Tarix instituti direktori Azamat Ziyo o‘zining Ispaniyaga ilmiy safari chog‘ida Barselo‘na shahrida Arago‘n qirolligi bosh arxivi (Arxiu General de la Corona d'Aragó)da bo‘ldi. 1318-yili Xayme II (1291 – 1327) buyrug‘i bilan tuzilgan ushbu muassasa butun qirollik yerlari uchun birdan-bir markaziy arxiv sanalgan. Bugungi kunda unda juda ko‘plab arxiv hujjatlari, shuningdek boshqa turdagi tarixiy manbalar saqlanmoqda.
Azamat Ziyo Arago‘n qirolligi bosh arxivi Tavsiflash boshqarmasi boshlig‘i Beatriz Kanellas bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik haqida kelishib oldi. Samimiylik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan suhbatda Tarix instituti olimlari uchun ushbu muassasa hujjatlari bilan tanishish imkoniyatini yaratishga urg‘u berilib, ilk qadam sifatida Azamat Ziyo Arago‘n qirollik bosh arxivi a’zoligiga qabul qilindi.
Beatriz Kanellas Azamat Ziyoni 1396 – 1410-yillari Arago‘n qirolligini boshqargan Martin I davriga tegishli arxiv hujjatlarining ro‘yxati bilan tanishtirdi. Arago‘nlik hukmdorning o‘zbek davlati bilan aloqalar o‘rnatishdan manfaatdorligi hamda Amir Temur va Mironshoh nomidan kelgan elchini qabul qilib, javob maktublari yo‘llagani ko‘zda tutilsa, mazkur hujjatlar temuriylar davri tashqi siyosatini o‘rganishda o‘ziga yarasha qimmatga ega bo‘lishi ayonlashadi. Beatriz Kanellas Tarix instituti uchun Arago‘n qirollik arxivining ayrim fihristlaridan namunalarni taqdim etdi.