Bugun taniqli tarixchi-etnograf olima, tarix fanlari doktori, professor Zoya Hamidullayevna Orifxonovaning tug‘ilgan kuni. Shu munosabat bilan Tarix instituti ma’muriyati va olimlari ustozni qutlash maqsadida uning xonadoniga tashrif buyurdi. Zoya Hamidullayevna o‘zbek xalqi etnografiyasi, madaniyati, milliy qadriyatlarini o‘rganish va keng ommaga targ‘ib qilishga salmoqli hissa qo‘shgan. Jumladan, olima o‘zbek xalqi etnomadaniyati, Toshkent shahri mahallalari tarixi, marosimiy hayoti, an’analariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borgan.
Zoya Orifxonova o‘zbek xalqi elshunosligida ko‘plab shogirdlar tayyorlab, o‘ziga xos maktab yaratgan olima. U tomonidan 10 ga yaqin fan doktorlari va nomzodlarini tayyorlagan. Olima tomonidan yaratilgan ilmiy asarlar, maqolalar haligacha o‘zining dolzarbligi va qiymati bilam muhim adabiyotlar qatorida turadi. Shuningdek, uning yaratgan maktabi vakillari olima izlanishlarini munosib davom ettirib kelmoqda.
Tarix instituti rahbari va jamoasi Zoya Hamidullayevnani muborak 90 yoshi bilan chin yurakdan qutlab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik va ijodiy yutuqlar tilab qoladi!