2021-yil 2-avgust kuni O‘zbekiston tarixi fani og‘ir judolikka uchradi. Taniqli olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Dono Hamidovna Ziyayeva vafot etdi. Tarix instituti jamoasi Dono Hamidovaning farzandlari, oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Dono Hamidovna Ziyayeva 1961-yil 12-avgustda Toshkent shahrida, tarixchi olim Hamid Ziyoyev oilasida tug‘ilgan. 1978–1983-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1983–1985-yillarda O‘zR FA Tarix institutida kichik ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 1986–1991-yillar oralig‘ida TDPUning aspirantura bo‘limida tahsil olgan va o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1991-yildan 1994-yilga qadar Toshkent davlat agrar universitetida ishlagan.
Olimaning asosiy mehnat faoliyati Tarix instituti bilan bog‘liq. Jumladan, u 1995–1998-yillarda O‘zR FA Tarix instituti doktorantura bo‘limida tahsil olgan. 1998–2020-yillarda Tarix institutida bo‘lim mudiri, 2000–2005-yillarda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2020-yil 1-iyuldan “O‘zbekistonning yangi davr tarixi” bo‘limi bosh ilmiy xodimi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Dono Ziyayeva “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqotlar usullari” ixtisosligi bo‘yicha 1990-yilda “Turkistonda xalq harakatlari tarixshunosligi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)” mavzusida nomzodlik, 1999-yilda “Turkiston milliy ozodlik harakati XX asr tarixshunosligida (1916–1924-yillar)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Dono Ziyayevaning bevosita boshchiligida O‘zbekistonning XIX – XX asrlar tarixi, tarixshunosligi va manbashunosligi bo‘yicha ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilgan. Olima rahbarligida Tarix institutida o‘nlab fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar amalga oshirilgan. Loyihalar natijasida uning ma’sul muharrirligi ostida va ishtirokida o‘nlab monografiyalar chop etilgan, o‘quv qo‘llanmalari va muzey ekspozitsiyalari tayyorlanib, amaliyotga tadbiq etilgan.
Dono Hamidovna tarix sohasida o‘ziga xos maktab yaratish bilan birga ko‘p qirrali tadqiqotlarga asos solgan olima hisoblanadi. Olimaning tadqiqotlarida asosan O‘zbekiston tarixining turli tarixiy bosqichlarida sodir bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar qamrab olingan. Jumladan, uning dastlabki ilmiy tadqiqotlari natijasi sifatida nashr etilgan “Turkistonda milliy ozodlik harakatlari tarixshunosligi” nomli monografiyada mamlakatimiz hududida mustamlaka tuzumi va sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan kurashlar tarixiga bag‘ishlangan mahalliy hamda xorijiy asarlar tahlil qilingan.
Dono Ziyayevaning mas’ul muharrirligi ostida chop etilgan “O‘zbekistonda harbiy ish tarixi: eng qadimdan hozirgacha” nomli monografiyada vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardagi mudofaa inshootlari, qurol-yarog‘lar, qo‘shin tuzilishi va ta’minoti, harbiy siyosat va taktika, Amir Temur olib borgan harbiy siyosat, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda milliy qo’shin – qurolli kuchlarga asos solinishi, harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar va ijtimoiy siyosat masalalari yoritilgan.
Uning rahbarligida yaratilgan “O‘zbekistonda tadbirkorlikning shakllanish va rivojlanish tarixi: eng qadimdan hozirgacha” mavzusidagi monografiya hamda ilmiy to‘plam O‘zbekistonda va Rossiyada nashr etilgan. Mazkur kitoblarda vatanimiz hududida ishlab chiqarish va savdo-sotiq borasidagi tarixiy tajriba, mahalliy tadbirkorlikning rivojlanish omillari, O‘zbekistonda mustaqillik davrida bu boradagi davlat siyosati hamda uning huquqiy asoslari yoritib berilgan.
Tarix institutida Dono Hamidovna rahbarligida O‘zbekiston shaharlarining eng qadimdan to hozirgacha bo‘lgan davr tarixiga bag‘ishlangan 8 jildlik monografiya nashr qilindi. Ushbu kitoblarda vatanimiz hududida shahar madaniyatining shakllanishi, shaharsozlik, shaharlarning iqtisodiy, madaniy, siyosiy markaz sifatidagi roli, mustamlaka va sovet davridagi shaharsozlik siyosati, sanoat shaharlari tarixi, mustaqillik yillarida O‘zbekiston shaharlarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va qurilish ishlari, shahar madaniyati va infrastrukturasi taraqqiyoti, zamonaviy shaharlar klassifikatsiyasi va tipologiyasi, maxsus va erkin iqtisodiy xududlarning tashkil etilishi kabi masalalar o‘z aksini topgan.
Olima o‘z ilmiy faoliyatida O‘zbekistonning mustamlaka davri tarixiga alohida e’tibor qaratdi. Uning rahbarligida yaratilgan “O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi (1865–1917-yillar)” hamda “O‘zbekistonning mustamlaka davr tarixi (1865–1917-yillar)” monografiyasi yangicha konseptual va nazariy yondoshuvlarga asoslanilgan fundamental tadqiqotlardir. Mazkur tadqiqotlarda O‘zbekiston hududida mustamlaka tuzumi sharoitida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda kechgan ziddiyatli jarayonlar, mustamlaka tuzumi mohiyati va asoratlari boy tarixiy faktlar tahlili asosida keng va chuqur yoritib berildi.
So‘nggi yillarda Dono Ziyayeva XIX – XX asr boshlarida o‘zbek xalqining intellektual merosi masalalarini o‘rganish borasida keng ko‘lamli tadqiqotlarga boshchilik qildi. Ushbu fundamental loyiha doirasida ikki jildli bibliografik to‘plam hamda ikki jildli monografiyalar nashrdan chiqdi.
Dono Ziyayeva o‘ziga xos va katta ilmiy maktab yaratgan olimadir. U O‘zbekistonning XIX – XX asrlar tarixi va tarixshunosligi, xususan, vatanimiz tarixiga oid xorijiy tarixshunoslik (ingliz, nemis, fransuz, turk, koreys tillaridagi tadqiqotlar) tahlili, tarixiy manbashunoslik (arxiv manbashunosligi va davriy matbuot), tarixiy va zamonaviy shahar madaniyati, ilm-fan va intellektual meros tarixi, qatag‘on siyosati, tashqi aloqalar, vaqf mulkchiligi, savdo yo‘llari va munosabatlari, sud tarixi kabi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash ishlariga boshchilik qilgan.
Bugungi kunga qadar uning ilmiy rahbarligida jami 30 ta nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari (4 tasi fan doktorlari himoya qilindi. Ular orasida respublika OO‘YU o‘qituvchilari, FA Tarix instituti xodimlari bilan bir qatorda Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlaridan kelgan izlanuvchilar bor. Hozir paytda Dono Ziyayevaning 10 dan ortiq shogirdlari ilmiy tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Olima xalqaro ilmiy aloqalarda ham faol ishtirok etib kelgan. Jumladan, 2004–2007-yillarda amalga oshirilgan AQSH davlat departamentining “Qiyosiy dinshunoslik” mavzusidagi xalqaro loyihasi doirasida Vashington universitetida O‘zbekiston tarixidan ma’ruzalar o‘qigan. 2018-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahridagi Shanxay Pedagogika universitetining (Shanghai Normal University) faxriy professori unvoniga ega bo‘ldi.
Dono Ziyayeva “Qatag‘on qurbonlari”, “O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi”, “Qurolli kuchlar tarixi” va boshqa ko‘plab muzeylar uchun konsepsiya, ekspozitsiya, videorolik, multimediyalar yaratish, Termiz DU tarix fakulteti o‘quv xonalariga ko‘rgazmali o‘quv materiallari tayyorlashda faol ishtirok etdi, tarix darsliklarini ekspertizadan o‘tkazish, yangilarini tayyorlash, ularni davr talablari darajasiga ko‘tarishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Dono Hamidovnaning ilmiy faoliyati serqirradir. Olima 2000 yildan Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida tarix fani bo‘yicha Ilmiy kengashlar a’zosi, 2010-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi Ekspert kengashi eksperti bo‘lib ish olib bordi. 2002 yildan O‘zbekiston Milliy universiteti professori sifatida magistraturada ta’lim berish jarayonida, “Jahon tarixi” va “Manbashunoslik” darsliklarni tayyorlashda muallif sifatida ishtirok etgan.
Dono Ziyayeva O‘zbekiston tarixining dolzarb masalalarini yoritishga o‘zning yuksak hissasini qo‘shgan, o‘z ilmiy maktabini shakllantirgan ustoz olimalardan biri, ilm-fanning haqiqiy jonkuyari, samimiy va bag‘rikeng inson edi. Uning irodasi, halolligi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi yoshlar uchun katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir. Olimaning yorqin xotirasi xamkasblari va shogirdlari xotirasida doimo saqlanib qoladi.
Tarix instituti jamoasi