Shu yilning 24-iyul kuni "Xalq so'zi" gazetasining 154-sonida Tarix instituti direktori professor Azamat Ziyoning milliy tariximiz taraqqiyoti muammolari va yechimlariga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi. Maqolaning to'liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Uch ming yillik davlatchilik tariximizda salkam besh yil burun boshlangan yangi bosqich — yangi O‘zbekiston voqelikka aylanib bo‘ldi. Sifat jihatidan ushbu tarixiy o‘zgarish Amerika qit’asidan Yapon orollarigacha bo‘lgan ulkan hudud — butun dunyoda tan olingani va olinayotgani ham bor gap. 2018-yili Pokiston hukumati boshqaruviga kelgan Imron Xonning o‘tgan haftada O‘zbekistonda bo‘lishi chog‘ida, biz ham yangi Pokistonni quryapmiz, deya faxrlanishiga qaraganda, milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat va jamiyat turmushining barcha yo‘nalishini tubdan yangilashga qaratilgan g‘oyasi boshqalarga ibrat bo‘lmoqda.
Odatda nima ibrat bo‘la oladi? O‘zini oqlagan, to‘g‘riligi isbotlangan, ko‘pchilik tomonidan tan olingan g‘oya, harakatgina shunday e’tirofga erishishi mumkin.
Chindan ham, so‘nggi yillarda yurtimizda yuz bergan va berayotgan sifat o‘zgarishlarini o‘zimizgina emas, uzoq-yaqindagilarning barchasi ko‘rib turibdi. Shu bilan birga, ularni birinchi bo‘lib tuyayotgan o‘zimiz bo‘lamiz. Negaki, O‘zbekiston — bizning yurtimiz, uning kechagi va bugungi kunlarini solishtirishni bizdan boshqa hech kim xolis eplay olmaydi.
Shu o‘rinda, qandaydir 4-5 yilda tarix fanida sodir bo‘lgan, hech bir mubolag‘asiz, aqlbovar qilmaydigan o‘zgarishlar haqida so‘z aytish ham farz, ham qarzdir, deb hisoblaymiz.
Umrining yigirma sakkiz yili mustamlaka davrida o‘tgan inson va tarixchi olim sifatida kaminada uchta tarixiy bosqichni solishtirish va tahlil etish imkoni bor.
Qaramlik zamoni bugun ko‘pchilikning esidan chiqib qoldi. Bu ham yetmaganidek, uni ulug‘laydiganlar endilikda ham oramizda uchrab turadi. 1985-yili katta umid va jo‘shqinlik bilan FA Sharqshunoslik institutiga borganmiz. Biroq ayrim narsalar hayron qoldirish barobarida, norozilik ham uyg‘otgan. Barcha katta-kichik yig‘ilishlar, hatto faqat to‘rt-besh qorako‘z qatnashgan yig‘in ham rus tilida olib borilardi. Institut ilmiy faoliyati asosiy yo‘nalishlari Moskvada belgilab berilgan. O‘zbek millati, davlati, davlatchiligi deb aytish, yozish olimlarning xayoliga ham kelgan emas. Har qanday ilmiy mavzu kommunistik mafkura nuqtai nazaridan yoritilishi lozim edi.
Mustaqillikka erishgach, boshqa masalalarda bo‘lgani kabi tarix fanimizning taqdirini ham o‘z qo‘limizga oldik. Ilgari mumkin bo‘lmagan qarash, yondashuvlar yuzaga chiqdi. Biroq umuman, ilm-fan tizimida bo‘lgani singari, tarix fani bo‘yicha ham yagona davlat siyosati ishlab chiqilmadi. Kaminaning 1998-yildagi urinishlari, bir qaraganda, samara bergandek ko‘rinsa-da, ammo tez orada bu shunchaki «xo‘jako‘rsin»ga amalga oshirilgani ayonlashib qoldi.
Tarixiy shaxslarimiz, ayniqsa, o‘zbek ayollarining xizmatlarini targ‘ib etish maqsadida bitilib, 2001-yil boshlarida "Fidokor" gazetasida e’lon qilingan "Saroymulkxonim" maqolamiz uchun "Azamatning qiladigan boshqa ishi yo‘qmi?" dakkisining sababini o‘sha payt tushunmagandik. Biroq Tarix instituti Milliy universitet tarkibiga qo‘shib yuborilishi munosabati bilan 2016-yilning o‘rtalarida mazkur ta’lim muassasasi hududiga ko‘chib borganida ro‘y bergan mana bu voqea har qanday vijdonli kishi yuragini larzaga solmay qo‘ymaydi: bino dahlizi devorlariga jadid bobolarimiz — Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Ibrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va boshqalarning suratlari o‘rnatilayotgan paytda kelib qolgan juda yuqori martabali amaldor "Yo‘qot bularingni", deganiga bugun birov ishonadi, birov esa yo‘q.
