Amerikalik antropolog – Nazif Shahroniy Tarix institutida

2021-yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida navbatdagi masofaviy ilmiy yig‘in bo‘lib o‘tdi. Unda Indiana universiteti (AQSH) professori, taniqli antropolog olim Nazif Shahroniy “XXI asrda antropologiya” mavzusida ma’ruza qildi.

Yig‘inni Tarix instituti “Etnologiya va antropologiya” markazi boshlig‘i, professor Adhamjon Ashirov olib bordi. Dastlab Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo so‘z olib, so‘nggi yillarda davlat va jamiyat hayotining barcha yo‘nalishini tubdan yangilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, ilm-fan sohasida ham qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Azamat Ziyo mamlakatda ijtimoiy fanlar tizimida olib borilgan islohotlar haqida ma’lumot berish asnosida Tarix instituti tarkibidagi “Etnologiya va antropologiya” bo‘limi markaz sifatida yangidan tashkil etilganligiga alohida urg‘u berib o‘tdi. Shuningdek, sohadagi o‘zgarishlardan biri sifatida nafaqat G‘arb, shu bilan birga Sharq tillarini ham puxta o‘zlashtirgan yosh mutaxassislarni institut jamoasiga jalb etilayotganligini qayd etdi. Institut rahbariyati yoshlarni xorijdagi nufuzli tadqiqot markazlarida tajriba o‘tashi hamda taniqli olimlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni institut jamoasi oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadlardan biri ekanligi ta’kidlandi.

So‘ngra so‘z Nazif Shahroniy janoblariga berildi. Amerikalik olim o‘z ma’ruzasida antropologiya fanining tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida to‘xtalib, XXI asrda mazkur fanning turli ijtimoy fanlar taraqqiyotida tutgan o‘rni borasida fikr bildirdi, shuningdek, antropologiyaning jamiyat taraqqiyoti va davlat siyosatida tutgan o‘rni borasida qiziqari ma’lumotlarni taqdim qildi. Ijtimoiy va madaniy antropologiyaning o‘zaro farqli va umumiy jihatlari haqida ma’lumot berdi.  Zamonaviy antropologiyaning amaliy tadqiqot usullari haqida fikr bildirar ekan, olim o‘zi olib borgan ilmiy tadqiqotlarida keng qo‘llangan sinxron va diaxron tadqiqot usullari, ularning umumiy va o‘ziga xos jihatlari borasida ham ma’lumot berib o‘tdi.

Asli afg‘onistonlik millatdoshimiz bo‘lgan Nazif Shahroniy o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz berayotgan voqelikning Afg‘oniston bilan tutash nuqtalari hamda mintaqada xavfsizlik masalalari borasida ham to‘xtalib o‘tdi. Olim “xavfsizlik” tushunchasining majoziy va ilmiy ta’riflarini tarixiy voqealar bilan hamohang tadqiq etish hamda masalani antropologiya fani nuqtai nazaridan o‘rganishning muhimligi borasida o‘z qarashlarini bayon qildi. Yaqinda Toshkent shahrida tashkil qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro yig‘ilish yangi Afg‘oniston davlatining shakllanishi hamda qo‘shni hamdo‘st davlatlarning bu boradagi ko‘magini tizimlashtirish bo‘yicha oldinga tashlangan qadam ekanligini e’tirof etdi.

Ma’ruzadan so‘ng bo‘lib o‘tgan savol-javoblarda F. Maqsudov (Milliy arxeologiya markazi), Q. Yoqubov (Tarix instituti doktoranti), Jahongir Mirzo (Termiz davlat universiteti), X. Jumanazarov (Tarix instituti doktoranti) va boshqa olimlar ishtirok etdi. Ilmiy munozara jarayonida ma’ruzachi tomonidan ijtimoiy va madaniy antropologiyaning umumiy va xususiy jihatlari, davlatlar yoki xalqlarning milliy antropologiya maktablarini yaratish borasidagi qarashlari, tarix va antropologiya (tarixchi va antropolog olim) fanining o‘zaro munosabati, siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy jarayonlarni o‘rganishda antropologiya fanining tutgan o‘rni borasida mulohazalar bildirildi.

Yig‘in so‘nggida institut direktori umumiy xulosa yasab, Nazif Shahroniyga qiziqarli va mazmunli ma’ruzasi uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, kelgusida bu kabi ilmiy muloqotlar hamda o‘zaro hamkorlikning davom ettirish istagini bildirdi.

Etnologiya va antropologiya fani tarixi, tadqiqot usullari hamda amaliy ahamiyatiga oid qimmatli fikr-mulohazalarga boy bo‘lgan mazkur yig‘in Tarix instituti jamoasi, xususan, yosh olimlar uchun o‘ziga xos mahorat darsi vazifasini o‘tadi. Professor Azamat Ziyo ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda tarix va etnologiya fanlarini yangi bosqichga ko‘tirilishida mana shunday uchrashuvlar va ilmiy yig‘inlar muhim ahamiyat kasb etadi”.

 

Xurshid Jumanazarov,

Tarix instituti "Yosh olimlar kengashi raisi",

Tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD).