2023-yil 8-iyul sanasida Tarix instituti direktori Azamat Ziyo kutilayotgan prezident saylovida kuzatuvchi bo‘lib kelgan ispaniyalik tarixchi olim, Madrid avtonom universiteti professori Xesus Fuensantani qabul qildi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan ushbu uchrashuvda dastlab ikki tomon tanishib, muassasalarda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar bo‘yicha ma’lumot almashdi.
Institutimiz direktori ikki tomonlama ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish tomonlar uchun manfaatli bo‘lishi, bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor haqida mehmonni xabardor qilib, Turkiston tarixiga oid Ispaniya va Italiya arxivlarida, kutubxonalarida saqlanayotgan asar hamda hujjatlarni aniqlash, ulardan foydalanishda hamkorlik qilish bo‘yicha ishlar olib borish zarurligiga urg‘u berdi. Shuningdek, uchrashuvda lotin tilini biladigan tarixchi mutaxassislarni tayyorlashda Ispaniya universitetlari, til markazlari bilan hamkorlik qilish institut va O‘zbekiston tarixi uchun muhim ekanligi ta’kidlandi.
Xususan, ikki tomon o‘rtasida kelishuv bitimini imzolash, unda yuqoridagi masalalar bilan bir qatorda, turli ilmiy tadbirlar tashkil etish, almanishuv dasturlarini joriy etish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida bandlar kiritish taklif etildi. Uchrashuv so‘ngida Xesus Fuensantaga O‘zbekiston tarixiga oid manbalar asosida maqola tayyorlash, ularni “O‘zbekiston tarixi” jurnalida chop etish, institutga ilmiy safar bilan kelish taklif qilindi. Uchrashuvda Xesus Fuensanta o‘z minnatdorchiligini bildirib, bildirilgan takliflar barchasi o‘rinli va dolzarbligiga e’tibor qaratdi.