Qanchadan-qancha olimlar bola-chaqamni boqaman deb, shunday kasbini tashlab ko‘chaga chiqib ketgani-chi?! Kimdir kirakashlik qildi, kimdir savdo-sotiq, yana kimdir Rossiyaga jo‘nadi... Ta’lim, ayniqsa, uning oliy bosqichi harom-xarish botqog‘iga botib ketganini aytmasa ham bo‘ladi... Shu yo‘sinda, umuman, ilm-fan, xususan, uning tarix kabi o‘ta muhim sohasini o‘ldirdik-qo‘ydik. Ushbu achchiq haqiqat 1997-yili Fanlar akademiyasi tizimini tark etib, oradan yigirma ikki yil o‘tgach Tarix instituti direktori sifatida yana mazkur katta tizimga qaytib, institut, umuman, tarix fani sohasidagi ahvolning ichiga kirib borganimiz sayin to‘la-to‘kis o‘zini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan bir muhim omil ham ko‘zga tashlanayotganini urg‘ulagan bo‘lardik. Boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani singari keyingi yillarda tarix fanida ham uyg‘onish, jonlanish yuz beribgina qolmay, chindan ham yangilanish jarayoni ildam kechmoqda. Ahvol juda og‘ir bo‘lganiga qaramay, yildan-yilga yaqqollashib borayotgan keskin sifat o‘zgarishlari sabablari nimada?
Birinchidan, har qanday zamon va xalq uchun eng birlamchi zarurat — umum-erkinlikning ilk bor jamiyatimiz turmushiga yoppasiga kirib kelishi va kundan-kunga chuqur ildiz otib borayotganidadir. Shavkat Mirziyoyevning tarixiy shaxs sifatida millatimiz oldidagi eng ulug‘ va bosh xizmati xuddi shu tarixiy yutug‘imiz bilan bog‘liq, desak, barcha qo‘llab-quvvatlaydi. Negaki, erkinliksiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Buning isboti uchun yaqin, o‘rta va uzoq o‘tmishimizdagi hayotimizdan yetarlicha dalillar topish mumkin.
Ikkinchidan, nihoyat, millat omili og‘izda emas, amalda yuzaga chiqdi. Atigi o‘n yillar burun til, adabiyot, tarix, madaniyatni o‘zbek millati bilan bog‘lash, "37-yillar"chalik bo‘lmasa-da, o‘shanga yaqinroq darajada "millatchilik"da ayblanib qolishga sabab bo‘lganiga shaxsan guvohmiz (2013-yili milliy madaniy merosimiz qonunchiligiga kiritilayotgan mantiqsiz o‘zgartirishlarga qarshi chiqilganda, "xalq dushmani" tamg‘asini qo‘yish bilan qo‘rqitishlar hali esdan chiqqani yo‘q).
Uchinchidan, nihoyat, mustaqil davlatning ilm-fandek o‘ta hayotiy va hal qiluvchi sohada o‘z davlat siyosati paydo bo‘ldi. 2019-yili, ya’ni Istiqlolning yigirma sakkizinchi yiliga kelibgina, tarixda ilk bor "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida"gi Qonun dunyo yuzini ko‘rdi, shuningdek, ilm-fan tizimining eng asosiy muammolari bo‘yicha qator Farmon va qarorlari qabul qilindi. "Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Farmon milliy ilm-fan tizimini zamon talablariga ko‘ra rivojlantirishda katta voqea sanaladi. Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarining belgilab olinishi esa har qanday davlat va jamiyat uchun hayot-mamot sanalmish tarmoq oqilona boshqarila boshlaganini tasdiqlab berdi.
To‘rtinchidan, ilm-fan muassasalarining moddiy asosini tubdan yaxshilashga jiddiy e’tibor berilayotganini urg‘ulash lozim. O‘n yillar ichra qarovsiz yotgan, to‘kilib tushgan binolar tiklanmoqda, yangilari qurilmoqda, asbob-uskunalar, ashyolar sotib olinmoqda.
Mustaqillik yillarida ilk bor yosh olimlarga tekinga va imtiyozli ravishda uylar ajratilgani kechagina birovning tushiga ham kirgan emas.
