rimga yetib kelgan Tarix instituti direktori Azamat Ziyo Napo‘li sharqshunoslik universiteti professori Mishel Bernardini bilan uchrashdi. Yurtimizning Italiyadagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbir ochiqlik va ishchanlik ruhida o‘tdi.
1732-yili tuzilgan Napo‘li sharqshunoslik universiteti (Università degli Studi di Napoli "L'Orientale") Yevro‘paning sharqshunoslik yo‘nalishidagi eng keksa va yirik ta’lim universitetlaridan biri sanaladi. Undagi uch (Osiyo, Afrika va O‘rtayer dengizi, Insoniy va ijtimoiy fanlar, Adabiy, til va solishtirma izlanishlar) bo‘limda 12000 dan ortiq talaba o‘qiydi. Oliygohda dunyoning 48 ta tili bo‘yicha dars beriladi.
O‘zbekiston uchun Osiyo, Afrika va O‘rtayer dengizi bo‘limida afrikachilik, Qadimgi Yaqin va O‘rta Sharq tadqiqotlari, Islom, Markaziy Osiyo, hindchilik, tibetchilik va indo‘neziyachilik, xitoychilik, yapo‘n va kareys mumtoz adabiyoti bo‘yicha izlanishlar yo‘lga qo‘yilgani, 20 dan ortiq qadimgi va zamonoviy tillar o‘rgatilayotgani diqqatga sazovordir. Universitetning taniqli ustoz va olimlaridan sanalmish Mishel Bernardini temurshunos olim bo‘lib, uning Amir Temur faoliyatiga bag‘ishlangan asari chop etilgan.
Uchrashuv chog‘ida Tarix instituti va Napo‘li sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, jumladan, o‘zbek yoshlarini bakalavriat, magistratura, doktorantura, malaka oshirish uchun mazkur ta’lim muassasaiga yuborish, birgalikda ellararo ilmiy loyihalarni bajarish, ilmiy yig‘inlar o‘tkazish, Italiyadagi ilmiy va manbashunoslik imkoniyatlardan o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganishda foydalanish, O‘zbekistonning boy va qadim o‘tmishiga oid ma’lumotlarni ushbu mamlakat ahliga yetkazish, o‘zbek-italiya tarixchilari gurungini tuzish kabi masalalar muhokama qilindi va kelgusida ushbu yo‘nalishlarda izchil ishlashga kelishib olindi.