2023-yil 26-may kuni Toshkent tibbiyot akademiyasida “Tibbiy oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy fanlarni o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu ilmiy yig‘inda Tarix instituti direktori t.f.d., professor Azamat Ziyo va direktor o‘rinbosari t.f.f.d. (PhD), Dilnoza Jamolovalar ishtirok etdilar. Anjumanda ijtimoiy fanlar xususan, tarix fani o‘qitilishi tibbiyot xodimlari shakllanishidagi ahamiyati va zaruriyati to‘g‘risida mulohazalar bildirildi.
Anjumanda so‘z olgan Institutimiz direktori tarix fanining shaxs va mutaxassis tarbiyasi hamda tayyorlashdagi o‘rni to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi. Ayniqsa, millat tarixi bugungi kun kishisi o‘zligini anglashi va ajdodlarimizning boy merosini anglash hamda targ‘ib etishda hal etuvchi jihat ekanligini alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, so‘nggi yillardagi tarixiy tadqiqotlar ko‘lamining kengayishi va tibbiyot tarixi tarmoq sohalar bo‘yicha yanada chuqurlashib borayotganini hamda bu jarayon zamonaviy davr talabi ekanini qayd etib o‘tdi.
Anjumanda qatnashgan Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), yetakchi ilmiy xodim Dilnoza Jamolova “Tibbiyot oliygohlarida O‘zbekiston tarixi fanini oq‘itishning zarurati va ahamiyati” mavzusida chiqish qildi. Dilnoza Jamolova o‘z chiqishida tibbiyot oliygohlarida tarix fani o‘qitilishining holati, yutuqlari va kamchiliklari xususida mulohazalarni bildirdi. Shunigdek, o‘zbek ta’lim tarixida tibbiyot fanlari o‘qitilishiga oid jadidlarning qarashlari va takliflarini keltirib o‘tdi. Anjuman qiziqarli savollar va javoblarga boy tarzda o‘tdi. Tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib olindi.