2023-yilning 22-sentabrida Azamat Ziyo Kadis shahrida Casa Asia tashkiloti va Kadis universiteti tomonidan uyushtirilgan 11-Osiyo tadqiqotlari uchrashuvida qatnashdi. Tadbirni universitet rektori Fransiska Paniyella, Casa Asia bosh direktori Xavyer Paro‘nda boshlab berdilar, so‘ng Katalo‘niya, Validalid, Salamanka, Barselo‘na, Kadis universtitetlarining olimlari asosan Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo yo‘nalishlarida chiqishlar qildilar, izlanishlarni uzoqni ko‘zlagan va o‘zaro kelishilgan holda olib borishga ehtiyoj kuchli ekaniga urg‘u berildi.
Ushbu ellararo ilmiy yig‘inda chetdan qatnashgan birdan-bir mehmon – Tarix instituti direktori Azamat Ziyo o‘z chiqishida diqqatni oldiniga Markaziy Osiyo-Turon, ayniqsa, o‘zbek xalqi tarixi masalasi, ya’ni o‘rganiladigan makon va uning o‘ta qadim hamda boy o‘tmishining ko‘lami, bosqichlari, tarixiy shaxslari, voqealari, shaharlari, madaniy merosiga qaratdi. So‘ng mazkur yo‘nalishlarni o‘rganishdagi muammolarni sanab o‘tdi. Markaziy Osiyo-Turon tarixini o‘rganishda izchil hamkorlik qilish zaruratiga to‘xtalib, bugungi O‘zbekiston tegishli ilmiy loyihalarni moliyalashtirishga qodir va tayyor ekanini ta’kidlab o‘tdi. Tadbir davomida Tarix instituti va Kadis universiteti rahbarlari o‘zaro sovg‘alar almashdilar va kelajakda hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.