Yerqoʻrgʻon — qadimiy shahar xarobasi Qarshi shahridan 10 km shimolda joylashgan bo‘liib, tarixiy manbalarda Baxl, Bolo, Valaam, Nashebolo deb tilga olingan. Manbalarning guvohlik berishicha, shahar Makedoniya hukmdori Iskandar tomonidan egallanishi arafasida Nikshapaya deb atalgan. Keyinchalik Naxshab deb yuritilgan. Shaharda hayot miloddan avvalgi 9—8-asrlardan to milodiy 6-asrgacha mavjud bo‘lgan. Yerqo‘rg‘onda dastlab Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi aʼzolari (L. I. Zimin, I. Kastanye), keyinchalik arxeologlar A. I. Terenojkin (1946), S. K. Kabanov (1946—1972 tanaffus bilan),
Y. Gʻulomov (1959—1964), M. Y. Masson (1963—1964) tekshirishlar olib borgan. 1973-yildan Oʻzbekiston FA Arxeologiya institutining Qashqadaryo ekspeditsiyasi qazish ishlari olib boradi. Bu shaharda oxirgi marta, 2020-yila A.Raimqulov tomonidan qazishma ishlari amalga oshirilgan. Yerqo‘rg‘on xarobasi qalʼa va shahristondan iborat boʻlib, umumiy maydoni taxminan 150 gektardan iborat. Burjlar bilan mustahkamlangan 2 qator mudofaa devori bilan oʻralgan. Ichki devori (balandligi 8 m gacha) beshburchak tarxli boʻlib, taxminan 40 ga maydonni oʻragan xandaq boʻlgan. Unda qalʼa, saroy majmuasi, ibodatxona, kulollar mahallasi, turar joylar va boshqalar joylashgan.
2023-yil sentabr oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ushbu shahardagi tadqiqotlar qayta jonlandi. Arxeolog R.X. Suleymanov ilmiy rahbarligidagi arxeologik guruh shahardagi ibodatxona qismidan qazishma ishlarini davom ettirishni boshladilar. Qazishma ishlarida Samarqand Arxeologiya institutidan A.Raimqulov, Milliy Arxeologiya markazidan A. Muhammadiyev, O. Ergashev, Tarix institut nomidan F. Shomukaramova, O.Elmurodov, A.Abdug‘aniyevlar ishtirok etishmoqda.