Kuni kecha Institut katta ilmiy xodimi Nizomiddin Gulboyev va tayanch doktorant Dilafruz Ahmedovalar tomonidan yozilgan "XIX asr Xorazm vohasi harbiy-siyosiy tarixiga doir rasmiy hujjatlar" nomli monografiya nashrdan chiqdi. Ushbu ilmiy nashr Xiva xonligining XIX asrda Qo‘ng‘irotlar sololasi davridagi harbiy holati, tashqi aloqalari, Afg‘oniston bilan olib borilgan elchilik munosabatlari, shu davrdagi mintaqadagi siyosiy vaziyatning ayrim jihatlari ochib berilgan. Monografiya O‘zbekiston Milliy arxivi I-125 – “Xiva xonligi devonxonasi” jamg‘armasida saqlanayotgan tarixiy hujjatlar asosida yozilgan.
Monografiyada keltirilgan ilmiy-nazariy mulohazalar bilan birga turkiy va fors tilida mavjud hujjatlarning umumiy mazmuni, tarjimasi, asl matni, lotin imlosidagi o‘qilishi hamda fotonusxalari keltirilgan. Kitob tarix, manbashunoslik, xalqaro aloqalar yo‘nalishlari bo‘yicha izlanishlar olib boruvchi tadqiqotchilar va barcha qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.