2022-yilning 8-aprel Tarix institutida kuni buyuk davlat arbobi, ulkan saltanat asoschisi, fan va san'at homiysi bo‘lgan bobomiz - Amir Temur tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Yig‘inda o‘zbekistonlik olimlardan tashqari Turkiya, Eron va boshqa xorijiy mamlakat tadqiqotchilari qatnashdilar. Anjumanni Tarix instituti direktori tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyo olib bordi. Yig‘in Amir Temur shaxsiyati, uning bunyodkorlik ishlari, vorislari, temuriylar davri boshqaruvi, ilm-fani, iqtisodiyoti, huquqshunosligi kabi o‘nlab ilmiy muammolar doirasidagi muhokama hamda munozaralar ostida o‘tdi.
Bundan tashqari, ustozimiz Ashraf Ahmedovning so‘nggi yillarda Amir Temur va temuriylar davri ilm-faniga doir chop etgan to‘plamlari ham ilk bora to‘liq namoiy etildi. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek faoliyati va ijodiy merosining ahamiyati ochib berilgan yangi asarlari taqdim etildi.
Bu kun kitoblarga boy kun sifatida ko‘pchilik ishtirokchilarda katta taasurot qoldirdi. Chunki, ushbu yig‘inda Turkiyalik taniqli olim, yozuvchi Ahmad Shimshirgilning "Amir Temur" kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Taqdimotda kitobning yozilish sabablari, undagi ilgari surilgan fikrlarning dalillari va manbaviy asosi, mazmuni hamda qiymatiga oid qiziqarli ma'lumotlar taqdim etildi. Amir Temur kitobi tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyo tahrirligi asosida chop etilgan va tarixchilar hamda keng kitobxonlar jamoasiga mo‘ljallangan.