Tarix instituti bosh ilmiy xodimi tarix fanlari doktori, professor Qahramon Kenjayevich Rajabov Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yilligi arafasida yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Bu mukofot ustozning uzoq yillik ilm yo‘lidagi mashaqqatlari, fanga qo‘shgan beminnat hissasining e’tirofi bo‘ldi.
Qahramon Rajabov bir necha o‘n yillardan beri O‘zbekiston tarixining eng ziddiyatli davri bo‘yicha yetuk mutaxassis o‘laroq 100 ortiq ilmiy asarlar va maqolalar muallifi sifatida nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham taniqli olim hisoblanadi.
Ustoz tomonidan olib borilgan istiqlolchilik faoliyati bilan bog‘liq tadqiqotlar e’tirofi Mustaqillik arafasida mukofotlanishi ramziy ahamiyatga ega bo‘ldi. Qahramon Rajabov hozirgi tarix fani bo‘yicha kunda 20 dan ortiq fan doktorlari va falsafa doktorlariga rahbarlik qilgan hamda qilmoqdalar.
Ustozni yuksak mukofot bilan yana bir bora qutlaymiz!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni:
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ulkan xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Qahramon Rajabov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlansin.