Tarix instituti bosh ilmiy xodimi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

   2023-yilning 22-fevral kuni “Turon” kutubxonasida OʻzR FA Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov yozgan va u haqida yozilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda Oʻzbekiston tarixchilari bilan birgalikda xorijiy mamlakatlardan olimlar ishtirok etdi. Bundan tashqari, Abdulla Qodiriy ijod maktabi oʻquvchilari ham tadbirda qatnashdilar.

   “Fan” nashriyotida oʻtgan yili olimning 8 ta kitobi: “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati va mohiyati (1918–1935)”, “Oʻzbekiston SSRda sovet rejimining qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1917–1991)”, “Ibrohimbek qoʻrboshi va safdoshlari jasorati”, “Ibrohimbek qoʻrboshi”, “Turkiston qoʻrboshilari”, “Turkistonda sovet hokimiyatining iqtisodiy siyosati va ocharchilik dahshatlari (1917–1924)”, “Oʻzbekiston SSRda sovet davlatining yemirilishi hamda qayta qurish siyosatining tanazzuli (1985–1991)”, “Turkiston tarixida oʻtgan 55 buyuk siymo (davlat arboblari)” asari chop etildi. Xar bir kitobning mazmuni va mohiyati xususida fikrlar va mulohazalar bildirildi.

   Tadbir soʻnggida chop etilgan kitoblar toʻplamidan "Turon" kutubxonasi va Abdulla Qodiriy ijod maktabiga muallif tomonidan taqdim etildi.