2023-yil 29-may kuni Marg‘ilon shahrida “O‘rta asrlarda Marg‘ilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” ellararo ilmiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Anjuman “Hunarmandlar uyushmasi” va Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etildi. Ilmiy yig‘inda Respublikamizning ko‘zga ko‘ringan olimlari va Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi hamda Italiyadan soha mutaxasislari tarixchi olimlar, san’atshunoslar, arxeologlar, elshunoslar va hunarmandlar ishtirok etishdi. Bundan tashqari yig‘inda turli muassasalardan tinglovchilar va izlanuvchilar hamda talabalar qatnashdilar. Jonli va masofadan olib borilgan ilmiy yig‘in so‘ngida o‘zbek milliy hunarmandchiligining tarixiy ildizlari arxeologik topilmalar asosida, elshunoslik, qadimshunoslik va asosan o‘rta asrlar davrida Marg‘ilon ipagining xalqaro bozordagi o‘rni, elchilik aloqalarida qay yo‘sinda foydalanilganligi, ishlab chiqargan hunarmandlar, ipak matolardagi bezak hamda ramzlarning madaniyatimizdagi ahamiyati va bugungi kun sharoitida qanday ishlar olib borilayotganligi bo‘yicha ilmiy xulosalar aytildi. Yig‘in so‘nggida ma’ruzachilarga ishtirokchilardan turli savollar berildi va jarayon qizg‘in muhokalarga boy tarzda kechdi, savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Shuningdek institut xodimlari Rishton kulolchiligi markazida ham bo‘lib qaytishdi. Anjuman so‘nggida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va hunarmadchilik tarixiga oid turli loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.