Shu kunlarda Tarix instituti direktori professor Azamat Ziyo va “Etnologiya va antropologiya” markazi boshligʻi professor Adham Ashirov Yevropa ittifoqining "Erasmus Plus International Dimension" loyihasi doirasida Luven katolik universitetida (Belgiya) ilmiy safarda boʻlib turibdi. 15-dekabr kuni Luven universiteti “Amaliy antropologiya” laboratoriyasida institutimiz xodimlari ilmiy maʼruzalar oʻqidi.
Professor Azamat Ziyo “Oʻzbekiston tarixining dolzarb muammolari” mavzusida ma'ruza oʻqidi. Ma'ruza davomida mintaqa tarixi yuzasidan qimmatli ma'lumotlar ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi. Shuningdek, tinglovchilarga Oʻzbekistondagi zamonaviy jarayonlar hususida keng tushunchalar berildi.
Professor Adham Ashirov “Oʻzbeklar turmush tarzida islom dini va diniy anʼanalar” mavzusida chiqish qildi. Soʻnggi yillardagi diniy koʻnikmalar takomillashishi va mustamlaka davrida ta'qiq qoʻyilgan diniy savodxonlikni oshirish masalalari alohida ta'kidlab oʻtildi. Har ikki ma'ruza qizgʻin bahs-munozaralar asosida boʻlib oʻtdi. Qatnashuvchilar tomonidan berilgan savollarga javob berildi. Ilmiy safar jarayonida Tarix instituti va Luven katolik universitetini kelgusidagi ilmiy tadqiqot rejalari muhokama qilindi. Bir qator kelishuvlar amalga oshirildi.