Eng muhimi, uch-to‘rt yil ichida ilmiy xodimlar oylik maoshi kamida uch marta oshirildi. Kecha magistraturani bitirib, bugun Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalaridan biriga stajer-tadqiqotchilikka qabul qilingan yosh yigit-qizlar oyligi 3,5 million so‘m, kichik ilmiy xodimniki esa 4,3 million so‘mga teng. 2017-yili 1,2 million so‘m stipendiya olgan tayanch doktorant (oldingi aspirant) endi 4 million so‘m, 1,6 million so‘m olgan doktorant 5,1 million so‘mlik daromadga ega. Mazkur keskin — uch martadan ko‘p, ijobiy o‘zgarish o‘laroq so‘nggi yillarda ilmga intilayotgan yoshlarning soni oshib bormoqda, direktor uchun esa bu — baxt! Negaki, mutaxassislarni chertib-chertib ishga olish imkoni tug‘ilmoqda.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilmiy faoliyat davlat xazinasidan moliyalashtirila boshlangani, bundan tashqari, davlat ilmiy dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish ham saqlanib qolgani, ilm-fan va ta’limning uzviyligini ta’minlash maqsadida olimlarning oliy o‘quv yurtlarida dars berishlari rag‘batlantirilishi, ilmiy darajasi borlarga qo‘shimcha 30 va 60 foizlik ustama haqi belgilangani ilm ahlining moddiy ahvolini tarixda hech qachon bo‘lmagan darajada yuksaltirib yubordi. Eng muhimi, mazkur to‘rt asosiy manba barchaga barobar qoidasiga ko‘ra emas, balki o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan, tarixchilik milliy maktabi taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shayotgan, yoshlarni tarixiy tafakkur bilan qurollantirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan, kasbi va millatiga sadoqatli olimlar uchun ochiqdir. Bunday kasbdoshlarimizning soni esa ko‘payib bormoqda. Masalan, bizning institutimizda fan doktorlari orasida tilga olingan barcha manbalar hisobidan oyligi 22 million so‘mga etadigani ham bor.
2020-yili "tojli og‘u" avjiga chiqishi munosabati bilan tug‘ilgan iqtisodiy qiyinchiliklar, jumladan, davlat xazinasi daromadlari kamayishi sharoitida ham milliy yetakchimiz ilm-fanga mo‘ljallangan mablag‘dan bir tiyin ham kesilmasligini qattiq tayinlaganlari esa o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida yana ilm-fan asri tiklangani, uchinchi Uyg‘onish bosqichi shunchaki shior emasligining tasdig‘iligini tushungan tushunadi, tushunmagan hech qachon tushunmaydi.
Beshinchidan, o‘zbek millati yutuqlari bilan bog‘liq bo‘lgan, kishilik tarixidagi birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davrlari aynan o‘sha kezlarda ulug‘ iste’dodlarning borligi bilangina emas, balki davlat arboblarimizning ilm-fan, madaniyatga bo‘lgan rag‘batlariga ham bog‘liq bo‘lgandir. Boshqacha aytganda, davlatimiz, hukumatimiz, viloyat va shaharlarimiz boshliqlari ilm, madaniyat va ma’rifatda kuchli va serqirra bo‘lgan paytlarda, biz yuksalganmiz. Bilim qadrlanmay, olimlar yerga urilganida esa qoloqlikka, turg‘unlikka yuztuban bo‘lingani ham haqiqatdir.
Shu o‘rinda, ilm-fan rivojida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning bilim va ilm-fan mohiyatini, ularning kishilik va millat, shaxs yuksalishidagi ahamiyatini chuqur anglash fazilati o‘zbekning endigi va kelajak avlodlarining yutug‘idir, desak, oshirib yubormagan bo‘lamiz. Milliy yetakchimiz qaysi soha va masala bo‘lmasin, tibbiyot yoki qurilish, xizmat ko‘rsatish yoki dehqonchilik, ishlab chiqarish yoki ta’lim, harbiy soha yoki tashqi siyosat, barchasi va har birining zamiri va yutug‘ida ilm borligi va bo‘lishini ta’kidlaydilar, ularni rivojlantirishni kechagi emas, balki eng oldi ilm bilan yo‘lga qo‘yishni talab qiladilar.
Demak, yangi O‘zbekiston g‘oyasi va jarayonining o‘zi ilmdir. Bunga hech bir shubha yo‘q. Negaki, ilmning birinchi talabi yangilik yaratishdir.
Oltinchidan, davlatimiz boshlig‘i har bir chiqishi va tadbirda ulug‘ ajdodlarimiz, boy va qadim tariximizni tilga oladi. Buyuk o‘tmishimiz bilan g‘ururlanish tuyg‘usini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazish ishiga tinimsiz urg‘u berib kelmoqda.
SHu yilning yanvar oyida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida Prezidentimiz masalani ko‘ndalang qo‘ydi: "Milliy tarixni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga milliy ruhda yetkazish, ularning qalbiga, shuuriga singdirish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur. Buning uchun, avvalo, O‘zbekistonda tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishimiz lozim. Tarix institutini bu fanni rivojlantirish bo‘yicha «tayanch ilmiy muassasa» etib belgilash zarur".
Adolat yuzasidan aytganda, tarix fani yuqorida tilga olingan omillar sharoitida yashamoqda va bu biz — tarixchilarning baxti! Tarixchi olim uchun erkinlik, millat qayg‘usi ustuvor sharoitda yashash va ishlash, davlat va jamiyat e’tibori, ayniqsa, millat yetakchisining uzluksiz qo‘llovidan boshqa yana nima kerak?! Bundan buyog‘iga faqat bir narsa talab qilinadi, xolos: ishonchni oqlash! Butun borlig‘imizni berib bo‘lsada, ushbu yuksak ishonchni oqlaymiz ham.
Azamat ZIYO,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zFA Tarix instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor