Turkiyaning Pamukqal’a universitetida TIKА (Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi) va Fanlar akademiyasi Tarix Instituti bilan hamkorlikdagi “Turk dunyosi yosh tarixchilarining 2-yozgi o‘qishlari” ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Tarix institutining 15 nafar yosh tarixchi olimlari ham ilmiy maʼruzalari bilan qatnashmoqda.
Xalqaro ilmiy seminarning ochilish marosimida Pamukqal’a universiteti Tarix fakulteti dekani Professor Yasemin Beyazit tomonidan amalga oshirildi. Shundan soʻng, Pamukqal’a universiteti rektori professor Ahmet Kutluhan va Turk tarixi Kurumi boshligʻi Yüksel Oʻzgen ham soʻzga chiqib, Tarix instituti bilan hamkorlikda 2-marta amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar, undan koʻzlangan maqsadlar haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan tarixan bir xalq boʻlgan turkiy xalqlar dunyosi tarixi va jadid namoyondalari haqida fikr bildirishdi, ularning ijodlaridan namunalar ham keltirishdi.
Asosiy loyiha tashkilotchilaridan hisoblangan Tarix instituti direktori Azamat Ziyo ham soʻzga chiqib, 150 yil davomida tarqoqlashgan nafaqat turkiy dunyo xalqlari, olimlarini birlashtirish, balki keyingi yillarda amalga oshirilishi kerak boʻlgan loyihalar haqida fikr bildirdi. Turkiy xalqlarning birlashuvida, keng koʻlamli hamkorliklarga Turkiya va Oʻzbekiston davlatlari tashabbuskor boʻlishini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, turkiyaliklarning tarixan ota yurti hisoblanadigan Oʻzbekiston bilan aloqalarning hozirgi davrgacha boʻlgan holati va keyingi istiqbolli rejalar haqida fikr bildirdilar. Shundan soʻng “Movarounnahrdan Onadoliga: tarixning chuqur ildizlari va tarixchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarning maʼruzalar qismi boshlandi.